Pro-Liga 13-turidan joy olgan “Yozyovon-Lochinlari” — “Nurafshon” o‘yini belgilangan vaqtdan kechiktirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Zero, PFL komissarining bildirgisiga ko‘ra, stadionning ayni vaqtdagi holati talab darajasida emasdi. Futbolchilar to‘p suradigan joylarda yoriqlar paydo bo‘lgan, maydon maysasi o‘sib ketgan va yetarli darajada kaltalanmagan.
Mazkur holat yuzasidan “Yozyovon-Lochinlari” futbol klubi faoliyatiga mas’ul bo‘lgan Dilmurod Ergashev PFL matbuot xizmatiga quyidagilarni ma’lum qildi:
“Tan olib aytishim lozimki, bugungi uchrashuvni o‘tkazish uchun stadionimiz yetarli darajada tayyor emas. O‘yinni yaxshi saviyada o‘tkazishga to‘sqinlik qiladigan bir qator kamchiliklar bor ekani rost. Ushbu holat bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshiramiz va keyingi uy o‘yinimizga qadar stadionda mavjud barcha kamchilik bartaraf etilishiga kafolat beraman. Stadionimiz o‘tgan yili hokimiyat yordami bilan ta’mirdan chiqarilgan edi. Endi qolgan ba’zi kamchiliklar ustida jamoa vakillari mas’uliyat bilan ish olib borishiga va’da beramiz”, — dedi Dilmurod Ergashev.
P. S. Ishga yondoshuv Pro B Ligasi vakillarida shunday bo‘lsa, PFL ular bilan hamkorlikni to‘xtatish mantiqliroq deb hisoblaydi. “Yozyovon-Lochinlari”ning kelasi uy uchrashuvida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmasa, klub Pro-Liga bilan xayrlashishi mumkin. Bu masala komissiya tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi.
“Nurafshon”ga qarshi uchrashuv esa stadion maysalari kaltalanib, maydondan ortiqcha buyumlar olib chiqilgach, start oldi. Ishda siljish bo‘lmasa, bu jamoa uchun o‘z maydonidagi oxirgi uchrashuv bo‘ladi.