Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Samarqandga yangi futbol akademiyasi kerak: sobiq internatda yosh futbolchilar uchun yetarli sharoitlar yo‘q

Samarqandga yangi futbol akademiyasi kerak: sobiq internatda yosh futbolchilar uchun yetarli sharoitlar yo‘q

Baho:
+ | -

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov viloyatdagi futbol mutasaddilari hamda «Dinamo» professional futbol klubi rahbariyati va futbolchilari bilan uchrashganida «Raqobatbardosh futbol jamoasi barpo etish uchun katta pul kerak bo‘ladi. Ammo biz mahalliy iste’dodlardan iborat jamoani tuza olsak, pul ham iqtisod bo‘ladi, jamoa ham chiroyli o‘yin ko‘rsatadi», deb aytgan edi.

Viloyatdagi professional futbol klublari «Dinamo» va «Sherdor»ga ham, respublika o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga ham potensial nomzod yetkazib beruvchi, yosh futbolchilarni tarbiyalovchi maskan — Samarqand viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasidir.

2018 yil 26 avgustda sobiq futbol maktab-internati o‘rnida ish boshlagan akademiyaning ahvoli qanday, ularga barcha sharoitlar yaratilganmi, hamma narsa yetarlimi? Sayt ijodiy guruhi shu kabi savollarga javob izlash uchun Samarqand viloyat bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasida bo‘lib qaytdi.

— Garchi o‘quv yiliga 10 kun qolganda akademiyamiz ochilgan bo‘lsa ham, biz avgust oyi mobaynida viloyatdagi bolalar ichidan iste’dodli futbolchilarni saralab oldik, — deydi akademiya direktori Vladimir Gurshumov. — Ayni paytda akademiyamizda yoshiga qarab 7ta guruhda 22 nafardan, jami 154 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ularga 19 nafar murabbiy futbol sir-asrorlarini o‘rgatib kelishmoqda.

Qayd etib o‘tish joizki, hududlarda futbol akademiyalari, jumladan, Samarqandda ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi «Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3610-sonli qarori va mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi «Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 410-sonli qarori asosida tashkil etildi.

Oldinga o‘tib aytishim kerakki, sobiq ixtisoslashtirilgan futbol maktab-internatining eskirgan binosi, zamonaviy futbol akademiyasi talablariga mutlaqo javob bermaydi. Samarqanddan ham viloyat, qolaversa, respublika dovrug‘ini dunyoga taratadigan futbolchilar chiqishini istar ekanmiz, barcha zamonaviy sharoitlarga ega, yangidan barpo etilgan akademiya zarur.

Ayni paytda mazkur binoning birinchi va ikkinchi qavatlari 5-oilaviy poliklinikaga berilgan. Bo‘lajak futbolchi bolalar uchun binoning 3-qavati yotoqxonaga moslashtirilgan. Shaharda yashovchi o‘quvchilar uyidan qatnaydi, biroq tumanlardan kelgan iste’dodlar bitta xonada 15-20 kishilab yashashga majbur.

Xonalarning deraza romlari yasalganiga yarim asr bo‘lyapti, shovqin va sovuqni o‘tkazadi. O‘tgan haftada tushgan sovuqda bolalar ichida shamollab qolganlari ham bor. Akademiya mutasaddilari, sellofan plyonka, skotch, paxta bilan romdagi tirqishlarni amallab berkitib chiqishgan. Bunday derazalar yotoq qismida 23tani tashkil etadi.

Yotoq qismida hojatxonalar va yuvinish xonasi yo‘q. Bolalar hojatini chiqarish uchun 3-qavatdan pastga tushib, bir chetdagi hojatxonaga borib kelishga majbur. Bu satrlar oktyabrning iliq kunlarida yozilmoqda. Ertaga keladigan qahraton qish kunlari, aytaylik, tunda bolalarning ahvoli ne kechishini o‘ylashning o‘zi etni junjiktiradi.

Garchi bolalarga sifatli rasionda taomlar tayyorlanayotgan bo‘lsa-da, akademiya oshxonasida ham ahvol shu. Oshxonadagi 14ta deraza romlari juda eskirib ketgan. Sovuqdan to‘sa olmaydi.

Akademiyani o‘rab turuvchi devorlar ham g‘arib holatda. Akademiya boshqa joyga ko‘chirilgan taqdirda ham bu joyni risoladagidek qilib ta’mirlash kerak.

Haliyam, ota-onalar va homiylar yangi tashkil qilingan akademiyaga beminnat yordam ko‘rsatib turishibdi. Oshxonaga yangi qoshiq-sanchqilar, choynak-piyolalar, chelaklar, non qo‘yadigan idishlar keltirilgan, kimdir bolalar maza qilib futbol tomosha qilishi uchun 55 dyuymli ulkan televizor sovg‘a qilibdi. Bolalar sovuq suv ichmasligi uchun uchta choynak olib berishgan. Yuvinish xonasiga boyler qo‘yilgach, issiq suv ta’minoti uzluksiz bo‘lgan.

Yaqinda, 15 noyabrdan boshlab akademiyalar o‘rtasida respublika ko‘rigi boshlanadi. Bunda respublika akademiyasiga terma jamoalar uchun potensial nomzod qabul qilinishi uchun bolalar o‘z yoshlari toifasida unda ishtirok etishi kerak. Mana shunday respublika ko‘rigida qatnashish uchun samarqandlik bolalarga sport kostyumi va liboslar kerak bo‘lmoqda.

Viloyat bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi shunaqa paytda kelib akademiya holidan xabar olsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Chunki, hozircha akademiya davlat byudjetidan moliyalashtirilmoqda. 2019 yilning 1 yanvaridan to‘liq O‘zbekiston Futbol assosiasiyasi tasarrufiga o‘tadi va O‘FA tomonidan moliyalashtiriladi. «Lekin ozgina vaqt qolibdi o‘zi», deya «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida ish ko‘rmaslik kerak, baribir…

Akademiyada to‘p va boshqa sport inventarlari yetishmaydi. Bu muammo ham asosan ota-onalarning ko‘magi evaziga hal qilib kelinmoqda.

Bolalarning asosiy mashg‘uloti — futbol bilan shug‘ullanishi uchun akademiyada sharoit haminqadar. Guruhlarning ayrimlari «Lokomotiv» stadionida, «Vatanparvar» mahallasidagi maydonda shug‘ullanishadi. Yana bir qismi shu akademiyaning chimsiz maydoni va mo‘’jazgina sun’iy qoplamali maydonida shug‘ullanmoqda.

 «So‘g‘diyona» istirohat bog‘ida buzib tashlangan futzal maydonini keltirib, shu yerda barpo etmoqchimiz, yonidan esa yana bir sun’iy qoplamali maydon qurmoqchimiz. Borini eplashtirmasak, ertaga qishda bolalar shug‘ullanishi uchun zal kerak bo‘ladi», — deydi V.Gurshumov.

Umuman, akademiya uchun Samarqand shahrining o‘zidan yaxshiroq joy tanlab olinib, yoki yangisi qurilishi kerak, yoki mavjud inshootlardan eng maqbulini olib moslashtirib ta’mirlash kerak bo‘ladi. Bolalar yotoqda 15-20 kishilab emas, 3-4 kishi bitta xonada istiqomat qilishi kerak, ana shunday sharoit hozirlanishi kerak. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan futbol akademiyalarida sharoit ana shunday.

Gurshumovning aytishicha, viloyat mutasaddilari kelib xabar olib turishibdi. Xususan, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilov kelib shaxsan tanishib ketgan. Akademiyaning yangi joyi borasida hokimlik tomonidan bir necha takliflar berilgan. Xullas, akademiya yangi joyda barpo etiladigan bo‘lsa, eng optimal variant qabul qilinishi kerak.

Chunonchi, akademiya tarbiyalanuvchilari maktab o‘quvchilari ham hisoblanishadi. Ular darsdan keyin mashg‘ulotlarda ishtirok etishadi. Yangi joyga ko‘chishadigan bo‘lsa, o‘sha hududda maktab ham akademiyaga yaqinroq joylashgan bo‘lishi shart.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘shanda viloyat futbol funksionerlari bilan uchrashganida, futbolimiz kelajagimiz bo‘lgan bolalar masalasi biroz e’tibordan chetda qolib ketgani, akademiya mutasaddilari ushbu uchrashuvga chaqirilmagani meni biroz hayron qoldirgan edi, ochig‘i. Ko‘rinib turibdiki, bu yerda ahvol havas qilarli emas.

Akademiyaga jiddiy e’tibor kerak. Aks holda — kelajakka zudlik bilan sarmoya tikilmas ekan — ertaga viloyat futboli nima bo‘lishi, o‘zbek futboliga samarqandlik futbolchilarning ulush qo‘shishi qay ahvolda bo‘lishini tasavvur etish qiyin emas.

Shuhrat Shokirjonov

Manba: www.kun.uz
Kiritildi: 18:57, 24.10.2018.
O'qildi: 2248 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.