Xabar berib o‘tganimizdek, 8-10 iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida karate bo‘yicha «Premier League» seriyasiga kiruvchi nufuzli musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 35 davlatidan 607 nafar sportchi ishtirok etdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, -50kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahriniso Babayeva finalgacha yetib borib, kumush medal sohibasiga aylandi.
Bugun musobaqada qatnashgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, O‘zbekiston karate Milliy federasiyasi rahbarlari, sportchilarning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
«Musobaqadagi taassurotlarim juda ham yaxshi. Bunday nufuzli musobaqada ilk marotaba finalgacha yetib bordim. To‘g‘risi, oltin medalni qo‘lga kiritish istagim katta edi. O‘zbekistonga oltin medal olib kelishni juda istagandim. Bu borada ozgina tajriba yetishmadi va mag‘lub bo‘ldim. Kumush medal bilan kifoyalandim. Xudo xohlasa keyingi safar oltin medalni qo‘lga kiritib qaytamiz. Turnir davomida Xitoy Taypeyi, Avstriya kabi mamlakatlar vakillariga qarshi janglar biroz qiyin o‘tdi. Keyingi musobaqalarda ushbu kumush medal menga o‘ziga yarasha kuch beradi. Nasib qilsa, navbatdagi medal oltin bo‘ladi», – dedi sovrindor Bahriniso Babayeva.
Qayd etib o‘tish lozimki, ushbu safar O‘zbekiston delegasiyasi uchun samarali bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekiston karate milliy federasiyasi rahbariyati Eron, Ozarbayjon va Turkiya kabi mamlakatlar karate federasiyasi rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Unga ko‘ra, ushbu mamlakat vakillari yurtimizga kelib master-klass tashkil qiladilar. Shuningdek, terma jamoalar qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish ham rejada bor.
«Sportda avvalambor mashaqqatli mehnat kerak bo‘ladi. Musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Ozroq texnik xatolar sababli musobaqada sovrindorlar safida bo‘la olmadim. Endi navbatdagi musobaqaga yanada qattiq tayyorgarlik ko‘rib, O‘zbekistonga oltin medal bilan qaytaman. Oldinda hali yana ikkita mana shunday musobaqa turibdi. Shuningdek, Osiyo chempionati, Osiyo o‘yinlari kabi turnirlar bizni kutib turibdi. Navbatdagi musobaqalarga yangicha taktikalar ishlab chiqqan holda yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishga harakat qilamiz. Nasib qilsa, keyingi safar oltin medal bilan vatanga qaytamiz.
Turkiyada ham huddi avvalgi raqiblarga qarshi janglar o‘tkazdik. Musobaqada dunyo reytingidagi kuchli 64 nafar sportchi ishtirok etadi. U yerdagi deyarli har bir sportchi bilan 3-4 marotaba bellashganman. Musobaqa uchun raqibim puxta tayyorgarlik ko‘rib, jang uslubimni o‘rganib olgan ekan.
Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni qattiq ketmoqda. Yil davomida hozirgacha yettita musobaqada ishtirok etdik. Turnirlar davomida turli uslublarni ishlatdik. Hali Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etamiz. Ishlab chiqilgan dastur asosida Osiyo o‘yinlariga to‘liq tayyor bo‘lamiz», – dedi Sadriddin Saymatov.