Ispaniyalik jurnalist Gilyem Balage haqida ko‘pchilik eshitgan. U Xosep Gvardiola, Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu hamda Maurisio Pochettinoning biografiyasini yozgan.
Shuningdek, «Liverpul» va «Barselona» haqidagi katta kitoblar muallifi sanaladi. Balage Sky Sports kanali, BBC radiosi rezidentlaridan biri, futbol bilan bog‘liq tezkor xabarlari orqali tanilgan.
Aynan u birinchilardan bo‘lib Fernando Torresning «Liverpul»ga, Krishtianu Ronalduning «Real»ga o‘tishi haqida ma’lumot bergan. Sports.ru sayti ijodkorlari Balage bilan suhbat uyushtirib, turli mavzudagi savollariga javob olishdi.
- Bolalik paytlarim hamma «Barselona»ga ishqibozlik qilardi, - deydi Balage. - Ammo 6-7 yoshligimda radio orqali o‘rtoqlik uchrashuvida «Espanyol» «Barsa»ni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgani haqida eshitib qoldim. O‘shandayoq xuddi ota-onam singari «Espanyol»ga muxlislik qilishga qaror qilgandim.
Shundan buyon klub ikki marta Segundaga tushib ketdi, biroq men u bilan birga qoldim. Shu vaqt oralig‘ida futbolni juda yaxshi ko‘rdim, lekin 1988 yili mehrimga soya tushishiga bir bahya qoldi. 20 yoshda edim, UYEFA kubogi finali, «Espanyol» - «Bayer» to‘qnashuvi g‘olibi ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra aniqlanardi.
Uyda 3:0 hisobida zafar quchdik: mana buni g‘alaba desa bo‘ladi. Ammo safarda 3ta to‘p o‘tkazib, penaltilar seriyasida yutqazdik. Shundan so‘ng «Espanyol» o‘yinlarini ko‘rish istagi so‘ngandek tuyuldi.
To‘g‘ri, bu klubning yorqin onlariga ham guvoh bo‘ldim - ikki marta Ispaniya kubogi sohibi (2000 va 2006 yillar), «Inter», «Milan» hamda «Bryugge» klublarining mag‘lub etilishi. O‘sha paytdagi quvonchni tasvirlash mushkul.
- 1968 yili Barselonada tug‘ilgansiz. Yashash tarzingiz qanday kechgan?
- Otam duradgor bo‘lgan, onam esa shifoxona va uylarda farroshlik qilgan. Ular tonggi soat 6da ishga ketib, kechki soat 11da qaytishardi. Ota-onamdan ish tartibini o‘rganganman: ko‘p mehnat qilish, ko‘nikmalar va sharoitni yaxshilash. 14 yoshga to‘lganimda, Barselona yaqinidagi Kosta Brava tumanidan (Jirona atrofida) dengiz bo‘yida joylashgan uycha sotib olib berishdi.
Astma kasalligim bo‘lgani sababli (hozir tuzukman), ta’til kunlari u yerga borib, butun yozni o‘sha uyda o‘tkazardik. Dengiz, do‘stlar, plyajda futbol o‘ynash, har kun shunday o‘tardi. Bu damlarni yodga olishni yoqtiraman.
Maktabdan so‘ng Barselonadagi jurnalistika fakultetini tanladim, chunki boshqa ishni eplay olmasdim - qiziquvchan edim, maqolalar yozish va turli voqealarni hikoya qilishni istardim. Bu aynan jurnalistikaning o‘zi. 23 yoshimda universitetni tamomlab, Liverpulga yo‘l oldim. O‘sha yerda sport jurnalisti sifatidagi faoliyatim boshlandi.
- Xo‘sh, keyin-chi?
- Liverpulda dastlab hamma mavzuda yozdim, Ispaniyaning Lecturas nomli «sariq» jurnalida ishladim. Angliyada yashaganim sababli ko‘pchilikni malika Diananing hayot tarzi qiziqtirardi. Uni kuzatib yurishimni talab qilishmasdi, shunchaki, ispaniyalik o‘quvchilarga Angliya elitasining qanday yashashini tasvirlab berishim kerak edi. Bu qiyin emasdi.
O‘z navbatida, parallel ravishda paparassi olami ham mavjudligini bilardim. Ular muntazam ravishda malika Dianani suratga olishar, haqoratlab, hattoki, ko‘z yosh to‘kishgacha olib borishardi. Jurnalistikaning bu turiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, biroq aynan «sariq matbuot» menga yordam berdi: oyiga ming funt maosh olardim, ijaraga kvartirada turardim, qornim to‘yardi.
Bu mashg‘ulot o‘zimga yoqardi, deyolmayman, ammo qiziqarli topshiriqlar bilan Ispaniyaga borishimga ham to‘g‘ri kelardi. Misol uchun, 1991 yili Barselona Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan ispaniyalik olimpiyachilar bilan qisqa intervyu uyushtirishimni so‘rashdi.
Sportchilarning ismlarini bilmasdim, fotosuratlarni ko‘zdan kechirgach, suhbatlashgani bordim. Ittifoqo, bir qizning yoniga borib, so‘radim: «Olimpiadada qatnashasanmi?» - «Ha» - «Yoshing nechada? Isming nima?». Shu payt ikki nafar baquvvat kishi yelkamdan ko‘tarib, o‘rnimdan qo‘zg‘atishdi.
Nima bo‘layotganini tushunmadim. Keyinroq bilishimcha, suhbatdoshim qirolning qizi Kristina ekan, yelkanli sport bilan shug‘ullanarkan. U Olimpiada arafasida mashg‘ulot o‘tkazgan, bundan esa bexabar ekanman.
- 1997 yili malika Diana vafot etgandi. O‘sha kunni eslaysizmi?
- Shok holatiga tushgandim. U paytlari mobil telefonim yo‘q edi. Yodimda, tongda uyg‘onib, malikaning vafotidan xabar topgach, darhol yozishga kirishgandim. 40 sahifani qoraladim: Diana kim, u Angliya uchun qanday ahamiyatga ega, nima ro‘y berdi?.. Mash’um hodisani shov-shuv emas, bir inson tarixi sifatida ommaga yetkazishni istagandim. Katta maqola tayyorladim.
Go‘yoki, malika Diananing o‘limiga qadar bor bo‘lgan Angliya yo‘qolgandek tuyulgandi. Mashhur musiqa, moda, madaniyat sohibi bo‘lgan mamlakat qaytmaydigandek edi. Vaziyat o‘zgardi, monarxlar paparassi ustidan nazoratni kuchaytirishdi - nomdor shaxslarni suratga olish yanada qiyinlashdi.
- Tezkor ma’lumotlarni qayerdan olasiz?
- Kerakli odamlarni taniyman: ular bilan birga tushlik qilaman, telefon orqali suhbatlashaman, ma’lumot almashaman.
- Nima uchun sizga ishonishadi?
- Chunki hamisha rost so‘zlayman. Ba’zan xato ma’lumotlar tarqatganim ham rost. Xabi Alonsoning «Real»dan ketishni xohlamaganini (buni uning o‘zi aytgandi) bilganim uchun «Bavariya»ga o‘tmasligi haqida xabar berganman. Bir necha kundan so‘ng transfer rasman e’lon qilingandi.
- Bu ma’lumotni Alonso o‘zaro suhbat chog‘i aytgan. Uni ommaga oshkor etganingiz to‘g‘ri ishmi?
- Bu jurnalistika. Boz ustiga, ushbu xabarni boshqalar bilan baham ko‘rish mumkinligini bilardim.
- Ronaldu - «Real»da. Torres - «Liverpul»da. Bunday xabarlarni kimdan olardingiz?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.