Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Hoqon Chalxanoglu: «Gattuzo yordamida o‘zgardim»

Hoqon Chalxanoglu: «Gattuzo yordamida o‘zgardim»

Baho:
+ | -

Milan shahrida joylashgan Leonardo da Vinchi nomidagi fan va texnika milliy muzeyi. Forza Milan jurnali muxbiri yarim himoyachi Hoqon Chalxanoglu bilan suhbatlashish uchun shu joyni bejiz tanlamadi.

Chunonchi, Germaniyada tug‘ilgan turk futbolchisi zamonaviy fan va texnikaga jiddiy qiziqadi. Uning tarixiy vatanini alohida sevishiyu, yopiq hayot tarziga amal qilishi esa ko‘pchilikka ma’lum.

- Milanga ilk tashrifingni qanday eslaysan? Miyangda nimalar charx urgandi?

 - Hammasi kechagidek yodimda: bu yerga samolyotda uchib kelgandim. Nimalarni o‘ylaganman? Albatta, yangicha futbol, yangi klub, yangi jamoadoshlar haqida... «Milan» safiga qo‘shilishim hayotimdagi katta burilish nuqtasi edi.

Ulkan tarixga ega jamoaga o‘tganingda, vujudingni qandaydir o‘zgacha hissiyotlar qamrab olishi tabiiy. Deylik, beixtiyor o‘yga cho‘mgandim: «Vaqtida Maldini va Gattuzo kabi buyuk chempionlar shu libosda javlon urishgan, endi menga ham bunday baxt nasib etyapti. Naqadar ajoyib...». To‘g‘ri, shuning barobarida xavotir ham yo‘q emasdi.

Misol uchun, Italiya turmush tarziga moslashishim oson emasligini o‘sha vaqtdayoq tushungandim. Negaki, avvaliga mehmonxonada yashadim, qolaversa, til bilmaslik muammosi... Qisqasi, jamoadoshlarim bilan muloqotga kirishishim qiyinchilik tug‘dirdi.

Muhimi, moslashish jarayoni ortda qoldi va hozir hammani tushunyapman, o‘z fikrimni bemalol tushuntiryapman ham. Eng ma’qul tomoni - italyan madaniyati. Bu yerda odamlar mehmondo‘stlikni o‘rniga qo‘yishadi. Italiya shu jihatdan Turkiyaga o‘xshash ekan.

- Jamoa boshqaruvi Jennaro Gattuzo ixtiyoriga o‘tgach, aynan nimalar o‘zgardi? Bunga qadar maydonda o‘z o‘rningni topolmayotgandek taassurot uyg‘otganding, keyin ishlaring birdaniga yurishib ketdi.

Bu murabbiylik falsafasiga bog‘liqmi yoki shunchaki, italyan futboliga moslashishda qiynalganding?

- Birinchi navbatda, aytishim kerak, 4 oylik diskvalifikasiyadan keyin jismoniy holatni o‘nglab olishim uchun ma’lum vaqt kerak edi. Lekin o‘zgarishimda murabbiy ta’siri ham bor, albatta. Montella inglizchada gapirmasdi, hammasini italyan tilida tushuntirardi.

Yo‘q, maydonda qaysi pozisiyani egallashimni bilardim, baribir, ammo futbolchi uchun murabbiyning qo‘llab-quvvatlashini his etish juda muhim. U shundagina ishonch bilan harakatlanadi. Biroq o‘zaro muloqot bo‘lmasa, ishonch tug‘ilmaydi. Shu ma’noda aytsam, Gattuzo menga katta turtki berdi.

U barcha yigitlar bilan doimiy aloqada va har qanday masalada yordam berishga tayyor. Xususan, menga miyamni bo‘lmag‘ur xayollardan tozalab, faqat futbol haqida bosh qotirishim zarurligini ko‘p bora uqtirdi.

Ayniqsa, bitta maslahati juda qo‘l keldi: «Avvalo, o‘zingni zarur xususiyatlarga ega ekanligingga ishontirishing kerak. Shunda natija o‘z-o‘zidan kelaveradi».

- Bo‘sh vaqtlarni qanday o‘tkazishni ma’qul ko‘rasan? Televizor tomosha qilish, kinoga borish yoki turmush o‘rtog‘ing bilan sayrga chiqish...

- Har kuni mashg‘ulotlarda ko‘p ter to‘kaman. Professional futbolchi ekanman, faoliyatimni birinchi o‘ringa qo‘yishim shart. Xullas, uyga o‘lguday charchagan holda qaytaman. Yaxshiyamki, turmush o‘rtog‘im mehribon, meni to‘liq tushunadi.

Umuman, u har jabhada katta yordam beryapti. Pazandalik mahoratiga esa gap yo‘q. Oddiy aytganda, mashg‘ulotlardan keyin uyga kirgach, qaytib ko‘chaga chiqmayman - oila davrasida qolib, televizor tomosha qilaman, charchoq yozaman. Sayr biz uchun emas.

- Bundesliga va «A» seriyasi o‘rtasida farq kattami yoki...?

- Hamma negadir nuqul shu haqda so‘raydi. Hozirga qadar yaqqol farqli jihatlarni sezganim yo‘q. Ha, Italiyada ehtiyotkorlik darajasi yuroqiroq, asosiy urg‘u taktikaga qaratilishi esa hammaga ma’lum.

Deylik, Germaniyada barcha jamoalar hujumkor futbolga moyil, bu yerda aks holat: raqiblardan biri oldinga borsa, ikkinchisi to‘liq himoyaga o‘tib oladi. Umumiy qaraganda, «A» seriyasida to‘p surish nisbatan qiyinroq, har holda, birinchi o‘rinda, aqlga tayanish talab etiladi.

Shuningdek, Bundesligada yosh futbolchilar safi keng, mana, har yili yangi-yangi kashfiyotlar bilan tanishyapmiz. Italiya klublari murabbiylari esa tajribaliroq, tajovuzkorroq va aqlliroq o‘yinchilarga tayanib ish ko‘rishadi.

Demoqchimanki, tavakkal yurishlar kam. Lekin har ikki chempionatning o‘ziga xos tomonlarini birdek qadrlayman. Xususan, hozirgacha sobiq jamoalarim o‘yinlarini kuzatib boryapman.

- Italyan tilini o‘zlashtirishingda qaysi jamoadoshing ko‘proq yordam beryapti?

- Boshida asosan Rodriges bilan gaplashardim, chunki u nemis tilini biladi. Biroq italyanchada uncha yaxshi gaplasholmaydi. Shunday bo‘lsada, bu boradagi ilk saboqlarni aynan Rodrigesdan oldim.

Ma’lum iboralarni o‘rganib olganimdan keyin esa Fabio Borini bilan doimiy muloqotlar asnosida bilimimni ancha oshirdim. Demak, Fabioning yordami katta.

- Jamoada eng yaqin do‘sting kim?

- Mehmonxonada Konti bilan birga turganimizdanmi, unga ancha o‘rganib qoldim. Umuman, barcha yigitlarga yaxshi munosabatdaman.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 17:02, 30.05.2018.
O'qildi: 2723 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.