Kilian Mbappe o‘tgan mavsum Fransiya chempionatida eng yorqin yulduzlardan biri edi. Endi muxlis va mutaxassislar uning Liga 1da mutlaq «gegemon»lik qilishini kutmoqdalar.
Vaholanki, Fransiya elit divizionida Neymar ham bor. Ko‘pchilikning fransiyalik yosh iqtidor tomon «og‘ishi» sababi tayin: uning JCH-2018da ko‘rsatgan o‘yinlari.
Qolaversa, mundial qahramonlaridan birining o‘zi ham France Football nashriga bergan intervyusida yangi mavsumga tojdorlarga xos viqor hamda kuchli ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi.
«G‘OLIB CHIQISHIMIZNI AVVALDAN BILGANDIM»
- Xorvatlarga qarshi kechgan final yakunida avvalo, miyangda nimalar charx urdi?
- Kubok bizniki! Nihoyat, unga teginishim, qo‘limga olishim, baland ko‘tarishim mumkin! So‘nggi haftalar faqat shu o‘y bilan ter to‘kkandik. Ochig‘i, kubokni boshim uzra baland ko‘tarish xayoli butun vujudimni qamrab olgandi.
- O‘zi bu fikr qachon tug‘ilgandi?
- Musobaqa boshlanmasidan oldin g‘olib chiqishimizni bilardim. Turnir davomida ishonchim ortib bordi, tobora kuchliroq o‘ynadik. Zero, jamoamizda hamma g‘alaba haqida o‘ylardi. Axir 50 kundan ko‘proq birga yurgandan keyin qandaydir soxtalikka o‘rin qolmaydi.
- Xo‘sh, chempion bo‘lishinglarga aynan qaysi payt uzil-kesil ishonch hosil qilding?
- Urugvay termasini yengganimizdan keyin. To‘g‘ri, argentinaliklarga qarshi kechgan o‘yin ham muhim ahamiyatga ega edi. Lekin aynan chorak finaldagi g‘alaba kuchimizga kuch qo‘shdi. Chunonchi, urugvayliklarni o‘z qurollari bilan taslim etdik. Godin, Suares, Kavani - standart vaziyatlar ustalari. Qarang, biz raqib darvozasini ayni shu usul vositasida ishg‘ol qildik.
- «Lujniki»da o‘ta xotirjam ko‘rinding, o‘yindan keyingi nishonlash chog‘i ham alohida ajralib turmading, bu g‘alabaga qattiq ishonganing samarasimidi?
- Aslida o‘sha lahzalarda quvonchdan bo‘kirishga ham tayyor edim. Lekin negadir bosiqroq bo‘lishni ma’qul ko‘rdim. Balki raqiblar shundoq yonimizda turishgani uchun ozgina xijolat qilgandirman... Axir xorvatlar bizdan bor-yo‘g‘i 5 qadam nariroqda ma’yus turgandilar. Nima, ularning oldida shodlikdan osmonga sakrashim kerakmidi?
- L~Equipe nashri ma’lumotlariga ishonsak, yarim final va final uchrashuvlarida salomatliging talab darajasida bo‘lmagan. Lekin buni yashirdinglar, nega?
- Futbol qoidasi shunday. Ha, Belgiya termasiga qarshi kechgan o‘yinda umurtqam jarohatlandi. Biroq buni hech kimga sezdirmadik. Shifokorlarga rahmat - imkon qadar yordam berishdi, oyoqqa turg‘azishdi. Agar raqiblar jarohatlanganimni bilishganida, og‘riqli nuqtaga zarba berib, meni safdan chiqarishga urinishlari hech gap emasdi. Shu tufayli muammoni sir saqladik.
«JAHON CHEMPIONATI - FAOLIYATIMNING BIR POG‘ONASI»
- Asosiy cho‘qqi zabt etildi. Endi yana nimani orzu qilish mumkin?
- O‘ylashimcha, jahon kubogini yutgan futbolchilarning 70 foizi xotirjam tortishi mumkin: «Maqsadga erishdim, bundan buyukroq orzu yo‘q». Men esa boshqachaman - bu atigi boshlanishi. Deylik, final oqshomidayoq navbatdagi mundial haqida o‘ylay boshladim. Ishtiyoq shu qadar kuchliki, hammasi qayta takrorlanishini istayman. O‘zimga aynan tabiatan g‘alabaga chanqoqligim yoqadi. U shunday motorki, to‘xtashga imkon bermaydi. Hattoki, g‘alabadan zavqlanishga ham vaqtni qizg‘onaman!
- Balki bu yoshlik shijoatidir...
- Shubhasiz. Ehtimolki, 32 yoshda, ya’ni faoliyatimning so‘nggi bosqichida boshqacha o‘ylarman. Hozir esa endi 19 yoshni qarshi oldim, kamolot yo‘lidaman. Kelajakda qanday marralarga ko‘tarilishim ma’lum emas. Lekin bilganim shuki, JCH - faoliyatimning bir pog‘onasi. Bungacha «Monako» tarkibida CHL yarim finaliga chiqib, dastlabki muvaffaqiyatni qayd etgandim. Keyin «PSJ» safiga qo‘shilib, yangi bosqichga kirishdim. Mana, Rossiya mundialida navbatdagi pog‘onaga chiqdim.
- Zafarli finaldan so‘ng «ettinchi osmon»dan yerga tushish uchun qancha vaqt kerak?
- Shaxsan men juda tez pastga tushdim - o‘yin tugagach, futboldagi qisqa yo‘lim bir zum xayolimda gavdalandi. Umuman, Parijga qaytish chinakam sinov bo‘ldi. Avtobusda keta turib, yo‘l chetidagi odamlar ko‘pligidan hayratlandim: «Nahotki, shuncha olomon faqat bizni kutib olish uchun to‘plangan?!»
«MUVAFFAQIYATIMIZNI FAXRIYLAR BELGILAB BERISHDI»
- Final hushtagi yangraganidan keyin seni birinchi bo‘lib kim quchgani yodingdami?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.