Professional boksning yarim o‘rta vazn toifasida ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosov hamda angliyalik Jek Katteral ushbu jangdan qancha ishlab topgani ma’lum bo‘ldi.
Sportysalaries nashri bergan xabarga ko‘ra, G‘iyosov bu jang uchun o‘zining 150 ming dollar miqdoridagi kafolatlangan gonorarini oladi. Bu summa uning Okampo, Urvanov va Parra singari raqiblarga qarshi o‘tkazgan avvalgi janglaridagi to‘lovlari asosida hisoblangan. G‘iyosovning raqibi bo‘lgan angliyalik Jek Katteral esa ushbu jangdan o‘zbekistonlik sportchiga nisbatan ancha ko‘proq — taxminan 250 mingdan 300 ming dollargacha pul ishlab topgan.
Ma’lumot uchun, WBA Regular kamari uchun o‘tkazilgan ushbu bahs to‘liq 12 raund davom etdi va unda hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra (118-109, 119-108, 116-111) Katteral g‘alaba qozondi. Zarbalar statistikasida ham angliyalik bokschining ustunligi kuzatildi: u yo‘llagan jami 551 ta zarbadan 219 tasi (40 foiz) aniq borgan bo‘lsa, G‘iyosov ijrosidagi 366 ta zarbaning atigi 78 tasi (21 foiz) raqibga tegdi. Kuchli zarbalar borasida ko‘rsatkich — 98 ga 55.
Shu tariqa, Shahram G‘iyosov professional boksdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Bugungi jangga qadar u WBA reytingida 1-o‘rinda borayotgan edi. 32 yoshli Jek Katteral esa prof boksdagi g‘alabalari sonini 33 taga yetkazdi.













