Antonio Mateu Laos «Atletiko» – «Real» (2:1) uchrashuvi bosh hakami Migel Anxel Ortis Aryasning Li Kan Inni Federiko Valverdega nisbatan qo‘pol foli uchun jazolamaslik qaroriga munosabat bildirdi.
«Barchamiz ko‘rgan kadrda vaziyat juda aniq — xavf nihoyatda katta edi. Umid qilamanki, jiddiy jarohat yo‘q. Ammo biz bunday harakatlar qizil kartochka bilan jazolanishiga o‘rganib qolganmiz», — dedi La Liganing sobiq hakami El Día Después dasturida.
Laos, shuningdek, hakam tanaffus paytidayoq vaziyat takrorini ko‘rib chiqqan bo‘lishiga ishonch bildirdi. Uning fikricha, Valverdening darhol o‘rnidan turib, norozilik bildirishni boshlagani videohakam Daniel Truxilyo Suaresning vaziyatga bergan bahosiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
«Oxir-oqibat Valverdening harakati VARning vaziyatga aralashishiga to‘sqinlik qildi. Buni tushunish juda qiyin, chunki bunday holatda mutlaqo boshqacha qaror qabul qilinishi kerak edi. Ko‘pincha VAR futboldan ko‘ra matematika bilan ko‘proq shug‘ullanayotgandek tuyuladi», — dedi sobiq hakam.
Laos futbolchining maydondagi reaksiyasi jazo miqdoriga ta’sir qilmasligi kerakligini ham ta’kidladi.













