Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xayr, «Neftchi», shundaymikan…?

Xayr, «Neftchi», shundaymikan…?

Baho:
+ | -

Elit ligamiz finishiga 2ta tur qolganida, «Neftchi»ning keyingi mavsum kuchlilar qatorida o‘ynamasligi oydinlashdi. Reglament bo‘yicha aytsak, shunday. Har holda, Farg‘ona jamoasi aslida bu yil Superligaga istisno holatida qo‘shilgandi.

Ya’ni  viloyatdoshi «Sementchi» o‘rnini egallagandi. Keyingi mavsum nima bo‘lishi xususida esa, hozircha baralla gapirish noo‘rin. Zero, O‘FA rahbariyati format o‘zgarmasligini ta’kidlaganiga qaramay, liga ishtirokchilari soniga bog‘liq gap-so‘zlar hali tugaganicha yo‘q.

30-tur shuningdek, asosiy masalaga ham ancha aniqlik kiritdi - «Lokomotiv»da chempion bo‘lish foizi sezilarli darajada oshdi. «Temiryo‘lchilar» endi qolgan 2ta o‘yinda 1 ochko olishsa, bas.

Yana «Navbahor» o‘z maydonida «Bunyodkor»ni yengib, chempionatni sovrin bilan tugatish imkoniyatini yaxshiladi.

1-KUN: UMID (CHORA)SIZ «NEFTCHI»...

Chempionlik marrasi tomon dadil odimlayotgan «Lokomotiv» o‘z maydonida «Buxoro»ni osongina taslim etdi - 4:0. Umuman, «temiryo‘lchilar» butun o‘yin davomida yaqqol ustunlikka erishishdi va buni javobsiz 4ta gol asnosida isbotlashdi ham. Himoyachi Anzur Ismoilov oxirgi 5ta o‘yin badaliga 3-golini nishonlaganini alohida ta’kidlash kerak. «Loko»ning ikkinchi bo‘limdagi gollariga esa, navbati bilan Temurxo‘ja Abduxoliqov, Sanjar Shoahmedov va Aziz Omonov mualliflik qilishdi. Shu bilan Andrey Fyodorov jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi 17ta o‘yinga yetdi. «Buxoro» esa qatorasiga 3-uchrashuvni boy berdi, xususan, oxirgi 2tasida 4ta to‘p farqi bilan yengildi.      

AGMK - «Qo‘qon-1912» uchrashuvidan oldin Olmaliqda katta tadbir o‘tkazilib, O‘zbekiston kubogi sohiblari taqdirlanishdi. Ya’ni AGMK rahbariyati va homiylari tomonidan jamoa a’zolari - futbolchilarga COBALT, murabbiylar - Baxtiyor Ashurmatov hamda Muxtor Qurbonovga GENTRA hamda 11 nafar xodimga SPARK avtomobillari topshirildi.

Biroq olmaliqlik futbolchilar bunday rag‘batga munosib javob berolmadilar. Vaholanki, o‘yin ular uchun juda omadli boshlandi: ilk hujumdayoq Muzaffar Muzaffarov hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa qo‘qonliklar raqib darvozasini ishg‘ol etishdi: 50-daqiqada Murod Xolmuhammedov uzatmasidan so‘ng Oybek Rustamov to‘pga boshi bilan zarba berib, muvozanatni tikladi.

No‘’mon Hasanov shogirdlari 64-daqiqada qanot or­qali tashkil qilingan hujumni ham samarali yakunlashdi. Bu safar Roman Abdulovni zaxiradan maydonga tushgan Behruz Sodillayev ojiz qoldirdi. Yakunda Suhrob Berdiyev «Qo‘qon-1912»ning 3-golini urib, 3 ochko masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Darvoqe, bu Qo‘qon jamoasi uchun elit ligadagi 400-o‘yin edi.

«Neftchi» - «So‘g‘diyona» bahsiga qaysidir ma’noda 6 ochko tikilgandi. Shu qimmatli ochkolar yakunda jizzaxliklarga nasib etdi va ular Pro-ligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib ketish xavfidan qutulishdi. Yagona gol 89-daqiqada Nikola Milinkovich tomonidan urildi - penalti samarasi.

Farg‘ona klubi esa shu mag‘lubiyatdan so‘ng quyi guruhda 6-o‘ringa «mixlandi». Bu «Neftchi»ning keyingi mavsum quyi ligada o‘ynashini anglatadi. Attang, axir joriy chempionat avvalida «Neftchi» oldiga chempionlik uchun kurashish vazifasi qo‘yilgani aytilgandi.

Amalda barchasi teskari tus oldi va endi qandaydir istisno holati yuzaga kelmasa, keyingi yili elit ligamiz tarixda ilk marta «Neftchi» ishtirokisiz o‘tadi...

2-KUN: XIRAGINA UMID UCHQUNI

«Paxtakor» Superligada «qadrdon» raqibiga aylangan «Metallurg»ni bu safar kamtarona tarzda yengdi - 2:1. Uchrashuvdagi 3ta gol ham ikkinchi bo‘limga to‘g‘ri kelgani tanaffusga qadar maydonda sokingina kurash borganidan dalolat. Hisobni 70-daqiqa yaqinlashgan pallada Tiago Bezerra ochdi, keyin zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Bahrom Abdurahimov ustunlikni mustahkamladi.

Darvoqe, braziliyalik futbolchi chempionatdagi 13-golini nishonlagan bo‘lsa, «Nasaf»ning sobiq vakili Superligada raqib darvozasini ilk bora nishonga oldi. «Metallurg»ning yagona javob goli esa, final hushtagi yangrashiga oz vaqt qolgan pallada himoyachi Abror Husinov nomiga yozildi.

G‘alaba tufayli «Paxtakor»da chempion bo‘lish umidi saqlanib qolganini ham aytish kerak. Lekin bu umid uchquni juda-juda xira. Oddiy ifoda etsak, «sherlar»ning 1-o‘ringa ko‘tarilishlari uchun «Loko» qolgan 2ta o‘yinda ochko olmasligi kerak. «Paxtakor»ning o‘zidan esa avvalo, keyingi turda «temiryo‘lchilar» maydonida 3ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonish, keyin oxirgi turda ham yutish talab etiladi.

Shunday taqdirda ochkolar miqdori tenglashadi va «paxtakorchilar» o‘zaro o‘yinlardagi gollar farqiga ko‘ra, 1-o‘ringa chiqishadi. Xullas, Shota Arveladze jamoasi imkoniyatini foizda baholash ham qiyin...  

«Navbahor» o‘z muxlislari qarshisida «Bunyodkor» darvozasini bir bora ishg‘ol qildi va turnir jadvalida «qaldirg‘ochlar»dan ancha uzoqlashdi. Xullas, 64-daqiqada «janjalkash» Ro‘zim Ahmedovning penaltidan urgan goli natijasida Andrey Kanchelskisjamoasida 3-o‘rin sohibi sifatida bronza medali yutish imkoniyati keskin oshdi. Har holda, endi «Navbahor» va «Bunyodkor»ni 4 ochko ajratib turibdi.

To‘g‘ri, namanganliklar shuning barobarida 2-o‘ringa chiqish imkoniyatini yo‘qotishdi. Agarda «Paxtakor» qolgan 2ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan va «Navbahor» keyingi turlarda «Buxoro» va «Lokomotiv»dan 6 ochko tortib olgan taqdirda ham, «sherlar» 2-o‘rinda qolishadi.

Chunki ochkolar teng bo‘lgan holatda avvalo, o‘zaro o‘yin­lar natijasiga qaraladi va «Paxtakor» mehmonda ko‘proq gol urgani hisobiga oldinga joylashadi.

«Qizilqum» va «Nasaf» o‘rtasidagi o‘yinda ham muxlislar tanaffusga qadar gol ko‘rishmadi. Ikkinchi 45-daqiqalikka kelib, mezbonlar hujumlar shiddatini ancha oshirishdi va buning samarasini ham ko‘rishdi. Avvaliga Erkin Boydullayev sobiq jamoasini ranjitdi, keyin Artur Gevorkyan ham bu ishni takrorladi.

Qisqasi, «Qizilqum» aynan «Nasaf»da o‘ynagan ikki futbolchi urgan gollar evaziga g‘alaba qozonib, ochkolar bo‘yicha o‘z guruhi turnir jadvali peshqadamiga tenglashib oldi. E’tiborli fakt shuki, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasining 5ta o‘yinga cho‘zilgan mag‘lubiyatsiz odimi uzildi, Hamidjon Aktamov shogirdlari 2ta uchrashuvdan keyin yana g‘alaba ko‘chasiga kirishdi.

TUR QAHRAMONI - «LOKOMOTIV»

Ortiqcha izohga hojat yo‘q. Birinchidan, hech bir futbolchi alohida ajralib turmadi. Hattoki, kimdir «dubl»ga erishgani ham yo‘q. Bunday holatda kimni e’tirof etish kerak? Farg‘onada g‘alaba qozongan «So‘g‘diyona»nimi yoki «Bunyodkor»dan ustun kelgan «Navbahor»ni? Ha, bu jamoalar muhim g‘alabalarni rasmiylashtirdi.

Faqat penaltidan urilgan yagona gol evaziga. Chempionlik marrasiga dalil odimlayotgan «Lokomotiv» esa og‘ir kechishi kutilgan «Buxoro»ga qarshi uchrashuvni jamoaviy harakatlar bilan osongina o‘z foydasiga hal qildi...

«LOKOMOTIV» - «BUXORO» - 4:0 (1:0)

9 noyabr. Toshkent. «Lokomotiv» stadioni. 951 tomoshabin.

Hakamlar: SH.Qosimov, O.Jumayev, R.Samandarov, R.Karimov.

Gollar: A.Ismoilov (23), T.Abduxoliqov (63), S.SHoahmedov (74), A.Omonov (90}3).

«Lokomotiv»: I.Nesterov, K.Maxaradze, I.Aliboyev, M.Bikmayev (A.SHog‘ulomov, 75), T.Abduxoliqov (A.Omonov, 83), S.Mirzayev, H.G‘ofurov, S.SHoahmedov, A.Ismoilov, D.Turopov (F.Ibrohimov, 59), I.Yelich.

«Buxoro»: SH.Nasimov, B.Omonov, A.Amanov (A.Ibragimov, 77), S.Qutiboyev, S.SHixov, B.SHodmonov, A.Filiposyan, A.To‘rayev, M.Jumayev, Q.Bahodirov (E.Ismoilov, 42), M.Muhiddinov (J.Qahramonov, 54).

Ogohlantirishlar: A.Ismoilov (56) - M.Muhiddinov (32), E.Ismoilov (55).

Nazoratchi: B.Tog‘ayev.

Komissar: A.Davidenko.

Shuhrat Fayziyev («Buxoro» murabbiyi): - Biz uchun biroz qiyin uchrashuv. Raqib juda faol harakatlandi. Endi bor e’tiborni qolgan 2ta o‘yinga qaratamiz. Asta-sekin buxorolik yosh futbolchilarni tarbiyalab, tarkibga jalb etyapmiz. Nasib etsa, yaqin yillar ichida Buxorodan umidli iste’dodlar yetishib chiqishadi.

Hozircha imkoniyatdan kelib chiqib, o‘yin namoyish etyapmiz. Albatta, mavsum yakuniga qarab, jamoani kuchaytirishga harakat qilamiz. Ha, moliyaviy holatimiz uncha yaxshi emas, muammolar borligini deyarli hamma biladi. Ammo ishontirib aytamanki, jamoa yo‘qolmaydi. «Buxoro» oldin ham bo‘lgan, keyin ham bo‘ladi...

Andrey Fyodorov («Lokomotiv» bosh murabbiyi): - Yo‘q, o‘yin yengil  o‘tmadi. Chunonchi, ko‘plab futbolchilarni boshqa pozisiyalarda o‘ynatib ko‘rdik. Hisobga qarasak, barchasi oson kechgandek. Umuman, raqib tarkibida qaysi futbolchilar o‘ynashlaridan qat’iy nazar, faqat g‘alabani ko‘zlaymiz.

Bugun yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan futbolchilarga biroz tajriba yetishmadi. Eng asosiysi, o‘yinni to‘liq nazorat qildik. Misol uchun, raqibga bir vaziyatda gol urish imkoniyatini bermadik. Albatta, o‘z o‘yinimizdan mamnunman.

«Paxtakor» yigitlarimizga qiziqish bildirmoqdami? Hammasi mish-mish, xolos. To‘g‘ri, bu savol rahbariyatga berilishi kerak. Transferlar vaqtida qo‘ldan kelganicha ishlayapmiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

AGMK - «QO‘QON-1912» - 1:3 (1:0)

9 noyabr. Olmaliq. AGMK stadioni. 5115 tomoshabin.

Hakamlar: R.Ermatov, A.Rasulov, J.Saidov, D.Akmalov.

Gollar: M.Muzaffarov (2) - O.Rustamov (50), B.Sodillayev (64), S.Berdiyev (82).

AGMK: R.Abdulov, A.Isroilov, M.Muzaffarov, Jasur Hasanov, L.To‘rayev (Z.Polvonov, 66), V.Bubanya, K.Murzoyev, V.Kasminin, Y.Jokich, Jamshid Hasanov (Z.Pirimov, 52), A.Samatov (SH.Norbekov, 78).

«Qo‘qon-1912»: O‘.YUsupov, G‘.Komilov, J.Siddiqov (D.Meliqo‘ziyev, 88), O.Rustamov, S.Berdiyev (N.Otaqo‘­ziyev, 90}3), M.Xolmuhammedov, A.Merzlyakov, D.Gojkovich, M.Milich, I.Malikjonov, M.Hasanov (B.Sodillayev, 55).

Nazoratchi: SH.Jumayev.

Komissar: J.Rahmatullayev.

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Avvalo, olmaliqliklarni O‘zbekiston kubogidagi g‘alaba bilan tabriklayman. Bu jamoa uchun ulkan yutuq.

O‘yinga to‘xtalsam, birinchi bo‘limda harakatlarimiz biroz qovushmadi. Boz ustiga, tezkor gol qo‘yib yubordik. Shunday bo‘lsa-da, yakunda muhim g‘alabaga erishdik. sababi - ikkinchi 45 daqiqalikni yuqori saviyada o‘tkazdik. Xususan, zaxiradan maydonga tushgan yigitlar o‘yin­ni kuchaytirishdi.

Oldinda bizni yana 2ta murakkab bahs kutib turibdi. Tabiiyki, ularda ham ijobiy natija qayd etib. mavsumni yaxshi kayfiyatda tugatishga harakat qilamiz.

Baxtiyor Ashurmatov (AGMK bosh murabbiyi): - Barcha bayram kayfiyatida edi. Lekin umuman kutilmagan darajada o‘ynab, mag‘lubiyatga uchradik. Hozir muxlislar va rahbariyat oldida xijolatdaman. Ochig‘i, maydonda jamoamni taniyolmadim.

Ha, kubokni qo‘lga kiritdik, ammo chempionatda elitada qolish uchun kurash olib borishimizga to‘g‘ri keldi. Hayot kubok finalidagi g‘alaba bilan to‘xtab qolmaydi. Chempionatda ham o‘ynash, g‘alaba qozonish zarur. Buni bafurja muhokama etamiz, albatta.

«NEFTCHI» - «SO‘G‘DIYONA» - 0:1 (0:0)

9 noyabr. Farg‘ona. «Istiqlol» stadioni. 3420 tomoshabin.

Hakamlar: V.Agishev, R.Serazetdinov, A.Sapenko, G‘.Jo‘rayev.

Gol: N.Milinkovich (89-pen.).

«Neftchi»: A.Abdujalilov, SH.Po‘latov, A.Ismoilov, D.Ermatov (A.Berdiyev, 72), A.Sidorov, H.G‘ofurov (M.Bobojonov, 83), B.Yo‘ldoshev, D.Toshmatov, SH.Hojimatov, SH.Hakimov (A.Abdulhaqov, 59), D.Tursunov.

«So‘g‘diyona»: M.Mitrovich, S.Qulmatov, E.Oripov, S.Azimov (S.Rashidov, 73), S.Meliyev, SH.Jo‘rabekov, O.Nurmatov (S.Darvidas, 62), M.Simonovich, N.Milinkovich, N.Hasanov, N.To‘xtasinov (SH.Norxonov, 56).

Ogohlantirishlar: A.Sidorov (13), SH.Hakimov (33), B.Yo‘ldoshev (88) - SH.Jo‘rabekov (50), N.Hasanov (76), N.Milinkovich (89).

Nazoratchi: O.Dachev.

Komissar: M.Saidqosimov.

Sergey Lushan («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - Bugun rejalarimiz ish berdi. Murakkab o‘yin bo‘lishini bilardik. Shuni nazarda tutib, himoyadan o‘ynab, raqibni qarshi hujumlarda jazolashga urindik. Mana, yakunda muhim 3 ochko olib, asosiy vazifani uddaladik. Endi qolgan 2ta uchrashuvga ham bor kuch-g‘ayrat bilan astoydil tayyorgarlik ko‘ramiz.

Bahrom Haydarov («Neftchi» bosh murabbiyi): - O‘yin bo‘yicha yigitlarga e’tirozim yo‘q. Har holda, hamma bor kuchini sarfladi, rosa ter to‘kdi. Afsus, jamoa­miz uchun o‘ta muhim bahsda mag‘lubiyatga uchradik. Ochig‘i, bugun omadimiz umuman chopmadi...

«PAXTAKOR» - «METALLURG» - 2:1 (0:0)

10 noyabr. Toshkent. «Paxtakor» stadioni. 872 tomoshabin.

Hakamlar: SH.Nasibullayev, T.Gaynulin, A.Kalinin, A.Xudoyberganov.

Gollar: T.Bezerra (69), B.Abdurahimov (81) - A.Husinov (90}3).

«Paxtakor»: A.Lobanov, H.Alijonov, J.Ahmadov (J.Iskanderov, 39), D.Rahmatullayev, J.Masharipov (I.Gonsalvesh, 66), YE.Krimes, K.Tojiyev, J.YAxshiboyev (B.Abdurahimov, 79), F.Sayfiyev, CH.Dragan, T.Bezerra.

«Metallurg»: J.Ilyosov, Z.Jo‘raboyev, I.Yo‘ldoshev (M.Isayev, 48), SH.SHaymanov (Z.To‘rayev, 60), M.Sultonov (P.Smolyachenko, 84), D.Umirov, D.Hoshimov, SH.Fayziyev, X.Sattorov, B.Pardayev, A.Husinov.

Ogohlantirishlar: K.Tojiyev (89) - I.Yo‘ldoshev (31), M.Isayev (58), X.Sattorov (72), M.Sultonov (84).

Nazoratchi: R.Aytekov.

Komissar: L.Qo‘chqorov.

Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - Deyarli har 3-4 kunda maydonga tushyapmiz. O‘yinlarning har biri juda muhim. Zero, o‘rtada qimmatli ochkolar va CHL masalasi turibdi. Ha, biroz qiyin, lekin har qanday holatda ham, g‘alaba qozonish kerak.

Bugun birinchi bo‘limning o‘zidayoq o‘yin taqdirini hal qilib qo‘ysak bo‘lardi. Zero, 3-4ta juda qulay imkoniyat yuzaga keldi. Futbolda hammasi bir zumda amalga oshib qolmaydi. Asosiysi - g‘alaba qozondik. Vaholanki, ayrim o‘yinchilarga dam olish imkoniyatini berdik.

«NAVBAHOR» - «BUNYODKOR» - 1:0 (0:0)

10 noyabr. Namangan. «Markaziy» stadioni. 12050 tomoshabin.

Hakamlar: I.Tantashev, H.SHodmonov, A.Burov, A.Ergashev.

Gol: R.Ahmedov (64-pen.).

«Navbahor»: A.To‘rayev, I.Golban, O.O‘runov, A.No‘’monov, D.Jabborov, A.Turg‘unboyev, M.G‘ofurov, A.Aliyev, R.Ahmedov (S.Sulaymonov, 83), D.Hoshimov, J.Mehmonov.

«Bunyodkor»: S.Sultonov, R.Ashurmatov, A.Komilov, D.Jo‘rayev, D.Ahmadaliyev, J.Ibrohimov, SH.Nurmatov (M.Mirahmadov, 78), M.Toshmatov, S.Sobirxo‘jayev, M.Sulaymonov (F.Rayevas, 82), A.Haydarov (M.Qosimov, 62).

Ogohlantirishlar: R.Ahmedov (8), D.Hoshimov (48) - A.Haydarov (8), A.Komilov (63), J.Ibrohimov (76).

Chetlatish: J.Ibrohimov (90}3, B.).

Nazoratchi: M.Ismoilov.

Komissar: B.Mametov.

Andrey Kanchelskis («Navbahor» bosh murabbiyi): - Har ikki jamoa ijrosidagi futbol yaxshi taassurot qoldirdi. «Bunyodkor» o‘yin jihatidan eng kuchli klublardan biri va shunday raqibga qarshi to‘p surish qiziqarli. Ha, «Bunyodkor»da qanday muammolar borligini bilaman.

Shunday jamoa kelasi mavsum chempionatda o‘ynamasa, afsuslanarli holat bo‘ladi. O‘z shogirdlarimga ishtiyoq bilan harakatlanishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga ham katta rahmat.

Albatta, jamoa bilan olib boriladigan ishlar hali ko‘p. Lekin ayni payt ixtiyorimizda atigi 12 nafar futbolchi bor va o‘z imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda, o‘ynashga intilyapmiz. Shogirdlarimning mashg‘ulotlarga yondashuvlari va ishtiyoqlaridan xursandman. O‘zimizni xotirjam his qilish uchun endi keyingi o‘yinlarda  1 emas, 2-3ta gol urishga urinamiz.

Albatta, iqtidorli yoshlarni ham kashf etish masalasi bor. Aytgancha, bugun 12 yoshli bolalar o‘rtasidagi musobaqa finaliga tashrif buyurib, unda g‘olib chiqqan namanganlik futbolchilarni alohida tabrikladim. Shunday ekan, bugun qo‘shaloq g‘alaba qayd etildi.

Sobiq futbolchi sifatida 70 va 3 ming muxlis qarshisida to‘p surish hissiyoti qanday bo‘lishini yaxshi bilaman. Boshqa shaharlarda ham stadionlar muxlislar bilan to‘lishi tarafdoriman. Axir ajoyib muhit ichida o‘ynashning gashti o‘zgacha. Jamoaga yaqinda keldim. Oston O‘runov yosh va iqtidorli yigit.

Mana, u O‘zbekiston olimpiya termasiga, Azizbek Turg‘unboyev va Davron Hoshimov esa milliy jamoaga jalb etilishdi. Klubimizdan 3 nafar futbolchining terma jamoalarga chaqirilishi yoqimli holat. Ostonga o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi lozimligini uqtiryapmiz. Yigitlar asta-sekin talabimizni tushunishyapti va o‘yindan-o‘yinga «ochilish­yapti».

Ular «Paxtakor», «Lokomotiv» va mana, «Bunyodkor» jamoalariga qarshi kechgan o‘yinlarda munosib ko‘rinishdi. Asosiy maqsadimiz - sovrindorlar safidan joy olish. Ha, 2-o‘rinni egallash imkoniyati ham bor edi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra, buni uddasidan chiqolmadik. Tushuning, futbolchilar temir emas, inson.

Mashhur murabbiy Valeriy Lobanovskiy ta’biri bilan aytsak, temir ham bir kun sinadi. Anchadan buyon bitta tarkib bilan o‘ynayapmiz va ixtiyorimizda o‘yinni kuchaytiradigan futbolchi yo‘q. Kimdir charchaydi, bosh­qasi jarohatlanadi, ayrimlar bosimga dosh berolmaydilar. Buni to‘g‘ri tushunish kerak.

Hikmat Ergashev («Bunyodkor» murabbiyi): -  Ajo­yib o‘yin guvohiga aylandik. O‘ylaymanki, ko‘rsatilgan futbol barchaga manzur tushdi. Binobarin, ikki jamoa ham puxta tayyorgarlik ko‘rgandi. «Navbahor» o‘z muxlislari daldalari ostida faol harakatlandi. Aytishadiku, Namanganda Braziliya termasi ham yutolmaydi...

Ochig‘i, hakamlikdan qoniqmadik. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bizning darvozamiz tomon 11 metrli jarima zarbasi belgilandi. Lekin Dilshod va Javlonni qo‘lidan tortib yiqitishganida, hakamlar e’tibor qaratishmadi. Shuningdek, Javlon nega maydondan chetlatilganini ham tushunmadim.

U jamoa sardori va hakam qaroriga e’tiroz bildirishga haqli. Ha, hakamlar ishini nazorat qiladigan qo‘mita bor va barchasi ko‘rib chiqilsa kerak. Hali hech narsa yo‘qotilgani yo‘q. Demoqchimanki, sovrindorlar safiga kirish uchun  oxirigacha kurashamiz. 

«QIZILQUM» - «NASAF» - 2:0 (0:0)

10 noyabr. Navoiy. «Yoshlar» SM. 3445 tomoshabin.

Hakamlar: J.Muxtorov, R.SHoyaxmetov, B.SHavkatov, SH.Rajabov.

Gollar: E.Boydullayev (59), A.Gevorkyan (81).

«Qizilqum»: E.CHeremisin, E.Boydullayev, A.Rustamov (S.YArashev, 74), F.Qambarov, A.Gevorkyan, M.Ubaydullayev, SH.Jo‘rayev (H.Abdualimov, 85), E.Grigalashvili (D.Usmonov, 34), E.Boymatov, N.Yovanovich, S.Mustafoyev.

«Nasaf»: S.Quvvatov, M.Karimov (A.Mozgovoy, 86), G‘.G‘aybullayev, O.Hamrobekov, A.Safarov, D.Narzullayev, I.Kenjaboyev (D.Saitov, 76), I.Rashidxonov, X.Muxtorov, O.Bozorov (B.Davlatov, 68), U.Eshmurodov.

Ogohlantirish: X.Muxtorov (58, N.).

Nazoratchi: S.Ermatov.

Komissar: E.Baxtiyorov.

Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - Aslida birinchi golga qadar «Qizilqum»ning o‘yini qovushmadi. Hisobning ochilishi raqibimizga ruhiy ustunlik berdi. Har holda, mezbonlar shundan keyin faollikni oshirishdi. Umuman, biz imkoniyatlardan foydalanolmadik, mezbonlar aksincha, samara chiqara olishdi.

Tan olish kerak, «Qizilqum» tarkibida tajribali futbolchilar yetarli va ular qulay vaziyatlarni qo‘ldan chiqarmaydilar. Qisqasi, raqibimiz haqli g‘alabaga erishdi. Aslida o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik, ammo ijobiy natijaga tortadigan darajada to‘p surolmadik. Qolaversa, bugun ba’zi yetakchi futbolchilarimiz xizmatiga tayanolmadik.

Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Bugungi g‘alabaga hissa qo‘shgan barcha-barchaga minnatdorchilik bildiraman va muxlislarimiz, futbolchilar va klub xodimlarini tabriklayman.

«Nasaf»ga qarshi juda ko‘p o‘ynagan bo‘lsak-da, bu raqibni hali biror marta mag‘lubiyatga uchratmagandik. Bugun 3 ochko juda zarur edi va yigitlar shuni teran his etgan holda, maydonda bor kuchlarini ishga solishdi.

TUR IQTIBOSLARI

- Ha, moliyaviy holatimiz uncha yaxshi emas, muammolar borligini deyarli hamma biladi. Ammo ishontirib aytamanki, jamoa yo‘qolmaydi. «Buxoro» oldin ham bo‘lgan, keyin ham bo‘ladi... Shuhrat Fayziyev («Buxoro» murabbiyi).

- «Paxtakor» yigitlarimizga qiziqish bildirmoqdami? Hammasi mish-mish, xolos. To‘g‘ri, bu savol rahbariyatga berilishi kerak. Andrey Fyodorov («Lokomotiv» bosh murabbiyi).

- Hozir muxlislar va rahbariyat oldida xijolatdaman. Ochig‘i, maydonda jamoamni taniyolmadim. Baxtiyor Ashurmatov (AGMK bosh murabbiyi).

- O‘yin bo‘yicha yigitlarga e’tirozim yo‘q. Har holda, hamma bor kuchini sarfladi, rosa ter to‘kdi. Bahrom Haydarov («Neftchi» bosh murabbiyi).

- Tushuning, futbolchilar temir emas, inson. Mashhur murabbiy Valeriy Lobanovskiy ta’biri bilan aytsak, temir ham bir kun sinadi. Anchadan buyon bitta tarkib bilan o‘ynayapmiz... Andrey Kanchelskis («Navbahor» bosh murabbiyi)

- Ochig‘i, hakamlikdan qoniqmadik. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bizning darvozamiz tomon 11 metrli jarima zarbasi belgilandi. Lekin Dilshod va Javlonni qo‘lidan tortib yiqitishganida, hakamlar e’tibor qaratishmadi. Hikmat Ergashev («Bunyodkor» murabbiyi).

30-TUR STATISTIKASI

O‘yin: 6, Gol: 15 (o‘rtacha: 2,5)

Tomoshabin: 25853 (o‘rtacha: 4308...), Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Navbahor» - «Bunyodkor» (12050)

Mezbonlar g‘alabasi: 4, Mehmonlar g‘alabasi: 2, Durang: -

Yirik hisobli g‘alaba: 1 («Lokomotiv» - 4:0), Eng sermahsul o‘yinlar: AGMK - «Qo‘qon-1912», «Lokomotiv» - «Buxoro» (4tadan gol)

Ogohlantirish: 20 (o‘rtacha: 3,33...), Chetlatish: 1 (o‘rtacha: 0,16...)

Eng «qo‘pol» o‘yin: «Navbahor» - «Bunyodkor» (5ta «sariq» } 1ta «qizil»)

Penalti: 2 (samarali), «Dubl»: - , «Xet-trik»: -, Avtogol: -

YUQORI OLTILIK

1 LOKOMOTIV   18            12            4              2              31-15      40

2 PAXTAKOR      18            10            4              4              32-14      34

3 NAVBAHOR      18            8              4              6              18-14      28

4 BUNYODKOR      18            7              3              8              25-22      24

5 METALLURG    18            4              4              10            11-27      16

6 BUXORO           18            3              1              14            13-38      10

LIGADA QOLISH UCHUN

1 NASAF             18            8              6              4              21-14      30

2 QIZILQUM      18            9              3              6              25-22      30

3 QO‘QON-1912    18            6              6              6              19-14      24

4 AGMK                18            6              5              7              20-21      23

5 SO‘G‘DIYONA       18            6              5              7              18-22      23

6 NEFTCHI           18            4              5              9              13-23      17

31-tur

24 noyabr(shanba)

15:00       «QIZILQUM» - «NEFTCHI»

15:00       «QO‘QON-1912» - «SO‘G‘DIYONA»

17:00       «BUNYODKOR» - «METALLURG»

25 noyabr(yakshanba)

15:00       «BUXORO» - «NAVBAHOR»

15:00       «LOKOMOTIV» - «PAXTAKOR»

17:00       «NASAF» - AGMK

TO‘PURARLAR

Ismoil Gonsalvesh («Paxtakor») - 14ta (9ta - pen.)

Tiago Bezerra («Paxtakor») - 13ta

Bobur Abduxoliqov («Nasaf») - 12ta

Javlon Ibrohimov («Bunyodkor») - 11ta (2ta - pen.)

Marat Bikmayev («Lokomotiv») - 11ta (3ta - pen.)

Artur Gevorkyan («Qizilqum») - 9ta (1-ta - pen.)

Yovan Jokich (AGMK) - 9ta (7ta - pen.)...

Murod Xolmuhammedov («Qo‘qon-1912») - 9ta (8ta - pen.)

Elguja Grigalashvili («Qizilqum») - 8ta... 

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 15:41, 13.11.2018.
O'qildi: 7676 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.