Jahon futboli afsonasi «qarimas» El Diyego yana uylanadi. Argentinalik tengi yo‘q «shovvoz» yosh qallig‘i Rosio Olivening tug‘ilgan kuni sharafiga uyushtirilgan kechada uning qo‘lini so‘radi va rozilik oldi.
Hayratlanarli tomoni, Maradonaning navbatdagi mahbubasi o‘zining ikki qizidan ham kichik, ya’ni 28 yoshda.
To‘g‘ri, bu Diyego bobo uchun ikkinchi nikoh, xolos. Lekin uning hayoti sevgi qissalariga to‘la. Xo‘sh, Maradona Rosio qalbini zabt etgunga qadar kimlarga ko‘ngil qo‘ygan?
Klaudiya VILYAFANYE
Diyegoning rasmiy turmush o‘rtog‘idan boshlaymiz. Klaudiya Vilyafanye hozircha yagona dona Maradonadir. Ular uzoq 1977 yili Buenos-Ayresdagi diskotekalardan birida tanishishgan va chorak asr davomida birga bo‘lishdi (26 yil). Deylik, Klaudiya vaqtida futbol afsonasi ortidan Barselonaga ko‘chib keldi, keyin Neapolda ham unga hamrohliq qildi.
Juftlikning to‘ng‘ich qizi - Dalma1987 yili aynan shu shaharda tug‘ildi. Dalma - bu Diyegoning onasi sharafiga tanlangan ism. Yana ikki yildan so‘ng oilada ikkinchi qiz farzand dunyoga keldi - Jannina (Serxio Agueroning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i). Maradona va Vilyafanyening to‘yi 1989 yili bo‘lgan.
Marosimda Karlos Bilardo (argentinaliklarni JCH-86da g‘alaba tomon yetaklagan murabbiy), Xulio Grondona (Argentina futbol assosiasiyasi prezidenti) kabi mashhur insonlar qatnashishgan. Umuman, to‘y dabdabali tantana bilan esda qolgandi. Italiyadan Buenos-Ayresga Diyegoning «Napoli»dagi barcha jamoadoshlari borishgan.
Martabali mehmonlar qatorida esa hattoki, «Milan»ning o‘sha vaqtdagi sohibi Silvio Berluskoni ham bor edi. Maradonaning shaxsan o‘zi to‘yga Fidel Kastroni ham taklif etadi, biroq Kuba yetakchisi Buenos-Ayres safariga imkon topolmaydi. Nikoh rishtasi 14 yil davomida saqlanib turdi.
Klaudiya bu vaqt oralig‘ida doimo Diyego yonida turdi - ham xursandchilik, ham xafagarchilik kunlari. To‘g‘ri, bu oraliqda Maradonaning hayotida alamli va og‘riqli damlar ko‘proq kuzatildi: hibsga olinish, doping mojarosi, JCH-94dan haydalish... 2000 yili Maradonaning hayoti xavf ostida qoldi.
U Urugvayda bir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Klaudiya o‘shanda ham turmush o‘rtog‘i yonidan bir qadam siljigani yo‘q. O‘sha muammoning asl sababi haligacha sir tutilmoqda, ammo aytishlaricha, Diyego haddan ortiq darajada ko‘p kokain iste’mol qilish natijasida o‘zini yo‘qotgan edi. Shundan 3 yil o‘tib, Vilyafanye xonim ajrashish haqida ariza yozdi...
Rosio OLIVE
Demak, Olive futbol afsonasi hayotida ikkinchi dona Maradona bo‘lishga yaqin turibdi. Ular ilk marta 2010 yili uchrashishgan, biroq o‘zaro munosabatlari keyinroq boshlangan. Aniqroq aytsak, Diyego va Rosio o‘rtasidagi muhabbat qissasi yana 3 yildan keyingina boshlandi.
Umuman, ularni ehtirosli va inoq juftlik sifatida ta’riflash qiyin. Misol uchun, 2014 yili ikkisi BAAda birga yashaganida, Olive xonim Diyegoni zo‘ravonlikda ayblagandi. Maradona bunga javoban polisiyaga qallig‘i umumiy summasi 400 ming yevroga teng buyumlari (asosan taqinchoqlar)ni o‘g‘irlab ketgani haqida ariza yozgandi.
Shu tufayli 24 yoshli Rosio 15 soat qamoq kamerasida o‘tirgan. Ko‘rinishidan, o‘sha tushunmovchiliklar unutilgan, shekilli. Ular yaqinda xonimning tug‘ilgan kuni rosa yayrashdi. Asosiysi, Diyego kecha ishtirokchilari guvohligida mahbubasiga rasman nikohdan o‘tishni taklif etdi va u bunga rozilik bildirdi.
Juftlik ishtirokidagi ayni shu «sahna ko‘rinishi» kechaning kulminasion nuqtasi bo‘ldi. Demak, argentinalik bobo ikkinchi marta rasman oila boshlig‘i roliga shaylanmoqda. Juftlikning bu boradagi rejalari hozircha ma’lum emas. Lekin Rosio osuda to‘y marosimiga ko‘nmasa kerak.
Qolaversa, Maradonaning o‘zi ham dabdaba va hashamatga moyil. Darvoqe, ikkisining yoshi o‘rtasidagi farq naq 30 yilga teng. Takrorlash kerak, 28 yoshli Rosio bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining ikki qizi Dalma (31 yosh) va Jannina (29 yosh)dan kichik.
Kristina SINAGRA
Klaudiya va Rosio o‘rtasida Maradona hayotida taxminan 1000 va 1ta sevgi qissasi kuzatilgan. Ularning ko‘lami turlicha - katta-kichik, uzun-qisqa... Futbol afsonasida nikohsiz tug‘ilgan farzandlari ham ko‘p, albatta.
Deylik, Maradona italiyalik Kristina Sinagra bilan Klaudiya ilk farzandiga homilador bo‘lishidan oldin uchrashgan. Har holda, futbolchining birinchi o‘g‘li kichik Diyego 1986 yili tug‘ilgan, ya’ni u Dalmadan kattaroq.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.