Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Eski yaralar og‘rig‘i yoxud Kuper eplay olarmikin?

Eski yaralar og‘rig‘i yoxud Kuper eplay olarmikin?

Baho:
+1 | -

Bugun Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini ko‘rib, Kuperni yomon ko‘rmadim, shunchaki unga rahmim keldi.

Ektor Kuperning eng yaxshi natijalaridan biri Misrni jahon chempionatiga olib chiqqani bo‘ldi. U Misrni boshqarganida ham hozirgiga o‘xshash taktikani qo‘llagan, ammo Misrda qandaydir soniyalar ichida himoyadan hujumga o‘tishga qodir futbolchilar bor edi, Elneni, Saloh. Bizda esa bunday  futbolchilar yo‘q, ha, shoshmang, yanglishdim, yurtimizda bor bunday futbolchilar, ammo negadir terma jamoada yo‘q. Kuper shu jihatdan yanglishmoqda.

Shu o‘rinda  men sira hazm qila olmaydigan bir holat paydo bo‘ladi. “Bizda iqtidorli hujumchi kam”, bir murabbiy ana shu jumlani qo‘llagandi. Lekin bugun sportga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda, yoshlarga imkoniyat yaratilayotgan bir paytda bunday gapni aytish jinoyat emasmi? O‘smirlar safida porlagan o‘sha yosh iqtidorlar qani? Keling, masalaga boshqacha yondashaylik. Hammamiz mini stadionlarda mini futbol o‘ynaymiz. Xo‘sh, endi aytingchi, birgina poytaxtning o‘zidagi mini stadionlarda futbol o‘ynayotganlar orasidan iqtidorlilarni topish qiyinmi? Menimcha,yo‘q. Shaxsan o‘zim shunday yosh yigitlarni ko‘rganmanki, ularning to‘p bilan muomala qilishini ko‘rib, taajjubga tushganman. Mana iqtidor.

Superliga. Tan olish kerak, bugungi superliga terma jamoani kerakli futbolchilar bilan ta’minlay olmayapti. Birgina misol, Ektor Kuper hujum chizig‘ida birgina Marat Bikmayevdan qoniqmoqda, qoniqishga majbur bo‘lmoqda. Marat Bikmayev iqtidorli, bunga shubha yo‘q, ammo terma jamoaning yoshi o‘tib borayotgan futbolchiga suyanib qolgani fojia emasmi? Bunday jamoaning jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari yuqori bo‘lishi mumkinmi? Axir g‘alaba qozonish uchun gol ham urish kerakku, to‘g‘rimi? Bizda boshqa hujumchi yo‘qmi? Nafaqat hujumchi, kerak bo‘lsa, hujumchilar bor. Faqat Superligadagi besh-oltita jamoaga umidvor tikilmasdan, sal chetroqqa chiqilsa, juda ko‘p iqtidorlarni topish mumkin.

Gabriel Jezus bundan bir necha yil oldin stadionlarni bo‘yab yurgan yigitcha edi. Bugun terma jamoada o‘ynayapti. Krishtianu Ronalduning otasi piyonista, akasi giyohvand bo‘lgan, qiyinchilik bilan katta bo‘lgan. Futbolga qiziqishi tufayli shu sport turiga umid vositasi, qashshoqlikdan qutulish ilinji sifatida qaragan. Ibragimovich non topish uchun yoshligida o‘g‘irlik qilishgacha borgan, keyin futbolga kirib, unga shunchaki xobbi sifatida emas, asosiy ilinji sifatida qaragan. Lukaku, Messi... Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin.  Xo‘sh, bizdachi, bizda yo‘qmi shunday iqtidorlar? Bor, hatto keragidan ortiq. Qishloqlarda to‘pni istagan ko‘yiga sola oladigan iqtidorlar tiqilib yotibdi. Ularni futbolga jalb qilish esa mushkul ishdek. Aksiga olib ularning o‘zi ham futbolchi bo‘lishga intilmay qo‘ygan. Chunki ayrim poraxo‘rlarning kasriga “Futbolchi bo‘lish uchun boyning bolasi bo‘lish kerak, puling ko‘p bo‘lishi kerak”, degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga chiqargan bir davrda futbolni ham yuqoridagi kabi fikrlardan tozalash kerak. Ana shunda futbol desa borini beradigan, ammo qo‘li kaltaroq yoshlarimiz ham futbolchi bo‘lishga intiladi. Ana shulardan chiqadi Messi Ronaldular. Qachonki bizda murabbiylar  yoki rahbariyat izlanib, iqtidorli futbolchini ko‘rgan zahoti kerak bo‘lsa salfetkada u bilan shartnoma tuzishga intilsa, shunda futbol o‘zgaradi. Qachonki futbol cho‘ntakni qappaytirish vositasidan mamlakat sha’nini ko‘tarish, g‘ururini himoya qilish vositasiga aylansa, futbol o‘zgaradi. Futbolni shunchaki xobbi sifatida ko‘radigan, yoki “Men futbolchiman” deb kerilish uchun futbol o‘ynaydiganlardan haqiqiy futbolchi chiqmaydi, aslo!

Endi yana Kuperga qaytamiz. Kuperni qoralamoqchi emasman. Chunki u Babayan, Abramov, Qosimovlardan  qolgan terma jamoani kuchaytirishga intilmayapti, u Kuperning terma jamoasini yaratyapti. U hammasini noldan boshlayapti. Ammo u tushunishi kerak, agar taktikani o‘zgartirmayman, o‘z qarashlarimda sodiq qolaman desa, tarkib borasida jiddiy o‘ylashiga to‘g‘ri keladi. U shu paytgacha o‘ynatgan futbolchilardan 11 nafar eng yaxshilarini saralab olsa bo‘ladi, ammo ularni taktikasiga o‘rgatish — ancha peshona terini  to‘kishga majbur qiladigan ish. Kuper o‘zbek futbolida o‘z Salohiga ega bo‘ladimi, bunisi endi chinakam muammo.

O‘FAdagilar bir narsani tushunishlarini istardim, hech bir murabbiyning “O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar kam” deyishga haqi yo‘q. Bu bahonadan boshqa narsa emas, bu eskirib ketgan prinsiplardan voz kecha olmaslik, iqtidorlarni oyoqni  charchatib emas, osonroq yo‘l bilan topishga intilish kabi illatlarni xaspo‘shlaydigan bahona, xolos! O‘zbekiston — iqtidorlar mamlakati, garchi balandparvoz gap bo‘lsa-da, bu haqiqat. Unutmang, quyon ovlanmasa, bunga buzuq qurol emas, shu buzuq qurolni tanlagan ovchi, o‘sha ovchini shu ishga yollaganlar sababchi bo‘ladi. Chunki qurol buzuq bo‘lsa, ovchini emas, qurolni almashtirish kerak.

Nizomjon ISLOMOV                                                       

  

                                                                                                                                      

 

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 00:16, 21.11.2018.
O'qildi: 8906 marta.
Fikrlar: 17 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.