Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Gvardiola vs Sarri vs Klop APLda kim favorit?

Gvardiola vs Sarri vs Klop APLda kim favorit?

Baho:
+ | -

Angliya grandlarining sinxron tarzdagi starti o‘ziga xos tahlil o‘tkazishga undaydi. Qayerlik futbolchilar yaxshiroq ko‘rsatkichga egalar: ular Manchesterdanmi, Londondanmi yoki Liverpuldan? APLdagi 8ta turdan keyin, ya’ni Millatlar ligasi va FIFA kunlari munosabati bilan e’lon qilingan tanaffus arafasida birdaniga uchta jamoa 20tadan ochko to‘plagan. Shunga qaramay, qaysi klub mavsumni qolganlardan ildamroq boshlaganini aniqlash qiziq-ku. Demak, o‘ziga xos solishtiruv o‘tkazamiz. Har bir nominasiyadagi ustunlik uchun - 3, ikkinchi o‘ringa - 2, uchinchi bo‘lganlarga esa 1 balldan beramiz. Yakunda hosil bo‘lgan raqamlar umumiy farqni ko‘rsatadi.

Hujumkorlik ko‘rsatkichlari

Gollar bo‘yicha «Manchester Siti» hammadan yuqorida - 21ta to‘p. Keyingi o‘rinda «Chelsi» bormoqda - 18ta gol. «Liverpul»da esa samarali hujumlar soni ko‘proq - 15ta. Yanada chuqurroq tahlil qilinsa, «qizil-lar»ning zarbalar yo‘llash bo‘yicha ortda ekanliklari oydinlashadi - 14,4. «Chelsi» bu borada ham ikkinchi. «Manchester Siti»ning yetakchiligi hech kimni hayron qoldirmasligi aniq - bir o‘yinda 21,8ta aniq zarba. Endi esa yo‘llangan zarbalarning foydalilik koeffisiyentini hisoblaymiz, zero aniqlik juda muhim.

 

Gvardiolaning merganlari 37 foiz holatda darvozani aniq nishonga olishadi, Klopp shogirdlarida - 42 foiz, Sarri futbolchilarida esa - 33 foiz. Savollar bo‘lsa, Morata va Jiruga berish mumkin. Jarima maydonchasi ichida zarbalar kolleksiyasiga ega o‘yinchi yo‘q, bu kamchilikni Azarning o‘zi sezdirmaslikka urinmoqda. Shuning uchun ham «Chelsi» ortda bormoqda, «Liverpul» esa Salohning noaniq harakatlari tufayli gollari sonini oshira olmadi. Yetakchi aniq, ikkinchi o‘ringa esa hujum uyushtirishni o‘rganayotganlarni joylashtiramiz.

1-o‘rin: «Manchester Siti»; 2-o‘rin: «Chelsi»; 3-o‘rin: «Liverpul».

Ijrochilar holati

Futbolda ramziy jamoalar tuzish odat tusini olgan - hattoki, FIFA ham shunday qiladi. Ammo mazkur holatda o‘z saviyasidan past o‘yin ko‘rsatayotganlarni ajratib ko‘rsatish kerak, chunki ularning yuqori darajada ekanliklarini barcha biladi. «Siti»da APL uchrashuvlarini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazayotgan o‘n nafardan ko‘proq futbolchi topiladi. Xatolar ham uchrab turibdi - Mahrezning «nuqta»dan zarba yo‘llashda adashgani shular jumlasidan.

«Liverpul»da van Deykning ishlari yaxshi, Alisson esa ham qutqaryapti, ham yanglishyapti. Shunga qaramay, Milner va hujumkor uchlik bor - Saloh hamda Firmino yanada ko‘proq gol urishlari mumkin edi, Mane esa hamma uchrashuvlarda ham barqarorlikka erisholmayapti. «Chelsi»ga Sarri kelgach, hattoki Fabregasda ham futbolga qiziqish ortdi. Kepa o‘yinlarning yarmini «quruq» o‘tkazdi. Mudofaa chizig‘iga e’tiroz yo‘q, Luis va Alonso yorqin taassurot qoldirishmoqda. Kovachich - Jorjinyo tandemi jamoaga tezda moslashishdi, Kante hamda Azar esa har doimgidek ajoyib o‘yin ko‘rsatishmoqda. Agar «nima qila olishadi» va «nima qilishyapti» o‘rtasidan parallel chiziq o‘tkazsak, g‘olib nomi o‘z-o‘zidan oydinlashadi.

1-o‘rin: «Chelsi»; 2-o‘rin: «Manchester Siti»; 3-o‘rin: «Liverpul».

Himoyadagi yutuq

O‘tkazib yuborilgan gollarning kamligi bo‘yicha «Manchester Siti» va «Liverpul» oldinda, «Chelsi» esa, qanchalik g‘alati tuyulmasin, bu borada «Vulverxempton» hamda «Les-ter»dan ortda bormoqda. Chunki londonliklar mudofaa chizig‘ida tartib o‘rnatguncha biroz vaqt yo‘qotishdi. Gvardiola va Klopp jamoasida 3tadan o‘tkazib yuborilgan to‘p bor, Sarrida esa - 5ta. Raqiblariga zarba yo‘llash imkoniyatini berish borasida ham farq ko‘rinmoqda. Kepa qo‘riqlayotgan darvoza tomon bir o‘yindan o‘rtacha 10 marta zarba yo‘llanayotgan bo‘lsa, Edersonni raqib hujumchilari o‘rtacha 6-7 martadan bezovta qilishmoqda.

Hozircha o‘rtada turgan «Liverpul» to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha yetakchi - Kloppning pressingi ish bermoqda. Ammo «qizillar» to‘pni egallab olish borasida «Manchester Siti»dan ortda qolishmoqda. Bu ham mantiqan to‘g‘ri, zero Xosep ixtiyoridagi futbolchilar asosiy vaqtni oldingi chiziqda o‘tkazishadi. Kepa va Alisson bilan solishtirganda, Edersonga kamroq ish topiladi, vaholanki, APLning qimmatbaho mehmonlari ham har o‘yinda 2,3tadan «seyv» ijro etishmoqda. Demak, ushbu nominasiyada ham g‘olib tayin.

1-o‘rin: «Manchester Siti»; 2-o‘rin: «Liverpul»; 3-o‘rin: «Chelsi».

Raqiblar saviyasi

Yetakchilarni solishtirish va baholash jarayonida ko‘rsatkichlarning qaysi o‘yinlarda qo‘lga kiritilganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Raqib imkoniyatlarini qanday chamalaymiz? Demak, favoritlarga qarshi bahs yuritgan raqiblarning 8ta turdan so‘ng turnir jadvalida qaysi pog‘onani egallab turganini hisoblaymiz va kimda eng kam raqam aniqlansa, o‘sha yetakchi bo‘ladi.

«Liverpul» «Manchester Siti» va «Chelsi» bilan durang o‘ynadi. Ayni payt «jon» saqlash hududida borayotganlar bilan bellashmadi, ammo «Tottenxem»ga ro‘baro‘ kelishga ulgurdi - «PSJ»ni yengishdan avval «Uembli»dan «shporlar»ni mag‘lub etgandi. Kloppning raqiblari nisbatan jiddiyroq edi, «Manchester Siti» hamda «Chelsi»ning bu boradagi ko‘rsatkichlari esa deyarli teng. Farqi - Sarrining raqiblari saviyasi biroz yuqoriroq bo‘lgan.

1-o‘rin: «Liverpul»; 2-o‘rin: «Chelsi»; 3-o‘rin: «Manchester Siti».

To‘p bilan ishlash madaniyati

Bu punktda ustunlik kim tomonida ekani ayon. Ammo «Manchester Siti» standartiga kim yaqinroq borganini bilish qiziq: «Chelsi»mi yoki «Liverpul? E’tiborlisi, o‘yin holatida va standart vaziyatlardan urilgan gollar statistikasi ham bu savolga javob berishi mumkin. Klopp shogirdlari 7 marta o‘yindan, 6 marta standart va penaltilardan to‘p kiritishgan, yana bittasi esa avtogol sifatida qayd etilgan. «Chelsi» futbolchilari 4ta standartdan unumli foydalangan bo‘lsalar, 1ta avtogol qayd etilgan. Yana 13ta gol o‘yin holatida urilgan. Bu borada «Siti» yetakchi - o‘yindan 16ta, standartdan 3ta gol va bitta avtogol.

Manchesterliklarda to‘pni egallab turish ko‘rsatkich yuqori, «Chelsi» - ikkinchi. Paslar aniqligi bo‘yicha uchala jamoaning ko‘rsatkichlari bir-biriga yaqin. Uzatmalar sonida esa tartib o‘zgarishsiz qoladi - «Siti»dan keyin «aristokratlar» borishmoqda. Yana bir qiziqarli holat - «Chelsi» va «Liverpul»da har ikki qanot teng ishlaydi. «Manchester Siti» futbolchilari esa asosiy e’tiborni chap tomonga qaratishadi. Umumiy hisobda esa Angliyaning amaldagi chempioni hamon ustun. Chunki manchesterliklar hal qiluvchi paslar soni bo‘yicha «qizillar»ni bir yarim martalik tafovut bilan ortda qoldirishgan.

1-o‘rin: «Manchester Siti»; 2-o‘rin: «Chelsi»; 3-o‘rin: «Liverpul»

Murabbiylar mehnati

Gvardiolaning futbol haqida hamon to‘lqinlanib gapirayotgani, taktik detallarni oshkor etayotganda jilmayishini inobatga olsak, ushbu mutaxassisning cho‘qqida ekanligi bejiz emasligini tushunamiz. Klopp va Sarri ham juda yaxshi ishlashmoqda, ayniqsa, Maurisio. «Chelsi» ustozi asosiy raqobatchilarining yoqimtoyiga aylangan - Gvardiola uni Angliyaga chorladi, Yurgen esa maqtovlarga ko‘mdi. Shuningdek, Sarri «Chelsi»ning futbolga yondashuvini o‘zgartirmoqda.

Hozircha hammasi joyida. De Laurentis Sarri mavzusida hali ko‘p gapirsa kerak - ular Maurisio ketayotganda arazlashib qolishgan bo‘lsa, Abramovich hamkorlikning boshlanishidan mamnun. Kloppning «Liverpul»dagi faoliyati ham barchani qoniqtirmoqda, qolaversa, yozda «Real»ga rad javobini berdi.

1-o‘rin: «Chelsi»; 2-o‘rin: «Manchester Siti»; 3-o‘rin: «Liverpul».

Xulosa

1-o‘rin: «Manchester Siti» - 14 ball; 2-o‘rin: «Chelsi» - 13 ball; 3-o‘rin: «Liverpul» - 9 ball.

Sarri qisqa vaqt ichida «Chelsi»ni qayta shakllantirdi, xuddi Gvardiola «shaharliklar»ni bir maromga keltirgani kabi. Bugungi solishtiruv yakunida «Manchester Siti» g‘olib chiqdi, ammo raqobatchilar bilan farq katta emasligini inobatga olish darkor. Xosepning e’tibori Chempionlar Ligasiga qaratilganda, jamoasi esa har hafta fokuslar ko‘rsatishni takrorlashdan charchaganda, kurash yanada keskinlashadi. Mazkur holatda «Liverpul» futbolchilarida o‘ziga xos motivasiya borligi o‘z so‘zini aytishi mumkin: klubga tekkan «qarg‘ish»ni yechish ishtiyoqi birinchi darajaga chiqishi, shu tariqa tarixda ilk bor APL g‘olibiga aylanish xohishi ustun kelishi hech gap emas.

Yoki «Chelsi»ni olaylik. Sarrini sovrinlar sari undash shartmas - faoliyati davomida ulkan yutuqlarga erishganicha yo‘q. «Aristokratlar»da esa raqobatchilari qaysidir jihatlar bo‘yicha kuchli bo‘lgan paytda ham chempionlikka erishish tajribasi bor. Maurisio tatbiq etgan yangilik mag‘lubiyatlar va xatolar orqali sinovdan o‘tkaziladi, buni jamoa futbolchilari ham ta’kidlashmoqda. Ammo hozircha «Chelsi»ning ishlari joyida, «Manchester Siti»ning holati ham har doimgidek yaxshi.

 

«Liverpul» esa, garchi startda muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsada, nuqsonlarga ega va Klopp ularni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Aytaylik, «qizillar» bitta to‘p far-qi bilan oldinda borayotganda, bosh-qa hisobni ko‘zlab, oqibatda ochkolar yo‘qotishgan.

Favoritlar uchun mavsum yaxshi boshlandi, ammo ularning ortidan 18tadan ochko to‘plagan «Arsenal» va «Tottenxem» kelmoqda. Shuningdek, APLda «Bornmut» hamda «Manchester Yunayted» singari kuchsiz bo‘lmagan o‘rtamiyonalar bor.

Umuman olganda, hammada ham xato kuzatiladi. G‘alabalar seriyasi qayd etayotgan «Arsenal» startda Gvardiola va Sarriga yutqazdi. Hattoki, to‘plar farqi bo‘yicha yetakchi bo‘lib turgan «Manchester Siti»da ham kamchilik bor. Ammo baribir, favoritlarning ko‘pligi bo‘lajak chempion bilan bog‘liq bahs-munozaralarni vujudga keltiradi. APLda intriga saqlanib turibdi, bu esa muxlisu mutaxassislar uchun ayni muddao!

O‘zgacha braziliyalik yoki Koutinyo nimaning hisobiga zo‘r?

«Barselona» vakiliga o‘xshash futbolchilarni oxirgi vaqtlarda «xayolot» sifatida ta’riflashmoqda. O‘zi braziliyalik aksariyat mashhur o‘yinchilarning hayot yo‘li drama chizgilariga to‘la. Kimdir qashshoqlikda o‘tgan bolaligini eslasa, yana birov jinoyatchilik yuqori nuqtaga chiqqan o‘lkada, bezorilar davrasida ulg‘ayganini tilga oladi. Koutinyoda esa hammasi boshqacha...

Bo‘lajak futbolchi Braziliyaning qoq yuragi - Rioda taniqli me’mor oilasida tug‘ilgan. Yosh Felippe bolaligidan ikki akasi hamrohligida futbol bilan yaxshi sharoitlarda shug‘ullangan. To‘g‘ri, u ham futbol killeri instinktini avvaliga ko‘chada rivojlantirgan. Ya’ni vunderkindning ajoyib qobiliyatlari yaqqol ko‘zga tashlanishiga qadar hammasi oddiy davom etgan. Keyin voqealar klassik ko‘rinish olgan - mahalliy akademiya, «Vasko Da Gama» ko‘rigi va kattalar futbolida debyut. Koutinyo Yevropaga ko‘chib o‘tishni ham sira paysalga solgani yo‘q. O‘z oldiga qo‘ygan muayyan maqsadlariga erishgach, darhol yanada yuqoriroq marralarni ko‘zladi. Felippe shu tariqa «Inter» safiga qo‘shildi, keyin «Espanyol»da ijara kelishuvini o‘tadi va tez orada «Liverpul» libosiga burkandi, yakunda shov-shuvli tarzda «Barselona» tarkibini to‘ldirdi.

Muhimi, Koutinyo faoliyatining har bir bosqichida boshqalarda yo‘q qandaydir xislatlarga egaligini isbotladi. Ayni shu jihat Kataloniya klubi rahbariyatini uning transferiga 130 mln. yevro sarflashga undagan bo‘lsa, ajabmas. Braziliyalik futbolchi universallik bobida ham chakki emas va taxmin qilinganidek, hali klubda Andres Inyesta funksiyalarini to‘liq o‘z zimmasiga olsa kerak. Vaziyat yaratish, qulay to‘p oshirish, zarba berish uchun vaqtida qulay pozisiyaga chiqish — bularning barchasi hozirning o‘zida Koutinyo qo‘lidan keladi. Felippening o‘yin uslubi Nike ijodkorlarini shunchalik ilhomlantirmoqdaki, ular Phantom VSN nomini olgan yangi butsa modeli yaratishdi. Kompaniya oxirgi marta yangi modelni 2014 yili aynan Andres Inyesta bilan taqdim etgandi. Ha, ko‘rinishidan, yangi «xayolot» vaqti keldi, chog‘i...

Koutinyoga xos o‘yin futbol simulyatorida har lahzada kuzatilishi mumkin. Lekin alohida e’tiborga olish kerak, braziliyalik «xayolot» barchasini real hayot - katta futbolda uddalamoqda. Uning turli yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlari chindan ham, havas uyg‘otadi. Mana, Instat dasturi yordamida olingan eng muhim ko‘rsatkichlarga e’tibor qarating (CHL guruh bosqichi 1-turida PSVga qarshi kechgan o‘yinda):

1. 81 daqiqa davomida 100tadan ortiq faol harakat (94ta urinishi — omadli). Deylik, o‘sha o‘yinda 3ta gol urgan Lionel Messi ham xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etdi, farqi shuki, argentinalik maydonda to‘liq vaqt o‘ynadi va unda omadli urinishlar soni Kataloniya klubida «10-raqam» missiyasini bajarayotgan Felippenikidan ozroq.

2. To‘g‘ri, Instatning umumiy bahosi bo‘yicha Messi oldinda, baribir. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir u golland klubi darvozasini 3 bora ishg‘ol qildi. Xullas, Koutinyo umumiy baho jadvalida 3-o‘rinni band etdi. Koutinyoning ayniqsa, uzatmalari soni diqqatni tortadi. Birinchidan, u qoyilmaqom aniqlik ko‘rsatdi (80ta uzatmadan 75tasi aniq). Ikkinchidan, 60ta holatda to‘p hujumga yo‘lantirilgan. Bu 75 foiz demakdir. Qisqasi, Koutinyo allaqachon hujum ijodkori roliga moslashib ulgurdi.

 

Felippe maydonda aql bovar qilmas darajada katta masofa bosib o‘tishga qodir. Zamonaviy futbolda pozision hujumlar orqali oldinga intiladigan jamoalar tobora kamaymoqda. Chunonchi, aqlga tayanib harakatlanish va tezkorlik birinchi o‘ringa chiqdi. Braziliyalik esa bu borada benazir hisoblanadi. Uning «Barsa»da almashtirilmas o‘yinchi maqomini mustahkamlayotganini shu faktorga bog‘lash mumkin. Deylik, 26 yoshli yarim himoyachi joriy yil Braziliya terma jamoasining har bir o‘yinida boshlang‘ich tarkibdan joy oldi.

Ortiqcha individual harakatlar braziliyaliklarga xos, biroq Koutinyoni bunday o‘yinchilar sirasiga qo‘shish noo‘rin. Bunga Instat xulosalari dalil. U shuning barobarida yakkama-yakka kurashlarda ham chakki emas. Yana PSVga qarshi kechgan o‘sha o‘yindan misol: futbolchi hujum harakatlari jarayonida raqib vakillari bilan 9 marta yakka-yakka kurashga kirishdi va ulardan deyarli yarmida ustun keldi. E’tiborga molik holat shuki, JCH-2018dagi omadsizlikdan keyin Braziliya terma jamoasi sezilarli darajada o‘zgardi. Lekin Koutinyo hamon o‘z joyida.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 07:21, 19.10.2018.
O'qildi: 7667 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.