Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

O‘FA mutaxassislari Rossiyaning «Lokomotiv» futbol klubi bilan muzokara o‘tkazdi

O‘FA mutaxassislari Rossiyaning «Lokomotiv» futbol klubi bilan muzokara o‘tkazdi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi mutaxassislari guruhi Rossiya futbol uyushmasi hamda professional futbol ligasida ishtirok etayotgan bir necha professional klublar bilan muzokaralar o‘tkazish, ularning faoliyatini o‘rganish hamda ular bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida jo‘nab ketishgani haqida xabar bergan edik.

Dilshod Saidmurodov, Jo‘rabek Sabdarov va San’at Sharipovlardan iborat O‘FA mutaxassislari guruhi terma jamoamizning sobiq a’zolari Vladimir Maminov va Oleg Pashininlar to‘p surgan, Rossiya premyer ligasining amaldagi chempioni bo‘lgan Moskvaning “Lokomotiv” futbol jamoasi ijrochi direktori Aleksey Kirichek hamda ijrochi direktor o‘rinbosari Dmitriy Ivanovlar bilan uchrashuv o‘tkazishdi.

Yig‘ilishda superligamiz formati haqida ham so‘z bordi. Rossiyalik mutaxassislar Rossiya futbol ligasida ham 1992 va 2014 yillarda ushbu formatdan foydalanilganini, ammo bu format o‘zini to‘liq oqlamaganini aytib o‘tishdi.

Muxlislarga yaxshi ma’lumki, “Lokomotiv” klubi so‘nggi marta 2003 yilda Yevropa chempionlar ligasida ishtirok etgan edi. Oradan 15 yil vaqt o‘tib, klub yana ushbu musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Mutaxassislarimizga “Lokomotiv” vakillari yevrokuboklar klubga qanday moliyaviy foyda keltirishi haqida ham to‘xtalib o‘tishdi. Klub mutasaddilarining so‘zlariga ko‘ra, natijalarga qarab klub bu musobaqada 15 milliondan 25 million yevrogacha pul ishlab olishi mumkin. UYEFAning koeffisentlar tizimiga ko‘ra, yevrokuboklarda muntazam ishtirok etib kelayotgan klublar ochkolariga qarab, ko‘proq pul ishlab topishlari mumkin bo‘ladi. Masalan, SSKA klubi Yevropa ligasida qatnashishiga qaramasdan, koeffisenti hisobiga ko‘ra 30 milliondan ko‘proq pul ishlab oladi. Aytib o‘tilgan summalar Yevropaning grand jamoalari uchun unchalik katta pul hisoblanmasa ham, “Lokomotiv” singari jamoalar uchun ulkan motivasiya hisoblanadi.

Uchrashuvda bir qator dolzarb masalalar haqida fikrlar almashildi. Xususan “Lokomotiv” klubining futbolchilar bilan o‘zaro tuzgan shartnomasi bandlari bilan tanishildi. Barchaga ma’lumki bunday darajasi yuqori klublar futbolchilar bilan 1-2 yillik shartnoma tuzmasdan, balki eng kamida 3 yillik shartnoma imzolashadi. Sababi jamoaga kelib qo‘shilayotgan futbolchi klubga mehr qo‘yib shu jamoaning bir bo‘lagiga aylanishi klub uchun muhim jihatlardan biridir. Shundagina futbolchi jamoada bor imkoniyati va salohiyati bilan, jon kuydirib to‘p sura oladi. Bu amaliyotni bizning PFLda ham qo‘llash maqsadga muvofiq ishdir. Klub mutasaddilari jamoalarning RPFLga to‘laydigan a’zolik badallari haqida ham gapirib o‘tishdi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, premyer liga jamoalari 12 million rubldan pul to‘lashsa, birinchi liga klublarining badallari 3-5 million rublni tashkil etadi.

“Lokomotiv” jamoasi “Rossiya temir yo‘llari” Aksiyadorlik jamiyatiga qarashli tashkilot bo‘lsada, professional klub sifatida homiysidan faqatgina reklama uchun pul oladi va boshqa xarajatlarini o‘z mablag‘lari hisobidan qoplaydi.

Klub mutasaddilaridan muxlislarni stadionga jalb qilish usullari haqida o‘rtoqlashish so‘ralganda, ular tomonidan quyidagi fikrlar bildirib o‘tildi. Xususan “Lokomotiv” klubi o‘zining uy stadionida Rossiyaning mashhur qo‘shiqchilarini konsertlar berish uchun taklif qiladi. Bu konsertlarda ayrim san’atkorlarga qatnashishlari uchun pul to‘lansa, ayrimlari beminnat xizmat ko‘rsatishadi. Stadion atrofida bolalari bilan tashrif buyurgan muxlislar uchun turli atraksionlar, o‘yin maydonchalari, bolajonlar uchun qiziqarli bo‘lgan yuz bo‘yovchi rassomlar xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

“Lokomotiv” vakillari bolalar futboliga ham alohida to‘xtalib o‘tishdi. Klub akademiyasi “Lokomotiv” uchun katta ahamiyatga ega. Akademiyaga yosh futbolchilar 11 yoshdan qabul qilinadi. Ammo mutaxassislar fikriga ko‘ra, bolakaylar 14 yoshgacha ota-onasi bag‘rida bo‘lishi, ulg‘ayib 14 yoshga yetgach akademiyada tahsilni davom ettirishi maqsadga muvofiqdir. Bu tizim Germaniyada ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Balki kelajakda “Lokomotiv” ham ushbu tizimga o‘tsa ajab emas. Akademiyada bolalar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar mukammal tarzda yaratilgan. Boshqa professional klublarning akademiyalari haqida fikr almashilganda Rossiyada faqatgina “Lokomotiv” va “Krasnodar” klublarininggina o‘quv muassasalari borligi ma’lum bo‘ldi. Mutasaddilar bu holatdan faxrlanishlarini aytib o‘tishdi. Har yili akademiya seleksionerlari 20-22 nafar iqtidorli yoshlarni akademiya safiga jalb qilishadi.

Rossiyada klublar o‘yin vaqtida xavfsizlikni ta’minlash uchun styuartlar yordamidan foydalanadi. Ularning har biri bilan alohida mehnat shartnomalari tuziladi va ushbu shartnomaga muvofiq ularga haq to‘lab boriladi. Faqat favqulotda holatlar paytida va darajasi yuqori bo‘lgan xalqaro o‘yinlarda milisiya xizmatiga murojaat etiladi.

Muzokaralar so‘ngida O‘zbekiston futbol assosiasiyasi va “Lokomotiv” klubi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olindi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, klub mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurib, O‘zbekiston jamoalariga seminarlar tashkil qilishadi.

O‘FA mutasaddilarining Rossiyaga safari davom etmoqda. Oldinda ularni Rossiya professional futbol ligasi hamda Rossiya futbol uyushmasi vakillari bilan muzokaralar kutib turibdi.

Manba: www.ufa.uz
Kiritildi: 13:15, 06.09.2018.
O'qildi: 3129 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.