Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Xoch, popukli jiyak, charm trusa yoki Futbol formalarining shedevr dizayni

Xoch, popukli jiyak, charm trusa yoki Futbol formalarining shedevr dizayni

Baho:
+ | -

«Myunxen 1860» klubi uchun tayyorlangan zaxira formasi dizayni eng g‘alati va o‘z vaqtida ko‘pchilikni yengil «shok» holatiga tushirgan futbol ekipirovkalarini eslashga undadi, chog‘i...

* «Myunxen 1860» rahbariyati Bavariya o‘lkasidagi eng asosiy bayramlardan biri - Oktoberfest sharafiga klub uchun tayyorlangan formalarning 4-to‘plamini taqdim etdi va u darhol futbol ekipirovkalari orasida «xit» bo‘ldi. Jamoa o‘z maydoni va mehmondagi o‘yinlarda «standart» tusli futbolkalardan foydalanadi. Ular ko‘k, to‘q ko‘k va yashil rangda. Endi shu to‘plamlarga oq-ko‘k katakchali «ko‘ylak» ham qo‘shildi. Diqqatni tortadigan tomoni, bunisi bavariyaliklar uchun an’anaviy charm shorti-trusi bilan to‘ldirilgan. Futbolga uncha xos bo‘lmagan forma, ammo Oktoberfest kabi bayramlarga juda mos.

* 1978 yil. Shimoliy Amerika sokker ligasida ishtirok etuvchi «Kolorado Karibus» futbolkalari mahalliy kovboylar kiyimiga xos tarzda popukli jiyak bilan bezatilgandi. Dizaynerlar ikki asr oldin Kolorado shtati hududidan qo‘nim topgan hindular sharafiga tayyorlangan formaga pat yoki keng shlyapani ham qo‘shishgan. Jamoa mavsum doirasidagi 30ta o‘yindan 22tasini ayni shu antiqa libosda o‘tkazgan.

* Mavsum-1992|1993. «Fiorentina» safar o‘yinlarida ko‘krak qismi va yengi qora-binafsharang naqshlar bilan «to‘ldirilgan» oq futbolkada maydonga tushgan. Hammasi yaxshi, ammo qora chiziqlar kesishmasidan ...svastika (xoch) yuzaga kelgan. Dekabr oyiga qadar bunga hech kim e’tibor qaratmagan, keyin esa janjal chiqqan va florensiyaliklar formadan voz kechib qo‘ya qolishgan. Aytgancha, «Fio»ning o‘sha futbolkasi hozirda kolleksionerlar uchun ajoyib topilma sanaladi.

* Ispaniyaning «Palensiya» klubi formasi bir qarashdayoq barchani hayratga solgandi. Sababi - futbolka va trusada inson tanasining terisiz tasviri aks ettirilgandi. Deylik, mushak paylari aniq ko‘rsatilgandi. Nima derdik, tibbiyot vakillari uchun juda foydali tasvir.

* Ispaniyaning yana bir klubi - «Kultural Leones» o‘z futbolchilarini oq ko‘ylak va kapalak-bo‘yinbog‘ bilan «yasantirdi». Ehtimol, raqiblar buni ko‘rib, noto‘g‘ri o‘ylagandirlar: «Bugun qaysidir restoran terma jamoasiga qarshi o‘ynar ekanmiz-da». Umuman, bunday formada bemalol rasmiy tadbirlarga ham borish mumkin.

* Ispanlarga qoyil qolish kerak - ular ekipirovka masalasiga doimo ijodiy tomondan yondashishgan. 1997 yili Bilbaoda Guggenxaym zamonaviy san’at muzeyi ochilishi munosabati bilan dizayner Dario Ursay mahalliy «Atletik» klubiga maxsus libos tayyorladi. U dizayn g‘oyasini muzey eksponatlaridan olgandi. Ayniqsa, qon tomchisi tasviri barchani hayratga soldi. To‘g‘ri, Baskoniya jamoasi raqiblari muxlislari buni o‘zgacha talqin etishdi: «To‘kilgan ketchup dog‘i...».

* 2004 yil. Navbat Madrid «Atletiko»siga. Jamoa rahbariyati formada ...o‘rgimchak va uning to‘rini aks ettirib, antiqa liboslar kolleksiyasini boyitdi. To‘g‘ri, «matraschilar» futbolkasida hech qanday ramziy ma’no yo‘q edi. «Atletiko» shunchaki, ekranlarga chiqish arafasida turgan «O‘rgimchak odam» filmining ikkinchi qismini reklama qilgandi - sof biznes.

* Mavsum-2009|2010. «Xetafe» muayyan mablag‘ evaziga Burger King fastfud tarmog‘ining Ispaniya bozoriga kirishiga hissa qo‘shdi. Aslida jamoa uchun tayyorlab berilgan formada noodatiy hech narsa yo‘q edi, faqat bitta holat... Xullas, klub futbolchilari shartga muvofiq, har bir golni nishonlashda formani ko‘tarib, boshlariga «qalpoq» qilishardi. Nega? Chunki uning ichki tomonida o‘sha qirol Burger surati aks ettirilgandi.

* Shedevr liboslarga Angliya klublari hayotidan ham misollar keltirish mumkin. Deylik, «Chelsi»ning 1995 yilgi zarg‘aldoq-kulrang futbolkasini aytish mumkin.

* «MYU» esa 1996 yili kulrang tusga kirgan. To‘g‘ri, «qizil iblislar» unda  yil bo‘yi atigi 5 bora maydonga tushib, biror marta g‘alaba qozonishmagan. Mankunianlar xususan, «Sautgempton»ga qarshi kechgan uchrashuvning birinchi bo‘limidayoq 3ta javobsiz gol qo‘yib yuborishadi va yakunda hisobni 1:3ga aylantirishni uddalashadi, xolos. Natijada ser Aleks Fergyuson omadsizlikni kulrang formaga bog‘laydi (futbolchilar bir-birlarini ko‘rish va aniq to‘p uzatishda qiynalishgan ekan). Shu tariqa «MYU» bu futbolkadan mutlaqo voz kechadi.

* 2009 yil. «Nyukasl» Chempionship o‘yinlarida odatiy oq-qora tusli yo‘l-yo‘l libosi emas, sariq formadan foydalandi. Klub rahbariyati buni muxlislar kayfiyatini ko‘tarishga urinish sifatida izohlagandi. Kayfiyat ko‘tarildi ham: raqib jamoa tarafkashlari «Nyukasl» laqabini o‘zgartirishdi. Ya’ni ular «qarg‘alar» o‘rniga «bananlar» terminini ishlata boshlashdi.

* «Sheffild Uensdey»ning 1984 yilgi ekipirovkasini ta’riflashga til ojiz: kulrang futbolka va yorqin atlasnamo trusa. Xullas, ranglar o‘rtasida mutlaqo muvofiqlik yo‘qligidan futbolka bir qarashda, ayollar ichki kiyimi, boshqa tarafdan, pijamaga o‘xshab qolgandi...

* «Xaddersfild»ning 1991-1993-yillar oralig‘idagi futbolkasi go‘yoki, turli rangli matolar qiyqimidan tikilgandek taassurot uyg‘otgandi. O‘sha vaqt telesharhlovchilardan biri shunday degandi: «Jamoa futbolchilari maydonga tushishdan avval o‘z liboslari bilan bo‘yoq ishlab chiqaruvchi korxona polini yuvishgan, shekilli...».

* 1997 yil. «Boxum» futbolkasi noodatiy dizayni bilan yaqqol ko‘zga tashlangandi. E’tiborlisi, forma loyihasi turli kishilar tomonidan ishlab chiqilgan. Aniqroq aytganda, ijodkorlar futbolkani ikki qismga bo‘lib tayyorlashgan va yakunda u yaxlit holatga keltirilgan. Ajo-yib yondashuv.

* Argentinaning «Rosario Sentral» klubidan topishmoq... Ochig‘i, mo‘ylovli janobning to‘rt barmog‘i bilan imo-ishorasi nimani anglatishini hech kim tushunmagan bo‘lsa kerak...

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:55, 21.10.2018.
O'qildi: 2769 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.