Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Dilshod Ahmadaliyev: «Bo‘lib o‘tgan ishlarda o‘zimni aybdor his qilaman»

Dilshod Ahmadaliyev: «Bo‘lib o‘tgan ishlarda o‘zimni aybdor his qilaman»

Baho:
+ | -

Shu yilning 5 yanvar kuni O‘FA ijroqo‘mi byurosining qarori bilan besh nafar o‘yinchi futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatilgandi.

Muborak Ramazon oyi yakunida O‘FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z aybini tushunib yetgan bu futbolchilarga yana bir bor imkoniyat berish maqsadida Ijroqo‘mga tashkilot nizomining 65-modda 1.2-bandiga asosan aybdor deb topilganlar masalasini qaytadan ko‘rib chiqish taklifini berdi. O‘FA rahbariyati futboldagi eng yomon illatlardan biri - futbolchilar yoshini kichraytirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratadi.

Aynan shu masala yuzasidan aybdorligi aniqlangach, Nodirbek Teshaboyev, Muhammadjon Abdullayev, Nuriddin Hasanov, Dilshod Ahmadaliyev, Burxon Hasanov kabi futbolchilar Ijroqo‘m qarori asosida futboldan chetlatilgandi. O‘tgan davr mobaynida ulardan aksari o‘z aybini tushunib yetdi, hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘riladi.

Shuningdek, tashkilotga bir necha bor xat bilan murojaat qilib, o‘z ishidan pushaymon ekanini bildirdi. Bu yerda faqat futbolchilarni ayblash ham noo‘rin.

Yosh kichraytirilgan vaqtda ularning aksariyati bundan bexabar bo‘lishgan. Hamma gap kattalarning o‘zida. Biz ana shunday kattalarning xatti-harakatidan jabr chekkan futbolchilardan biri - Dilshod Ahmadaliyev bilan suhbatda bo‘ldik.

- Dilshod, FIFA kunlari bois Superligada tanaffus yuzaga keldi. «Bunyodkor» shu muddatdan qay darajada foydalandi?

- Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda terma jamoadan chaqiruv olgan futbolchilardan tashqari hamma ishtirok etdi. Bu orada bitta nazorat uchrashuvida ham maydonga tushdik. Endi bir kunlik dam olishdan so‘ng Bekobodning «Metallurg» klubiga qarshi o‘tkaziladigan Superliga uchrashuviga tayyorgarlik ko‘ramiz. Oldinda bizni oson bo‘lmagan o‘yin kutib turibdi.

- Bu yilgi mavsum «Bunyodkor» uchun murakkab o‘tyapti. Qiyinchiliklarni yengish oson bo‘lmayotgandir?

- Shaxsiy fikrim, menga qiyinchiliklar unchalik ham bilinmayapti. Chunki so‘nggi uchrashuvlarda mazmunli o‘yin namoyish etib, g‘alaba qozonyapmiz. Bu muvaffaqiyatlar soyasida qiyinchiliklar esdan chiqib ketmoqda.

- Lekin boshqa tomondan, jamoa mavsumni bir tekis o‘tkaza olmayapti. Bu o‘sha qiyinchiliklar ta’sirimi?

- Faqat shu narsa bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.

- Sizningcha, boshqa sabablari bormi?

- Bu masalada bir narsa deya olmayman. Ammo bir tekis o‘ynamayotgan bo‘lsak ham, yakunda ijobiy natijaga erisha olamiz. Shaxsan men shunday fikrdaman.

- Vaziyatga real ko‘z bilan qarasak, «Bunyodkor»da chempionlik uchun imkoniyat bormi?

- Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Imkoniyatimiz bor ekan, oxirigacha kurashamiz. Hali chempionlik kurashida bitta jamoani favorit sifatida ajratib ko‘rsatishga erta bo‘lsa kerak. Oldinda uchrashuvlar ko‘p va unda har qanday kutilmagan natijalar qayd etilishi mumkin.

- «Bunyodkor» jamoasining tarqatib yuborilishi haqida gap-so‘zlar chiqdi. Bu holatga futbolchilar qanday munosabatda bo‘lishdi? Xabar ruhiyatga salbiy ta’sir o‘tkazdimi?

- Ha, so‘nggi paytlarda klubimiz bilan bog‘liq har xil gap-so‘zlar bo‘ldi. Imkon qadar bunga e’tibor bermaslikka harakat qilyapmiz. Biz o‘z ishimizni bajarishimiz, ya’ni futbol o‘ynashimiz kerak. Agar bu narsaga e’tibor qaratsak, o‘yinimiz izdan chiqadi. Keyin faqat bizning zararimizga ishlaydi. Shu bois ham bu haqda o‘ylamaslikka intilyapmiz.

- Jamoa rahbarlari va xususan, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov ushbu masalada nima deyapti? Klubda ayni mavzu yuzasidan muhokamalar bo‘ldimi?

- Ular bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishyapti. «Hammasi yaxshi bo‘ladi, bu haqda umuman o‘ylamanglar, sizlar futbol o‘ynanglar, qolgani bizning ishimiz», deyishyapti. Biz futbolchilar klub rahbarlari va murabbiylarning ko‘rsatmalariga amal qilyapmiz. O‘ylaymizki, hammasi ijobiy yakun topadi. Qisqa fursatda o‘z nomiga ega bo‘lib ulgurgan klub yopilib ketmasa kerak.

- Terma jamoa futbolchilari KXDR va Qatarga qarshi kechgan o‘yinlardan keyin «Bunyodkor» maydonining sifati juda yomon ekanligini aytishdi. Ayniqsa, Qatar bilan o‘yindan so‘ng terma jamoamiz sardori maydon holatini keskin tanqid ostiga oldi. Siz shu maydonda o‘ynab kelayotgan futbolchi sifatida bu haqda nima deya olasiz?

- To‘g‘risi, maydonning holati haqida keskin fikr bildira olmayman. Shaxsan menga yoqadi. Balki muntazam shu maydonda o‘ynab kelayotganimga, menga unchalik ham bilinmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin ayrim futbolchilar maydon sifatidan noliyaptimi, demak bunga e’tibor qaratish kerak.

- Mavsum o‘zingiz o‘ylagandek o‘tyaptimi?

- Bilasizmi, mavsum men uchun endi boshlandi (kuladi). Hozircha o‘zimga ma’qul kelyapti.

- Faoliyatingizda qandaydir o‘zgarishni amalga oshirish istagi yo‘qmi?

- Hozircha hech narsani o‘zgartira olmasam kerak. Chunki «Bunyodkor» bilan amalda shartnomam bor.

- Bitim qancha muddatga imzolangan?

- Ikki yil.

- Demak, kelishuv yakuniga qadar jamoani tark etmaysiz?

- Shunday. Yana kim biladi deysiz. Bu hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Inson har qanday holatga tayyor turishi kerak.

- Umuman, futboldagi faoliyatingiz qanday boshlangan? Bu sohani tanlashingizga kim sababchi bo‘lgan?

- Millionlar o‘yinidagi faoliyatim o‘zim tug‘ilib-o‘sgan go‘sha - Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida boshlangan. Murabbiylarim Nodir va Mahkam akalardan futbol sir-asrorlarini o‘rganganman. Futbolga kirib kelishimga do‘stim va uning dadasi sabab bo‘lgan. Katta futboldagi faoliyatimda esa Sergey Lushanning xizmatlari katta. Aynan shu mutaxassis yordami bilan «Bunyodkor»da faoliyatim boshlangan. Nomlarini sanab o‘tgan murabbiylardan bir umrga minnatdorman.

- Siz bilan birga futbol o‘ynay boshlagan futbolchilardan bugun kimlar Superliga klublarida to‘p surishyapti?

- Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Nuriddin Hasanov, Javohir Qahramonov... bu nomlarni ko‘p keltirishim mumkin. Aynan men sanab o‘tgan futbolchilar bilan birga katta futbolga kirib kelganmiz.

- Sizni qachon Rustam, Akrom singari terma jamoa libosida ko‘ramiz?

- Nasib qilsa, shu kun albatta keladi. Buning uchun astoydil harakat qilaman. Terma jamoada o‘ynayotgan do‘stlarim uchun xursandman. Menga ham ularning yo‘lini bersin.

- Nima uchun aynan himoyani tanlagansiz?

- Murabbiylar tavsiya qilishgan. Boshlanishida hamma hujumda o‘ynashga, ko‘proq gollar urishga intiladi. Keyinchalik murabbiylar futbolchining mahorati va qobiliyatiga qarab chiziqlarga taqsimlashadi. O‘sha payt mening chekimga himoyachilik tushgan.

- «Bunyodkor»da siz o‘ynaydigan pozisiyada raqobat kuchli...

- Bu fikrga yuz foiz qo‘shilaman. Nafaqat men o‘ynaydigan pozisiya, balki boshqa chiziqlarda ham yaxshigina raqobat yuzaga kelgan. Bir futbolchiga bog‘lab berilmagan. Raqobatning bo‘lgani yaxshi. Shunda jamoada o‘sish kuzatiladi.

- Qaysi futbolchilardan ko‘proq o‘rganishga harakat qilyapsiz?

- Ochig‘i, kimningdir o‘yinini o‘rganaman, deya olmayman.

- Baribir, kimgadir havas qilsangiz kerak?

- Bilmadimu, menga ko‘proq boshqa chiziq vakillarining o‘yini yoqadi. Masalan, Eden Azar va Neymarning harakatlarini boshqalarnikiga qaraganda ko‘proq kuzataman. Ularda qandaydir xilma-xillik, rang-baranglik bor. Zimdan qarab turib, nimanidir o‘rganish mumkin.

- Aftidan, yarim himoya va hujumchilikka havas bor ekan. Shundan kelib chiqib, sizda ampluangizni o‘zgartirish istagi paydo bo‘lmaganmi?

- Yo‘q. Lekin maydonda pozisiyamizni o‘zgartirib o‘ynagan o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Murabbiy qayerga qo‘ysa, o‘sha yerda to‘p suraveramiz.

- Dilshod, qaysi voqeani eslashni istamasdingiz?

- Bu yilgi voqeani, ya’ni futboldan chetlatilganimni (xo‘rsinish bilan).

- Bunday bo‘lishini kutmagan edingiz, to‘g‘rimi?

- Kim ham o‘ylabdi, deysiz. Umuman kutilmagan ishlar bo‘lib ketdi.

- Bo‘lib o‘tgan voqealarda mening aybim yo‘q, deya olasizmi?

- (uzoq o‘ylanib) Biroz bo‘lsada bor, deb o‘ylayman. Turli bahonalar bilan o‘zimni oqlamoqchi emasman.

- Siz o‘sha payt juda yosh bo‘lgansiz. Kattalar sizning futboldagi taqdiringizni o‘zgartirishganini bilmagansiz. Aytmoqchi bo‘lganim, yoshni kichraytirish holati bo‘layotganini umuman tushunmagansiz ham.

- Xuddi shunday. O‘sha payt bunday narsalarga aqlim yetmagan. Nima ham qila olardik, bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi bizni kechirdi. Har bir futbolchi bo‘lib o‘tgan voqelikdan so‘ng o‘zi uchun tegishli xulosalarni chiqarib olgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Shaxsan o‘zim bundan buyon yanada kuchli bo‘lishga, o‘z ustimda ko‘proq ishlashga harakat qilaman. Aybdor emasligimni o‘z o‘yinlarim orqali amalda isbotlayman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, barchasi uchun uzr so‘rayman.

- Dilshod, ikkinchi davraning shu kungacha o‘tkazilgan o‘yinlari haqida umumiy fikringiz qanday?

- Har bir uchrashuv shiddatli o‘tayotgani bilan yodda qolmoqda. Ayniqsa, kuchli oltilik jamolari o‘rtasidagi o‘yinlar keskinligi bilan ajralib turibdi. Uchrashuvlar har bir klub uchun xuddi finaldek o‘tmoqda. «Bunyodkor»ga ham oson bo‘layotgani yo‘q. Afsuski, O‘zbekiston kubogi bahslarini alamli tarzda tark etdik. Yagona o‘yindan iborat yarim final uchrashuvida AGMK jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydik. O‘z maydonimizda o‘ynaganimiz uchun hamma bizdan g‘alaba kutishgandi. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turar ekan. Hozir bor e’tiborimizni Superligaga qaratganmiz. Birinchi davraga nisbatan hozir futbolchilar bir-birini tushunib harakat qilishyapti. O‘ylaymanki, shu tempda kurashni davom ettirsak, yakunda o‘ylagan niyatimizga yetamiz.

- Superligamizdagi yangi tizim o‘zini qanchalik oqlayapti?

- Shaxsiy fikrim, Superliganing ikkinchi bosqich o‘yinlari quyi oltitalik jamoalari uchun unchalik qiziqarli kechmayapti. Uchrashuvlarda shiddat ko‘zga tashlanmayapti. Shunchaki o‘tkazilishi shart bo‘lgani uchun o‘tayotgandek taassurot qoldiryapti. Bilmadim, balki faqat menga shunday tuyulayotgandir. Kuchli oltilikda esa kurash qizg‘in kechmoqda. Bu tomonini ma’qullayman. Birinchi oltitalikdagi jamoalar o‘yinlariga muxlislar nisbatan olganda ko‘proq tashrif buyurishyapti. Lekin boshida chempionatimiz yangicha formatda o‘tkaziladi, deganda ko‘pchilikka qiziq tuyulgandi. Rostdan ham kuchli oltilikka kirish uchun maydonda kurash qizg‘in kechdi. Ammo keyin jamoalar ikki guruhga ajralganidan keyin quyidagi ishtirokchilar o‘yiniga qiziqish pasayib ketdi. Ko‘ramiz, hali oldinda chempionatimizning ikkala guruhida ham murosasiz va hal qiluvchi o‘yinlar bor. Ishonchim komil, mazkur uchrashuvlar hech bir futbol muxlisini befarq qoldirmaydi. 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:19, 23.10.2018.
O'qildi: 2890 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.