Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari doirasida Eron milliy terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazilgan uchrashuv 3:1 hisobida maydon egalarining g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘yinning 10-daqiqasida “oq bo‘rilar” sardori Eldor Shomurodov raqib himoyachilarining xatosidan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim davomida har ikki jamoada vaziyatni o‘zgartirish uchun qulay imkoniyatlar yuzaga keldi, biroq darvozalar ishg‘ol etilmadi.
Ikkinchi bo‘limni mehmonlar faol tarzda boshladi. 49-daqiqada Ramin Rezayanning jarimadan uzatgan to‘pi kutilmaganda darvozadan joy oldi. 58-daqiqada Behruz Karimovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik sabab Eron darvozasiga penalti belgilandi. Shomurodov uni aniq amalga oshirib, dubl muallifiga aylandi. Bu Eldor Shomurodov uchun milliy jamoa safida kiritilgan 47-gol bo‘ldi. U terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. 90+3-daqiqada Mahmudjon Mahamadjonovning uzatmasidan so‘ng Husayn Norchayev gol urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi — 3:1.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini 1 oktyabr kuni Toshkent shahrida Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi
O‘zbekiston - Eron 3:1
Gollar: 1:0 — Eldor Shomurodov (10), 1:1 — Ramin Rezayan (49), 2:1 — Eldor Shomurodov (58, penalti), 3:1 — Husayn Norchayev (90+3)
O‘zbekiston: 12. Vladimir Nazarov, 2. Abduqodir Husanov, 4. Behruz Karimov (3. Hojiakbar Alijonov, 82), 5. Jahongir O‘rozov, 6. Akmal Mozgovoy, 9. Odil Hamrobekov (23. Sherzod Esanov, 82), 10. Aziz G‘aniyev (24. Diyor Xolmatov, 59), 13. Sherzod Nasrullayev (25. Mahmudjon Mahamadjonov, 82), 14. Eldor Shomurodov (21. Husayn Norchayev), 17. Doston Hamdamov (19. Ruslan Jiyanov, 59), 22. Abbos Fayzullayev (20. Aziz Amonov 89).
Zaxira: Edem Nemanov, Umarali Rahmonaliyev, Jasur Jaloliddinov, Aziz Xolmurodov, Muhammadrasul Abdumajidov, Behruz O‘ktamov, Nurmuhammad Abdug‘aniyev, Muhammad Hakimov.
Eron: 1. Alirezo Beyranvand, 2. Solih Hardani (23. Ramin Rezayan, 46), 3. Ehson Hojisafi (16. Muhammad Gorbani, 64), 6. Said Ezzatollahi, 9. Mehdi Taremi, 17. Ariya Yusufi, 18. Saman Falloh, 19. Ali Nemati, 21. Omid Nurafkan, 24. Dennis Dargahi (20. Sardar Azmun, 46), 29. Muhammadmahdi Mohebbi (25. Amirhussayn Mahmudiy, 64).
Zaxiradagilar: 12. Payam Niyozmand, 22. Said Hussayn Hussayniy, 4. Shoja Xalilzoda, 11. Mehdi Lamouchi, 13. Muhammadmahdi Zare, 26. Muhammad Milad, 27. Orif Xojidi, 28. Muhammad Nodiri, 31. Sahab Zohidi, 33. Orif Ag‘asi.













