Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Terma jamoamizda Ektor Kuperni kutganmidingiz?

Terma jamoamizda Ektor Kuperni kutganmidingiz?

Baho:
+ | -

10 oydan ko‘proq vaqt davomida bosh murabbiysiz qolgan O‘zbekiston milliy jamoasini boshqaradigan mutaxassis nomi deyarli ma’lum bo‘ldi.

O‘zbek futboli rahbariyatiga aloqador manbalarning bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘FA argentinalik taniqli murabbiy Ektor Kuper bilan kelishuvga erishgan.

Tayinlov haqida iyul oyi so‘ngida rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

QISQACHA MA’LUMOT

Ektor Raul Kuper 1952 yil 16 noyabrda Argentinaning Santa-Fe viloyati Chabas shahrida tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatida markaziy himoyachi sifatida jami 567ta o‘yin o‘tkazib, 34ta gol urgan.

1984 yilda Argentina terma jamoasi safida 3ta uchrashuvda maydonga tushgan. 1993 yildan buyon murabbiylik sohasida ishlab kelmoqda. 2017 yili Afrika va arab futbolida teng­siz murabbiy sifatida e’tirof etilgan.

Ektor Kuper murabbiylik faoliyati davomida olti mamlakat (Argentina, Ispaniya, Italiya, Gresiya, Turkiya, BAA) klublarida ishlagan. Xususan, 2000-2001 yillarda ketma-ket ikki marta «Valensiya»ni UYEFA Chempionlar Ligasi finaliga olib chiqqan va har ikki safar alamli tarzda mag‘lubiyatga uchragan.

62 yoshli murabbiy terma jamoalardagi faoliyatini 2008 yilda Gruziya termasida boshlab, bir yildan ortiqroq vaqt davomida gresiyaliklar milliy jamoasiga ustozlik qilib, 16 o‘yinda 1ta g‘alaba, 4ta durang va 11ta mag‘lubiyat qayd etgan. Kuper Misr termasini 2018 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish orqali yana katta futbol sahnasiga qaytdi.

«Ehromlar yurti»dagi 3 yillik faoliyati davomida argentinalik mutaxassis 38ta o‘yin o‘tkazib, ulardan 19tasini g‘alaba, 7tasini durang va 12tasini mag‘lubiyat bilan yakunlagan.

JCH-2018da Misr terma jamoasi Urugvay, Rossiya va Saudiya Arabistoni bilan bir guruhdan joy olib, har uchala o‘yinni ham boy bergan holda so‘nggi o‘rinni egalladi. Saudiyaga qarshi so‘nggi bahsda Kuper taktik jihatdan Xuan Antonio Pissiga imkoniyatni boy berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘FA O‘zbekis­ton termasining sobiq ustozi Samvel Babayanni 2017 yilning 7 sentyabr kuni iste’foga chiqargandi. Shundan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev va Temur Kapadze jamoa boshqaruvida vaqtincha ishlab kelishdi.

Yangi bosh murabbiy termamizni 2019 yil 5 yanvar - 1 fevral oralig‘ida BAA maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga munosib tayyorlashi kerak. Vakillarimiz ushbu turnirning guruh bosqichida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston termalariga qarshi kurash olib borishadi. Qit’a chempionatida jami 24ta jamoa qatnashadi.

NEGA AYNAN KUPER?

O‘zbek futboli muxlislari o‘ta talabchan. Lekin o‘tgan yili sent­yabrda milliy jamoamizni Samvel Babayan tark etgach, ular yangi murabbiyni 10 oydan ortiq kutdilar. Termamizda xorijlik murabbiy ishlaganiga ham 12 yil bo‘libdi. So‘nggi marta Valeriy Nepomnyashiy milliy jamoamizga Odil Ahmedovni tuhfa etgani bilan yodda qolgandi.

Deyarli termamiz boshqaruviga tayinlab bo‘lingan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper nomzodi ham futboldagi paradoksning bir namunasidir. Misrni shiddat bilan mundialga olib chiqadi-da, Muhammad Salohdan boshqa najotkor topa olmay, mundialning barcha o‘yinlarini yutqazadi.

Kashfiyotlar qila olmaganligi uchun 45 yoshli darvozabonga ishonch bildiradi. Istalgan futbol bilimdonidan so‘rang, Ektor Kuper bilan termamiz qanday natija ko‘rsata olishini aytish mumkinligini hatto taxmin qilolmaydi. Nihoyatda jumboq kelishuv.

O‘FA rahbariyati so‘nggi paytlarda ispan tilida suhbatlashadiganlar madaniyatiga qiziqib qolgani rost. Lekin Kuper nomzodini tanlashda uning uzoq muddatli sikl uchun o‘ziga xos strategiyasi borligini tekshirganlar.

«OMADSIZ FINALCHI»

Astoydil hisoblab ko‘rsak, Ektor Kuper o‘z faoliyati davomida sakkizta (termalar miqyosida 1ta) finalni boy bergan. Bir bellashuvli «duel»larda birorta ham sovrin yuta olmagan. Mana shu faktdan kelib chiqib, uni omadsiz ekani, milliy jamoamizga mos emasligini aytayotganlar bor.

Lekin Kuperning o‘sha finallarga «Malyorka» va «Valensiya» kabi o‘rtamiyona klublar bilan chiqqanini e’tiborga olsak, uning saviyasi borasida savol qolmaydi.

Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan Osiyo kubogi va jahon chempionati saralash o‘yinlarini nazarda tutsak, o‘sha 2-o‘rin har ikki musobaqada ham termamiz uchun eng yaxshi natijalarni qayd etishimizga yetarlidir. Shu yerda savol tug‘iladi: Ektor Kuper finalgacha yetib borish malakasini qanchalik saqlab qola olgan ekan?

XORIJDAN BO‘LSIN!

Kim bo‘lishidan qat’i nazar, terma jamoamiz bosh murabbiyligiga xorijlik nomdor mutaxassis tayinlanishini istayotgandi. Kamida Kladuio Ranyeri singarilarni kutayotgandik. Uzoqroqdan, umuman boshqa mentalitetga ega bo‘lgan, muhimi, zamonaviy futbol standartlarida «pishgan», professionalizm tamo­yillariga sodiq murabbiy sifatida Kuper ayni biz kutgan «persona»dir.

Avvalo, bunday saviyadagi (mundial ko‘rgan) murabbiy shartnoma tuzdimi, o‘zining aniq talablari bilan keladi va u xohlaydigan eng minimum sharoit nafaqat mahalliy murabbiylarnikidan yuqori, balki raqobatdan xoli bo‘ladi. Tabiiyki, muxlislarga katta va’dalar bergan O‘FA ham «murabbiy saviyasiga muvofiq» bo‘lishga urinadi va terma jamoa muhiti, ishlash shaklu shamoyili, yaratib beriladigan sharoitlar ancha yuqori saviyada bo‘lishi bor gap.

Ikkinchidan, u hali bizning milliy futbolni, uning atrofidagi muammo-yu yutuqlarni bilmaydi. O‘zbek futbolida allaqachon yangi «qon quyish» davri kelgan, faqat uni amalga oshiradigan «doktor» yo‘q edi.

Milliy chempionatda porlayotgan yoki shunga yaqin turgan iste’dodlarni topish, ularning saviyasini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarish Kuper va uning jamoasi uchun qiyinchilik tug‘dirmasa kerak.

Xolislik ta’minlanishida, o‘zbek futbolida korrupsiyaning yo‘qolishida Kuper timsoliga katta umid bog‘lanyapti. Zero terma jamoa ichidagi xolislik klublarda to‘p surayotgan yosh futbolchilarga ham umid berishi, o‘z-o‘zidan Superligamizni ham jonlantirib yuborishi mumkin.

Uchinchidan, ma’lum bir sikl tugaganda, biz aslida natijaning qoniqarli bo‘lgani, maqsadga yetishga biroz qolgani haqida gapirishdan to‘xtaymiz. Muayyan o‘yinlardagi omadsizlik sababini so‘rash uchun professional bo‘lishga va yangi bosh murabbiydan vakolatli javob olishga imkonimiz bo‘ladi.

MURABBIY MILLATI AHAMIYATLIMI?

Zlatko Dalich xorvatiyalik murabbiylar doimo trendda bo‘lishiga ishora qildi. Inglizlar o‘zining an’analariga sodiqligini Garet Sautgeyt orqali isbotladilar.

Bugun dunyo bo‘ylab juda ko‘p argentinalik (Simeone, Pochettino, Pissi, Pekerman) murabbiylarning tarqaganini e’tiborga olsak, bemalol ular haqida xulosalar berish, bu yurt murabbiylarining an’anaviy maktabi haqida fikr bildirish mumkin. Qizig‘i, ushbu mutaxassislar o‘zlarini asosan Yevropa yoki Osiyoda yaxshi ko‘rsatadilar.

Gollandiyalik murabbiylar qayerda ishlashmasin, ko‘p kuch talab etadigan total uslubni qurishga harakat qiladilar. Italiyalik murabbiylar ishlagan jamoalarda esa italyancha himoyaviy futbol nafasi kelib turadi. Argentinalik yoki xorvatiyalik mutaxassislarni bir so‘z bilan moslashuvchan deyish mumkin.

Aksariyat argentinalik murabbiylarda qat’iyat yetishmasada, oxirigacha intizomni ushlay olishmasada, cheklangan imkoniyatlar bilan ham kurashuvchan va raqobatbardoshlikka erishgan, o‘z bo‘yidan yuqori sakray olgan lo­yihalar muallifi bo‘lishgan.

Klublar miqyosida olsak, hammasi tushunarli: argentinalik «kouch»lar o‘zlariga berilgan muayyan imkoniyatlar asosida imkoniyatlari ko‘proq bo‘lgan raqiblardan turnir jadvalida yuqorida bo‘lishni uddalashadi.

Bu jamoalar har mavsumda bir xil taktikada to‘p surishmaydi, har doim chempionlik uchun kurasha olishmaydi, ularning fanatlari ham ko‘p emas, lekin tijorat nuqtai nazaridan foydali ish ko‘rishadi.

Terma jamoalar miqyosida olsak, Chilini qatorasiga ikki marta qit’a chempioniga aylantirgan Sampaoli, Paragvay bilan JCH-2010da iliq taassurot qoldirgan Martino... yoki Kolumbiya bilan muvaffaqiyatli ishlayotgan Pekermanni eslash kifoya.

Bu murabbiylar sal kuchliroq va xarakteri shakllangan grand jamoalarda omad qozona olmadilar. Ammo aynan kuchsizroq va mehnatkash jamoa bilan yuqoriroq vazifalarni uddalash borasida bu murabbiylarda umumiylik borligini ko‘rish mumkin.

Ektor Kuper yangi asr boshida mana shunday tendensiyani boshlab bergan murabbiylardan biridir. Osiyoda peshqadam bo‘lmagan va resurslar (milliy chempionat, iqtidorli futbolchilar) borasida grandlar safida yurishga jiddiy intilayotgan O‘zbekiston bir bosh baland sakrash uchun aynan argentinalik murabbiyga - Ektor Kuperga murojaat qilgani to‘g‘ri variantdek ko‘rinmoqda.

MEHNATKASH VA SOVRINDOR

Haqiqatan ham, Kuperning ba’zi jamoalarda erishgan natijalariga faqat havas qilish mumkin. U 1999 yilda Ispaniyadagi kamtargina «Malyorka» bilan yevrokuboklarda zafar quchishiga sal qolgan. Ketma-ket ikki mavsum - 2000 va 2001 yillarda esa, endi Yevropada kamtar bo‘lgan «Valensiya»ni ikki marta Chempionlar Ligasi finaliga olib chiqish hazil emas.

Uning so‘nggi ish joyi - Misr termasi va u yerda erishilgan natija ham Ektor Kuperning hali ham «formada» ekanini ko‘rsatadi. Nomdor yulduzlarga ega bo‘lmasada, chempionati doimo muammolar gidobida bo‘lsada, Misrni mundialga olib chiqqani faqat murabbiyning mehnatlari samarasi, desak yanglishmaymiz.

Misr termasi Rossiyada birorta ham ochko ololmadi, lekin birinchidan, 28 yillik tanaffusdan so‘ng, termani aynan u mundialga olib chiqdi. Ikkinchidan, Rossiya bilan o‘yin guruhdagi vaziyatni hal qilib bo‘lgandi, so‘nggi turdagi Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyatga katta ahamiyat bermaslik lozim.

Ishoning, Ektor Kuper shu payt­gacha O‘zbekiston termasida ishlagan murabbiylar ichida eng nomdor, eng muvaffaqiyatli mutaxassis ekanligi aniq, buni inkor qilib bo‘lmaydi.

YILLAR O‘Z SO‘ZINI AYTADI

62 yoshli Kuper uchun ortiqcha yuk bo‘lmaydi. Uning tajribasi butun Superliga uchun ham yetib-ortadi. Ko‘plab muxlislar va jurnalistlar orzulari olam-olam bo‘lgan yosh murabbiylarni olib kelish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlashdi. Masalan, Bilich, Petresku, Dalich kabi mutaxassislarning ham ismlari tilga olindi.

To‘g‘ri, yosh murabbiylarning motivator sifatida katta-katta natijalarga erishganliklari haqida amaliyotda misollar bisyor. Lekin yosh mutaxassislarning xaridori ko‘p bo‘ladi, o‘zi intiladigan boshqa manzillari bor. Ular rotasiyaga qo‘l urishga qiynalishadi. Taktik uslublarni qo‘llab ko‘rishda ularga sabr yetishmaydi.

Nega Keyrush Eronni tark etmayapti? U o‘zini qadrlagan, qadrini oshirgan mamlakat futboli rahbariyatini qanday ishlatishni, ulardan qay tariqa foydalanishni biladi?

Unga Yevropada xaridor yo‘q, deysizmi? Tajribali, futbolda turli vazifalarni bajargan, turfa past-balandliklarni ko‘rgan tajribali murabbiylarning O‘zbekistondagi ilk oylardan boshlab o‘zi uchun mos sharoitni asta-sekinlik bilan yaratib olishiga ishonish osonroq.

Tajribali murabbiy esa, ixtiyoridagi bor «mahsulot»dan (ya’ni tarkibdan va nomzodlardan) kelib chiqib o‘z yo‘nalishini belgilay oladi, maqsad sari yo‘lni qisqartiradi. Balki biz ham Qosimov nomzodiga to‘xtalganimizda, uning yonida bir tajribali maslahatchi qo‘yishimiz kerakmidi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ektor Kuper O‘zbekistonga uch nafar yordamchisi bilan keladi va ular turli yoshdagi termalarimizga javob beradilar. Shartnoma esa 4 yilga tuziladi.

Tor doirada, qo‘l ostidagi ma’lum futbolchi bilan kutilgan natijaga erishish emas, imkon qadar kengroq miqyosda ishlash, milliy jamoa kelajagiga bevosita va bilvosita ta’sir o‘tkazish, o‘z qarorlari bilan nafaqat termalar, balki klublar, ichki chempionatimizga ham ta’sir ko‘rsatish uchun katta tajriba zarur.

KIM KIMGA MOSLASHADI?

Kuperning «Malyorka», «Valensiya» va «Inter»dagi, qisman Misrdagi jamoasiga qarab baho berish mumkinki, bu mutaxassis asosan himoyaga urg‘u beradi.

Shuningdek, uning taktik sxemalarida yarim himoya va hujum doimiy kontaktda bo‘lishi kerak. Raqib jarima maydonchasiga yaqinlashganda, futbolchilar yangi kuch bilan harakat qilishi va yakuniy natija uchun borini berib o‘ynashi kerak.

Bu nuqtai nazardan, tarkibda juda tezkor va jismoniy jihatdan yuqori tayyorgarlikka ega ijrochilarga ehtiyoj seziladi, busiz umuman iloji yo‘q. Futbolimizda ayni payt aynan tezkorlik va jismoniy tayyorgarlik oqsashini inobatga olsak, Kuperga yoki uning talablarini bajaradigan futbolchilarimizga qiyin bo‘lishi mumkin.

Shu holatda O‘FAning Texnik-ilmiy bo‘limi yordamga kelishi kerak. Ular tuzgan normativlar Superligada yuqori saviyada o‘ynayotgan terma jamoa­ga nomzodlarning hech bo‘lmaganda qit’a saviyasiga chiqishini ta’minlashi lozim.

YAKUNIY SO‘Z

Terma jamoamiz 10 oydan buyon deyarli egasiz edi. Undan oldingi 2 yilda O‘zbekiston qog‘ozda ma’lum natijaga erishgan bo‘lsa-da, o‘yin sifati nuqtai nazaridan juda past darajani namoyish qilgandi. Qit’a grandlari bilan qayd etgan natijalarimiz esa maqtovga arzimaydi.

Termamiz tarkibi to‘liq yangilanadigan bo‘lsa va yangi murabbiylar shtabi uni erkin tanlab olsa, o‘yinchilarga qo‘yiladigan yuklamalar jamoani mutlaqo yangi saviyaga olib chiqishi mumkin. Tan olish kerak, Koreya, Avstraliya va BAAda yaqqol pasayish yuzaga keldi.

Eron va Yaponiya o‘zining pik formasiga chiqib bormoqda. Terma jamoa futbolchilari professionalizm uchqunlarini sezishsa, ular ham bu munosabatga o‘rinli javob qaytaradilar. Axir ularda ham motivasiya bor-ku!

Hoynahoy, Ektor Kuper o‘rtoqlik o‘yinlari tashkillashtirishda muammolarga uchramaydi. Demak, xalqaro tajriba oshib borgani sayin natijalar ham o‘zini ko‘p kuttirmasa kerak. Rossiya tajribasi bunga yaqqol misol.

Ektor Kuperning murabbiylik statistikasi (2018 yil 30 iyun holatiga ko‘ra)

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda. 
Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:47, 28.07.2018.
O'qildi: 11112 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.