Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Kilian Mbappe: «Buyuk futbolchi bo‘lish sharti - chin insoniylik...»

Kilian Mbappe: «Buyuk futbolchi bo‘lish sharti - chin insoniylik...»

Baho:
+ | -

Mbappe - sayyoramizdagi eng mohir yosh futbolchi, Mbappe - jahon chempioni, Mbappe - «Oltin to‘p»ga yaqqol da’vogar. Bular barchaga ma’lum. Fantastik tezligiyu, ajib gollari bilan hammani lol qoldirayotgan navqiron hujumchi JCH-2018dagi g‘alaba uchun berilgan mukofot puli (500 ming dollar)ni xayriya jamg‘armasiga hadya etib, Time jurnali muqovasidan joy oldi. Eng hayratlanarlisi, 19 yoshli Kilian mulohaza yuritish bobida ko‘pni ko‘rgan donishmandlarni eslatmoqda! Keling, yaxshisi, keyingi 10-15 yil davomida futbol saltanatiga hukmronlik qilishi kutilayotgan mohir hujumchining turli vaqtlarda aytgan donolarga xos fikrlari bilan tanishib chiqamiz.

O‘z maqomi haqida

- Hozirgi ishlarim o‘zim uchun g‘ayritabiiydek tuyulmaydi. Shunchaki, men juda yaxshi uddalaydigan yumush bilan mashg‘ulman. O‘ylaymanki, har bir kishi o‘z kasbining chin ustasi bo‘lishga intiladi. Buning ajablanadigan tomoni yo‘q. Ha, mavsum davomida 60tacha gol urish faqat noyob iqtidor sohiblariga nasib etadi. Afsuski, ular juda oz. Shunday ekan, jarangdor iboralardan uzoqroq turaylik: ayni payt yaxshi sport formasida ekanligimdan foydalanib, zimmamdagi vazifani ko‘ngildagidek ado etyapman. Bor gap shu.

Atrofdagilar e’tibori haqida

- Matbuotning kuchli munosabatiga imkon qadar befarq qarashim kerak, atrofdagilar e’tiboriga ham shunday yondashishga intilaman. Kun tartibim boshqalarnikidan farq qilmaydi: ertalab mashg‘ulotlarga yo‘l olaman. Yashirmayman, kun sayin yaxshiroq natija ko‘rsatishga urinyapman va buni uddalasam, xursand bo‘laman, albatta.

Liga kubogi finalidagi mag‘lubiyat haqida

Mbappe «Monako» safida «PSJ»ga qarshi o‘ynagandi

- O‘sha bellashuv kelajagim uchun ulkan saboq bo‘ldi. Chunonchi, o‘ta qulay vaziyatlardan foydalanolmadim, jamoadoshlarimni kurashga qaytarolmadim. Vaholanki, yengilayotgan pallada yetakchilikni qo‘lga olishim kerak edi. Ammo bu ish uddasidan chiqolmadim.

Falkao haqida

- O‘ylashimcha, o‘ta omadli o‘yinchiman, chunki faoliyatim boshida Radamel Falkaodek mohir hujumchi bilan yonma-yon to‘p surish, shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldim. U katta doirada bir talay gollar urdi, demakki, futbolda o‘chmas iz qoldirdi. Umuman, Radameldan har kuni qandaydir yangi «hunar» o‘rganish mumkin.

Kumiri haqida

- Futbolga Zidan tufayli mehr berganman. Zizudan keyin yana bir qator o‘yinchilar ham o‘z o‘yinlari bilan rom etishdi. Ammo Zidan birinchi raqamli kumir bo‘lib qolaveradi. Videoyozuvlarni tomosha qilar ekanman, aynan Zidandek o‘ynash ishtiyoqi kuchayib boraveradi. Meni Tyerri Anriga qiyoslashlariga kelsak, bu yoqimli, albatta. Biroq uning o‘rnida bo‘lganimda, deyarli hech narsaga erishmagan 18 yoshli yigitcha bilan tenglashtirishlaridan ranjirdim, ochig‘i...

Kimligi haqida

- Ayrimlarning aytishlaricha, rivojlanish bobida tengdoshlarimdan ancha o‘zib ketibman. Aslida hamon onasining qat’iy nazorati ostida mashg‘ulotlarga qatnaydigan 18 yoshli bolakayman. Hanuzgacha haydovchilik guvohnomasi olganim yo‘q. Bu men uchun hayotdagi birinchi yirik xatodir.

Orzu-istaklari haqida

- Nimanidir orzu qilish yaxshi, ammo barchasini ro‘yobga chiqarish uchun ter to‘kish yanada ma’qulroq. Ayni shu iborani tez-tez takrorlashni yoqtiraman. YECHL - orzularimdan biri, hamma ham bu turnirda g‘olib chiqishni istaydi. Lekin g‘alaba gashti sanoqli futbolchilarga nasib etadi. Muhimi, chin yulduzlar darajasiga yetishni xohlayman. Sovrinlar? Ha, ular hammasidan muhimroq. Xususan, meni eng nufuzli sovrinlar qiziqtiradi. Masalan, «Oltin to‘p»...

«Monako» bilan xayrlashuv haqida

- Ketish qarorim klubning barcha muxlislariga birdek ma’qul tushmaganini bilaman. Ayrimlar mendan qattiq ranjishganini ham. Ayniqsa, matbuotda tarqalgan soxta ma’lumotlardan keyin. Biroq o‘sha-o‘shaman, oilam ham o‘zgarmadi. Ha, fanatlar mendan arazlashlari, nafratlanishlari mumkin. Lekin bu ularga nisbatan muhabbatimga ta’sir etmaydi. Chunki muhabbatim - chin sevgi. Barchangizni sevaman!

Jadal yuksalishi haqida

- Mahoratimni oshirish ustida to‘xtovsiz izlandim, doimo ishonch bilan olg‘a intildim. Biroq bunchalik keskin parvozni o‘zim ham kutmagandim. Nima derdim, endi shu tezlik, shu sur’atni bo‘shashtirmasligim kerak. Maqsadim - buyuk futbolchi darajasiga ko‘tarilish.

Neymar va Kavani haqida

- Neymar ajoyib yigit, men uchun xuddi akamdek. U bilan hech qachon zerikmayman. Kavani esa jamoadagi eng yaqin hamkorim, u doimo harakatda. Bo‘sh hududlarni tez ilg‘aydi, ajoyib zarbaga ega. Qisqasi, Edinson zamonaviy futboldagi eng kuchli hujumchilardan biri, shubhasiz. Qo‘shimchasiga, u juda yaxshi inson ham.

Hakamlar xususida

- Futbolda hakamlar nima uchun o‘yinchilardan ustun turishni xohlashlarini sira tushunmayman. Qarang, ularning qarorlarini muhokama qilolmaymiz, bahslashishga haqqimiz yo‘q. Vaholanki, hammamiz bitta yumushni bajaramiz.

Krishtianu Ronaldu haqida

- Ronaldu - bolalikdagi qahramonim. «Real» bazasida ilk marta unga duch kelganimda, hayratdan qotib qolganim yodimda. Endi esa ulg‘aydim, o‘zim ham zafar quchishni istayman.

Chempionlar haqida

«PSJ» CHL nimchorak finalida «Real»dan yengilganidan keyin

- Biz yetarli tayyorgarlik ko‘rgandik, tanbehga o‘rin qoldirmagandik. Ammo «Real» saviyali o‘yinchilar va chin chempionlar o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatib qo‘ydi...

JCHdagi muvaffaqiyat haqida

- Bu muhim davr, yuksak marra. Eng asosiysi, g‘olib chiqdik, jahon chempioni bo‘ldik! Faoliyatim endi boshlanmoqda, oldinda «PSJ» bilan hamkorlikda zabt etiladigan nurli cho‘qqilar va shaxsiy sovrinlar kutib turibdi. Tabiiyki, hozir sekinlashadigan payt emas.

Hayotdagi muhim jihatlar haqida

- Hayotim birdaniga tubdan o‘zgarib ketdi. Bolalikda qandaydir imkoniyatlardan foydalanolmadim, deb o‘ylayman. O‘smirlikda esa o‘yin-kulgulardan chetda qoldim. Ayni o‘sha pallada eng yorqin yulduzlar, buyuk futbolchilar kamtar inson bo‘lishganini tushundim. Ular odamlarni hurmat qilishgani uchun xalqlar nazariga tushishgan. O‘ylashimcha, yorug‘ dunyoda 3ta bebaho qadriyat mavjud: hurmat, kamtarlik va samimiylik. Onajonim hamisha bir gapni qayta-qayta ta’kidlaydi: «Buyuk futbolchi bo‘lish uchun avvalo, chin inson bo‘lishing lozim».

AQSHning eng mashhur jurnali - Time Kilian Mbappeni «Futbol olamining ertangi yetakchilari» qatorida e’tirof etdi. Ya’ni jurnal  fransiyalik iqtidor suratini «Mbappe - futbol kelajagi» shiori ostida o‘z muqovasiga qo‘ydi. Yakunda nashr jurnalistlari futbolchiga bir necha savol bilan murojaat qilishdi.

- Oxirgi yilda hayoting qay darajada o‘zgardi, yoshlik zavqini surishga vaqt qolmayotganini sezyapsanmi?

- Ha, yakunlanayotgan yilda hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi. O‘zgarish «Monako»dan «PSJ»ga o‘tishim bilan boshlangan edi. Keyin shov-shuvlar JCHga ulanib ketdi. O‘ta baxtiyorman, chunki hozirgi hayotimni faqat orzu qilish mumkin. Lekin men yetisholmayotgan jihatlar ham bor, albatta. Masalan, yoru-do‘stlar bilan bemalol dardlashish, hamma qatori xotirjam yashashning iloji yo‘q. Kattalar hayotiga moslashish oson emasligi tushunarli. Endi har qadamda yetuk inson kabi ish tutishim talab etiladi.

- Oilang haqida ma’lumot bersang. Zero, yaqinlaring bilan doimo birgasan, to‘g‘rimi?

- Ha, juda ahilmiz. Chinakam oila! Hamisha, har joyda birgamiz. Ulkan stol atrofida tamaddi qilish - oilamiz an’anasi. Birinchi marta maydonga tushganimdan boshlab hozirgacha, ya’ni 80000 muxlis qarshisida to‘p surish darajasiga yetishimga qadar ota-onam va ikki nafar ukamning yonimda ekanliklaridan o‘zgacha quvvat oldim. Ahil oila daldasi meni bor kuch bilan o‘ynashga undaydi.

- Hozirgi holatingda kamtarlikni saqlab qolish juda qiyin. Aytchi, bunga qanday erishyapsan?

- Menimcha, JCH men uchun avvalo, jiddiy sinov, fantastik turnir bo‘ldi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdim, deb o‘ylayman. Oldinda yanada qiziqarli musobaqalar ko‘p. Eng sara o‘yinchilar safiga kirishni orzu qilardim, mana,  Fransiya chempioni bo‘ldim, jahon birinchiligida zafar quchdim. Endi yanada ko‘proq sovrin yutishni istayman. Xususan, Qatarda Rossiyadagi muvaffaqiyatni takrorlash uchun borimni beraman. Futbolchilik faoliyati qisqa, qandaydir 15 yil ichida hammasiga ulgurish kerak.

- Bondi (Mbappe tug‘ilib-ulg‘aygan shaharcha)da hamma aynan senga o‘xshash ilinjida ekan. Yosh avlodga qay tariqa namuna ko‘rsata olasan?

- Kimgadir ibrat ko‘rsatish uchun mukammal inson bo‘lish kerak. Bu juda katta mas’uliyat! Menimcha, har kim o‘zligini saqlab qolgani ma’qul. Mana, ayni shu yo‘lni tanladim va xato qilmadim. Bu yog‘iga ham o‘z yo‘limdan qaytmayman. Loaqal yosh avlodni ilhomlantirishim kerak.

- JCHdagi g‘alaba uchun berilgan mukofot pulini xayriya jamg‘armasiga tortiq etibsan...

- G‘alabamiz uchun haq to‘lashlari shart emasdi. Axir vatan sharafini himoya qilib, burchimizni bajardik. Boz ustiga, topish-tutishim chakki emas. Hattoki, ehtiyojimdan ancha ko‘p topyapman. Demak, ortiqcha pulni muhtojlar bilan baham ko‘rishim lozim. Zero, hayotda bemorlar, nimagadir muhtoj kishilar ham bor. Menga o‘xshagan katta daromadga ega futbolchilar uchun nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Ha, bu bilan hayotimiz o‘zgarib qolmaydi, lekin ehtiyojmandlarga ozgina yengillik tug‘dirish kishiga quvonch bag‘ishlaydi!

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:42, 18.10.2018.
O'qildi: 2164 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.