Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Yupp xaynkes: «Hordiq va oilaviy oromga chanqoqman»

Yupp xaynkes: «Hordiq va oilaviy oromga chanqoqman»

Baho:
+ | -

Nafaqat Germaniya, balki butun futbol olamida katta nufuzga ega tajribali mutaxassis Yupp Xaynkes aslida faoliyatiga ancha oldin nuqta qo‘ygandi. Biroq «Bavariya»da yuzaga kelgan og‘ir holat 2017 yilning 9 oktyabrida uni 4-marta jamoaga qaytardi.

Shu tariqa yeng shimarib ishga kirishgan qariya murabbiy myunxenliklarni 41 marta maydonga olib tushdi. «Bavariya» bu o‘yinlarda atigi 4 bora mag‘lubiyatga uchradi.

Asosiysi, Xaynkes boshqaruv tizginini qo‘lga olgan pallada jamoa Bundesliga turnir jadvalida Dortmund «Borussiya»sidan 5 ochko ortda qolayotgandi.

Yakunda esa muddatidan ancha oldin chempionlikni rasmiylashtirdi, CHLda yarim finalga yetib bordi. Kelasi hafta esa «Bavariya» qariya ustoziga so‘nggi sovrin - Germaniya kubogini hadya etishi mumkin.

- Gerr Xaynkes, jamoangizni Bundesliga chempionlik taxtiga yetakladingiz,  Germaniya kubogi finaliga olib chiqdingiz, CHLda esa yarim finalga qadar  keldinglar. Aytingchi, «Bavariya»ni qaytadan qabul qilgan vaqt shunday bo‘lishini o‘ylaganmidingiz?

- Yo‘q, o‘sha payt chempionlikni ham, mamlakat kubogi yoki CHLni ham xayolimga keltirmagandim. Zero, avvalo, jamoani oyoqqa turg‘azish, buning uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida bosh qotirdim. Jumladan, mashg‘ulotlar jarayonini tashkil etish tizimi ancha o‘ylantirdi.

Aksiga olib, shu orada Tomas Myuller va Frank Riberi safdan chiqishdi, vaziyat yanada og‘irlashdi. Oktyabr oxirida kubok doirasida «Leypsig» bilan uchrashib, zo‘rg‘a g‘alaba qozondik - Sven Ulrayx penaltilar seriyasida oxirgi zarbani to‘sib, jonimizga oro bo‘ldi. Menimcha, o‘sha muvaffaqiyat burilish nuqtasiga aylandi.

- Ha, vaziyat o‘ta murakkab edi, shunga qaramay, qisqa vaqt ichida «Bavariya»ni to‘g‘ri yo‘nalishga burdingiz. Balki muvaffaqiyat sirini oshkor etarsiz?

- Ochig‘i, anchayin mushkul vazifani uddaladik. Peter Xermann va Xerman Gerland kabi yordamchilar bilan hammasini boshdan-oyoq o‘zgartirdik, o‘z falsafamiz, uslubimizni joriy etdik. Oktyabrdagi «Bavariya» va yaqinda «Bernabeu»da o‘ynagan «Bavariya» o‘rtasida kattagina tafovut bor.

Deylik, Bastian Shvaynshtayger bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlarni ilk marta ko‘rganini e’tirof etdi. Umuman, shu mazmundagi fikrlar ko‘p yangradi, maktublar oldik. Ajoyib yuksalish - futbolchilar, murabbiylar va klub xizmatchilarining umumiy yutuqlari.

- Dastlabki ish kuni eski-yangi shogirdlaringizga aynan nimalar deganingiz esingizdami?

- Futbolchilar terma jamoalari yig‘inlaridan alohida-alohida qaytishayotgandi. Shu bois, Zeberner-shtrasseda 3 bora nutq so‘zlashimga to‘g‘ri keldi (kuladi). Tabiiyki, hammaga chinakamiga ter to‘kish uchun kelganimni ta’kidladim.

O‘sha kunlar Useyn Boltning biografik filmini tomosha qilgandim. Futbolchilarga mashhur yulduzning yuksak g‘alabalardan keyin bildirgan fikrlarini takrorladim: «Yaratgan menga buyuk iqtidor berganligini inkor etmayman, buning uchun bir umr hamd yo‘llayman. Lekin ahil jamoam ko‘magisiz hech qachon bunday cho‘qqilarni zabt etolmasdim!»

Bu hikmatning ahamiyati yengil atletikadan ko‘ra, futbolda bir necha baravar zalvorliroqdir. Jamoaviy g‘olibona ruhiyat, o‘zaro ahillik va uyushqoqlikka erishmasdan zafar quchishning iloji yo‘q.

Hattoki, eng sara yulduzlarni xarid qilish orqali ham CHL kubogini qo‘lga kiritish amri-mahol. Cho‘qqini faqat birdam jamoa zabt etadi!

- Qadrdon jamoangiz bilan nav-batdagi xayrlashuvga qanday hozirlanyapsiz? Har holda, 2013 yildagi kabi kuchli hayajonga tushmasangiz kerak. Axir faoliyatingizga ikkinchi marta xotima yasayapsiz.

- Darhaqiqat, shogirdlarim va murabbiylar shtabi bilan xayrlashish oson emas. Zebenershtrassega sog‘-salomat tashrif buyurishning o‘zi har kun olam-olam quvonch bag‘ishlaydi.

Bazada ajoyib muhit hukmron. Biroq vaziyatga xolis baho berish kerak - jismoniy quvvatim cheksiz emasligini yaxshi tushunaman. Endi meni boshqa bir ezgu maqsad ohanrabodek o‘ziga tortmoqda: nihoyat, oila a’zolarim davrasida hayotdan xotirjam lazzat olaman!

- Aytingchi, vorisingiz - Niko Kovachga qanday jamoani meros qoldiryapsiz?

- Madrid va Leverkuzendagi (Germaniya kubogi) yarim finallar «Bavariya»ning ayni holatini to‘liq ko‘rsatib berdi. O‘rindoshim jamoani mohirona boshqarish barobarida yosh iqtidorlarga yetarli e’tibor qaratsa, bas.

- Oxirgi savol: sokin hayotga qay-tishni qanday tasavvur qilyapsiz?

- Uyda mehribon rafiqam, yaqinlarim, suyukli jonivorlarim bilan diydor ko‘rishaman. Boshimni turli tashvishlardan xalos etib, kitob o‘qiyman, sport bilan shug‘ullanaman. Yana qadrdon og‘aynilarim bilan chaqchaqlashish imkoniyati bor.

Qisqasi, mas’uliyat yukini bir chetga uloqtirib, beg‘am muxlis maqomini olaman. Demak, rostakamiga hordiq chiqarish imkoni vujudga keladi. Yo‘q, Myunxendagi 8 oylik umrimga «qonli hayot» ta’rifini berolmayman.

Ammo mehmonxonada barcha sharoitlar muhayyo qilingan bo‘lsada, kechqurunlari horg‘inlikni sezardim. Mana, yana sokinlik qo‘yniga qaytaman. Zero, xotirjam hordiq chiqarib, oilaviy orom, baxtni tuyishga chanqoqman!

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:12, 19.05.2018.
O'qildi: 2874 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.