O‘zbekistonda xalqaro maydonda yuqori natija qayd etadigan shaxmatchilarni rag‘batlantirish tizimi yangilandi. Prezidentning 2026 yil 21 sentyabrdagi PQ–346-son qaroriga muvofiq, nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindorlari uchun bir martalik pul mukofotlari yangi miqdorda belgilandi.
Eng katta mukofot Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida kattalar o‘rtasida chempion bo‘lgan sportchilarga beriladi. Oltin medal sohibi 200 ming AQSH dollari, kumush medal egasi 100 ming, bronza uchun esa 50 ming dollar oladi. Ilgari ushbu to‘lovlar BHMga bog‘langan holda hisoblanar edi.
Yoshlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida g‘olib chiqqanlarga 20 ming dollar ajratiladi. Ikkinchi o‘rin uchun 10 ming, uchinchi o‘rin uchun esa 5 ming dollarlik mukofot nazarda tutilgan.
FIDE tasnifi bo‘yicha jahon darajasidagi turnirlarda chempionlik 15 ming dollar bilan rag‘batlantiriladi. Kumush medal uchun 7,5 ming, bronza uchun 3 ming 750 dollar beriladi.
Osiyo miqyosidagi musobaqalarda esa birinchi o‘rin sohibi 10 ming dollar, ikkinchi o‘rin egasi 5 ming, uchinchi bo‘lgan shaxmatchi 2,5 ming dollar oladi.
Yangi tartib xalqaro unvonlarga ham taalluqli. Xalqaro grossmeyster maqomiga erishgan o‘zbekistonlik shaxmatchiga bir martalik 5 ming dollar mukofot to‘lanadi.













