Jahon chempionati arafasida turgan bo‘lishimizga qaramay, o‘tgan hafta eng ko‘p tortishilgan mavzu Zidanning «Real»dan ketishi bo‘ldi.
Deyarli barcha - «Real» tarafdorlari, uning «dushmanlari» (aniqrog‘i, «Barsa» fanatlari) va uchinchi toifa - betaraf muxlislar bunga ko‘p va xo‘p to‘xtalishdi.
Aslida ushbu mavzuni yana «chaynash» bugun ortiqchadek tuyular, lekin kadr ortidagi bir qator tasvirlar ham borki, bularni tilga olmasdan iloj yo‘q...
Maqolam boshida oldindan ochig‘ini aytib qo‘yay, kamina yuqorida tilga olinganlardan uchinchi toifa vakiliman va «Real»ga ham, «Barsa»ga ham teppa-teng normal munosabat bildiraman.
O‘tgan payshanba kuni Zidanning «Real»dan ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar qanchalik tez tarqalgan bo‘lsa, o‘sha kuni kechki payt Madrid superklubi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani dunyo futbol jamoatchiligini birdek lol qoldirdi.
Haqiqatan, Florentino Peres shaxsan o‘zi ishtirok etgan press-konferensiyada Zidan «Real»dan ketishini ma’lum qildi. Unga omad tilab, kelajakda yana birga ishlash nasib qilishiga umid bildirishidan so‘ng, o‘sha kuni bunday xabarlarga ishonmayotgan eng optimist «Real» muxlisi ham mazkur qarorning rost ekanligiga alal-oqibat iqror bo‘ldi.
Mamlakatimizda esa futbol saytlaridagi hamma g‘avg‘o shundan so‘ng boshlandi. Oradan ikki kun o‘tib, matbuotda «BUYUK KETISH» maqolasi e’lon qilindi. Muallifini ko‘pchilik yaxshi taniydi.
O‘qigan bo‘lsangiz, «Buyuk ketish»da «Zidanning o‘z vaqtida ketganligi uning rostdan buyuk shaxs ekanligini yana bir bor tasdiqlashi» tilga olingan, bevosita «Real»ning o‘zi haqida ortiqcha ko‘p gapirilmagandi. Biroq bu narsa «Barsa» muxlislariga yoqmadi.
Yana bir kun o‘tib, boshqa bir muallif Zidanning «Real»dan ketishi ahmoqlikdan boshqa narsa emasligi haqida maqola tayyorladi - «BUYUK KETISHMI? ZIDAN YANA KALLA QO‘YDI!» Tabiiyki, «Barsa»chilar buni olqishlashdi, har doimgidek, «Real»ga va unga bog‘liq har qanday ijobiy holatlarga negativ munosabatlarini bildirishdi.
Uchinchi kuni «Buyuk ketish» muallifi kutilmaganda yana «Real» masalasiga to‘xtaldi. Elektron saytlarda uning «REAL» HAQIDA 13 CHIZGI» nomli maqolasi e’lon qilindi. Mana shunisi hammasidan oshiqcha bo‘ldi. Bu «Barsa» muxlislariga umuman yoqib tushmasligi oldindan ma’lum edi va shunga qaramay, muallifi uni yozishga qaror qilgani meni ajablantirdi.
Maqola Kataloniya klubi tarafdorlarini rosmana junbushga keltirgan ediki, saytlarda bu haqda bildirilgan fikrlarga aslo chidab bo‘lmasdi. Tarmoqlarga yaxshilab «joylashgan» o‘zbek fanatlari ikki tomonga bo‘linib, nojo‘ya so‘zlar bilan bir-birlarini haqorat qilishadi...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.