Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Mundial taasurotlari (pley-off bahslari)

Mundial taasurotlari (pley-off bahslari)

Baho:
+ | -

Bu galgi jahon chempionati finalida qaysi termalarni ko‘ramiz? Mazkur savol ayni kunlarda barchamizning diqqat-e’tiborimizda turgani aniq.

Shunday ekan, bugun mana shu jumboqning javobiga yaqin boradigan fikrlarni imkon qadar qidirib ko‘rmoqchimiz.

FINAL SARI YO‘NALISHLAR

Demak, final sari birinchi yo‘nalish: Braziliya - Belgiya, Urugvay - Fransiya. Bu ikki juftlik g‘oliblari yarim finalda o‘zaro ro‘baro‘ keladi va tabiiyki, mazkur to‘rtlikdagi jamoalardan birini finalda ko‘rishimiz aniq. Ushbu kvartetda Tite boshqaruvidagi Braziliya termasi yaqqol favoritdek ko‘rinmoqda.

Nomdorligi, yutgan sovrinlari jihatidan ustunligi o‘z-o‘zidan ayon. Bunga qo‘shimcha ravishda, bugungi Braziliyada narigi uchta termaga nisbatan rostdan ham yuqori saviyali futbolchilar sezilarli darajada ko‘proq to‘planishgan.

Ayniqsa, Germaniya va Argentina kabi jamoalar uylariga ravona bo‘lgach, Neymar va uning atrofidagi ijrochilar bugun o‘zlarini ancha yengil his qilishyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ikkinchi yo‘nalish jamoalari orasida «Real»dagi Modrich va Kovachich, «Barsa»dagi Rakitich kabi yulduzlarga ega Xorvatiya termasining imkoniyati biroz ko‘pdek tuyulsada, barcha to‘rt mamlakat vakillarida bir xil imkoniyat bor, desak to‘g‘riroq bo‘lardi.

Bu kvartetda aslida ruslar eng zaifi sanaladi, shunga qaramay, o‘z maydonida o‘ynayotgan Rossiya barcha qo‘shimcha usullarni ishga solmoqda. Ispaniya bilan bo‘lgan bahsda deyarli 120 daqiqa davomida himoyalangan Cherchesov shogirdlari o‘zlari uchun berilgan minimal imkoniyatdan foydalanishdi.

Ular Ispaniyani bundan boshqacha uslubda yenga olmasliklarini o‘sha oqshom hamma ko‘rdi. Bu - haqiqiy taktik g‘alaba edi. Xorvatiyaga qarshi o‘yinda endi bunday bo‘lmaydi, Rossiya olg‘a borishi aniq. Har holda, motivasiya ham ruslar tomonida.

To‘pga egalik qilish va hujumdagi ko‘rsatkichlar xorvatlarga qarshi o‘tadigan bahsda batamom o‘zgacha bo‘lishiga shaxsan men shubha qilmayman. Balki Xorvatiyaga qarshi bahs shunisi bilan avvalgisidan ham o‘tib tushar. Ruslar ijrosidagi yopiq futbol Ispaniyaga qarshi kechgan o‘yinning saviyasini tushirib yubordi. Muxlislar chiroyli futbol tomosha qila olishmadi.

FIFA FOYDASIGA CHIQARILGAN QAROR

Rossiya - Ispaniya o‘yinida qo‘shimcha daqiqalarning ham eng so‘nggi onlari o‘tib borayotgan palla va unda hakam videotakrorga murojaat qilgan lahzaga biroz to‘xtalamiz. Yodingizda bo‘lsa, Ignashevich o‘z jarima maydonchasi ichida raqibini ikki qo‘llab ushlab qolgan, hatto yerga qulatgandi. Mazkur oshirilgan to‘p aynan ispan futbolchisi yiqitilgan hududga kelib tushayotgani va natijada, hujum barbod bo‘lgani videotakrorda yaqqol ko‘rindi.

Deyarli barcha o‘yinlarda hakamlar mana shunday vaziyatlarda penalti belgilashmoqda, u hoh VAR bilan bo‘lsin, xoh VARsiz. Xo‘sh, Rossiya - Ispaniya bahsida nega 11 metrli jarima zarbasi belgilanmadi? Bunga asosiy sabab qilib, FIFA tomonidan olib boriladigan futbolni rivojlantirish siyosati va undagi yozilmagan qoidalarni ko‘rsatishimiz mumkin.

Ma’lumki, FIFA jahon chempionatlarida maydon egalarining imkon qadar yuqoriroqqa chiqishlaridan manfaatdor.

Uzoqqa bormaylik, hali futbolni sokker deb ataydigan va uning qoidalarini yaxshiroq bilmagan AQSH 1994 yilda sensasion tarzda guruhdan chiqqan, keyinroq bu vazifani 2002 yilda mundial uchun ancha zaif jamoalar sanalgan Janubiy Koreya va Yaponiya termalari ham uddalashgan.

Ayniqsa, koreyslarning hakamlar yordamida Italiya va Ispaniyani mag‘lub etib, mundial yarim finaliga qadar yetib borishlari o‘sha yilning haqiqiy sensasiyasi bo‘lgandi.

Albatta, bu harakatlar chempionatning yanada qiziqarliroq o‘tishiga zamin yaratibgina qolmasdan, reklama va boshqa manbalardan keladigan daromadlarning mo‘’tadil bo‘lishiga olib keladi. Hakam ham osmondan tushmagan - yanada tushunarliroq qilib aytadigan bo‘lsak, u FIFAdan maosh olib ishlovchi xodim sanaladi.

Shundan kelib chiqib, bemalol xulosa qilish mumkinki, FIFA bunday paytlardagi «sal-pal» noto‘g‘ri qarorlar uchun hakamni jazolamaydi. Buni o‘sha Rossiya - Ispaniya uchrashuvi referisi ham juda yaxshi bilgan va Moskva arenasining VIP lojasida o‘yin-ni kuzatib o‘tirgan Janni Infantinoni «ranjitmaslik» uchun penaltini belgilamay qo‘ya qolgan.

Xullasi kalom, mana shu faktorlar ham Rossiyaning bir nimalar qilib bo‘lsada, JCH finaliga qadar yetib olishi mumkinligiga yana bir ishora bermoqda. Zero, ruslar oldinlari Xorvatiyani ham, narigi ikkinchi juftlikdagi terma jamoalarni ham o‘z uylarida doimo yutib kelishgan...

JUFTLIKLARDAGI NOMUTANOSIBLIK

Xuddi 1|8 finalda Portugaliya Urugvayga, Argentina esa Fransiyaga qarshi o‘ynagani kabi, 1|4 finalda ham boshqalaridan kuchliroq sanalgan 4 terma jamoa o‘zaro bir-birlari bilan maydonga tushishlariga to‘g‘ri keladi. Mazkur kvartet jamoa­lari (Braziliya, Fransiya, Urugvay va Belgiya) narigi to‘rtlikka nisbatan ancha yuqori saviyada ekanliklarini tasdiqlaydiganlar, albatta, juda ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Demak, jahon chempionati finalida bir-biriga munosib bo‘lgan ikki jamoani ko‘rmasligimiz ehtimoli yuqori. Juda g‘alati va qiziq tuyulsada, final bahsida hatto Belgiya - Xorvatiya yoxud Rossiya - Urugvay terma jamoalari maydonga tushishlari mumkinligini hozircha hech kim inkor eta olmaydi!

Lekin bularning hammasi oddiy bir taxminlar, xolos. Asosiysi - aksariyat muxlislar finalning bunday «g‘arib» ko‘rinishlarda bo‘lishini istashmaydi. Shundog‘am mundial o‘zining eng ishongan «ijrochilari»ni yo‘qotib ulgurdi.

BRAZILIYA FINALGACHA QANDAY YUTQAZISHI MUMKIN?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:39, 06.07.2018.
O'qildi: 3146 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.