Erkin kurash ustasi, xalqaro toifadagi sportchi Jamshid Kenjayev 8 avgust kuni Toshkentdagi “Aurum 898” tungi klubida qo‘riqchilar bilan chiqqan janjal oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumotlarga qaraganda, Kenjayev o‘zi olib kelgan pichoq bilan pichoqlangan va shifoxonada vafot etgan.
Bizga “Aurum 898” tungi klubi kiraverishiga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralaridagi yozuvni yetkazdi. Tasvirlarda o‘sha kungi mojaro aks etgan. Kenjayev avvaliga klubga kiraverishda to‘rt nafar qo‘riqchiga yo‘liqadi. Qo‘riqchilar bilan salom-alik qiladi, so‘ng suhbatlashadi.
Orada birdan janjal chiqadi. Ko‘z ochib yumguncha bo‘lgan voqealar davomida 10 ga yaqin barzangi yigitlar-qo‘riqchilar Jamshid Kenjayevni do‘pposlaydi.
Tasvirlarda ko‘rinib turganidek, qo‘riqchilar bino ichkarisiga kirib, o‘zlari bilan beysbol sport turida qo‘llaniladigan bitalarni ko‘tarib chiqadi va Kerjayevga tashlanadilar. Ulardan bir nechtasi Kenjayev bilan kelganlarni quvib ketadi. Qolganlar bir bo‘lib sportchini do‘pposlashda, tepkilashda davom etadi.
Videoda Kenjayevga qay mahal, kim tomonidan pichoq orqali jarohat yetkazilganini ko‘rish qiyin. Biroq, u qonga belanib yotgan bo‘lsa ham qo‘riqchilar vahshiylarcha uni tepkilashda davom etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan berilgan rasmiy ma’lumotga qaraganda, “Aurum” tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi SH.Qilichov fuqaro Jamshid Kenjayevni qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga sanchib kesilgan tan jarohatlari yetkazgan.Olgan tan jarohatlari bilan Jamshid Kenjayev Yunusobod tumanidagi 7-sonli SHKSHga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa-da, yetkazilgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 9 avgust kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan SH.Qilichovga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Klub esa yopib qo‘yilgan.