Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Farhod Abdumavlonov: «Ardus»ning yopilishi futzalimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi»

Farhod Abdumavlonov: «Ardus»ning yopilishi futzalimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi»

Baho:
+ | -

Yakunlanganiga hali ko‘p bo‘lmagan futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining bu mavsumida AGMK muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi. Poytaxt viloyati jamoasi chempionatni 117 ochko bilan yakunladi. To‘plar nisbati - 294-81. AGMKdan 12 ochko kam jamg‘argan «Paxtakor» kumush, 89 ochkoga ega «Neftchi» bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Darvoqe, bu yil tarixda birinchi marta chempionat bahslari «uy-safar» tizimida o‘tkazildi. Biz turnir yakunlari yuzasidan AGMKning yetakchi futzalchilaridan biri Farhod Abdumavlonovdan intervyu oldik.

- Farhod, avvalo, chempionlik muborak bo‘lsin. Nazarimda, bu yil ham chempionlikka juda osonlik bilan erishdinglar...

- Tabrik uchun rahmat. Har bir chempionlikning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Joriy yilgi mavsum ham bundan mustasno bo‘lmadi. Ijobiy natijaga erishish uchun mashg‘ulotlarda yaxshigina ter to‘kishimizga to‘g‘ri keldi. Boz ustiga, tarkibimizda yoshi katta, boshqacha aytganda, tajribali futzalchilar ko‘p. Sir emaski, yosh o‘tgani sayin yanada ko‘proq mehnat qilish lozim bo‘ladi. Bu mavsum uchta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradik va yana shuncha uchrashuvda durang qayd etdik. Aytmoqchimanki, bizni yutadigan jamoalar ham bo‘ldi. Bir tur oldin chempionlikka erishsak-da, xotirjamlikka berilmadik. Safarda «Buxoro»ga qarshi kechgan oxirgi ikki o‘yinda ham ishonchli tarzda g‘alabaga erishib, chempionatni yuqori notada yakunladik.

- «Ardus»ning yo‘qligi sizlarga qo‘l kelyaptimi? Ya’ni, raqobatdan deyarli xolisizlar...

- Albatta, «Ardus»dek katta obro‘ga ega klubning yopilishi - futzalimiz uchun katta yo‘qotish. Jamoa Osiyoda ham o‘z o‘rniga ega edi. Bugungi kunda o‘ynayotgan aksariyat tajribali futzalchilar aynan «Ardus» klubi tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi. Qolaversa, termamiz a’zolarining aksariyati ham faoliyatlarini shu jamoada boshlashgan. Ishonchim komilki, agar hozir «Ardus» chempionatimizda ishtirok etganida, albatta, chempionlik uchun kurashardi. Bu esa bizga yaxshigina raqobatni yuzaga keltirgan bo‘lardi.

- Raqobatning yo‘qligi futzalimiz uchun «minus» emasmi?

- Bilasizmi, raqobat yo‘q, deb bo‘lmaydi. «Ardus» yopilgach, jamoa o‘yinchilari boshqa klublar tarkibiga borib qo‘shilishdi. Buning natijasida asosan «Paxtakor» va «Neftchi» jamoalari kuchayishdi. Aynan mana shu ikki klub bu yilgi chempionatda bizga raqobatni yuzaga keltirishdi. Chempion nomi va qolgan ikki sovrinli o‘rin sohiblari chempionat yakunlanishiga ikki tur qolganida aniqlandi. Istardimki, chempionlik yo‘lida chinakamiga raqobatni yuzaga keltiradigan shunday klublarimiz soni ko‘paysin. Buning uchun esa birinchi galda futzalga e’tiborni kuchaytirish kerak. Klublarimizga tajribali murabbiylarni jalb qilish lozim. Qolaversa, jamoalarga yetarli darajada sharoit yaratib berilsa, futzal maktablari ochilsa, bu o‘z o‘rnida O‘zbekistonda futzalning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Buning natijasida chempionatimiz saviyasi ko‘tariladi, termamiz ham kuchayadi.

- Chempionatimizning qaysi o‘yinidan keyin sizlarda «Aniq chempionlikka erishamiz», degan fikr paydo bo‘ldi?

- «Lokomotiv» bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng bu narsa oydinlashdi. Agar shu ikki o‘yinda ochko yo‘qotganimizda, chempionlik taqdiri so‘nggi turga qolib ketardi. Mehmonda o‘ynash esa hamisha qiyin bo‘lgan.

- AGMKda ichki raqobat kuchlimi?

- Yuqorida aytganimdek, jamoamizda tajribali o‘yinchilar bisyor. O‘z o‘rnida, ana shu yoshi katta futzalchilar bilan yelkama-elka o‘ynab, tajriba to‘playotgan yoshlar ham bor. Yoshlik va tajriba uyg‘unligida deyarli teng kuchga ega jamoa shakllangan, deya olaman.

- Klub rahbariyati chempionlik uchun jamoani rag‘batlantirdimi?

- Qatorasiga to‘rtinchi yil O‘zbekistonning eng kuchli futzal klubiga aylandik. Mamlakatimizda hech bir jamoa bunday ko‘rsatkichga erishmagan. Klub rahbariyati va albatta, olmaliqlik muxlislarning ham yutug‘imizda katta hissasi bor. O‘ylaymanki, tez orada klub rahbariyati futzalchilar va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazadi.

- Maoshlarni vaqtida olyapsizlarmi?

- Ha, bu masalada muammo yo‘q.

- Bu yilgi futzal mavsumi haqida umumiy xulosalaringiz qanday?

- O‘rtacha deyish mumkin. O‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor. Ayrim jabhalarda yutuqlar ko‘zga tashlandi.

- Chempionatimizning ilk bor «uy-safar» tizimida o‘tkazilgani yaxshi bo‘ldimi yoki avvalgi formati yaxshiroqmidi?

- Shaxsan menga yangi tizim ma’qul keldi. Har holda, ikki kunlik o‘yinlardan so‘ng dam olish uchun bir haftaga yaqinroq vaqt bo‘ladi.

- Futzal hakamlarining saviyasi oshganmi?

- Chempionatimizda yosh, tajribasi kam hakamlar bor. Bu yil ilk bor hakamlik qilganlar ham bo‘ldi. Ayrim o‘yin epizodlarida xatolikka yo‘l qo‘yishdi. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shaxsan men buni normal holat, deb hisoblayman. Hamma xato qiladi. Hatto tajribali o‘yinchilar ham ayrim vaziyatlarda o‘zlarini xuddi yosh bolalardek tutishadi.

- Futzalga e’tibor pasayib ketyapti...

- Afsuski, mazkur fikrga qo‘shilmasdan ilojim yo‘q. Bu ichki chempionat bilan bir qatorda terma jamoa o‘yinlarida ham ko‘zga tashlanib qolyapti.

- Termamiz yetti oy deganda bitta yig‘in o‘tkazganini qanday izohlaysiz?

- Menimcha, hammasi reja asosida ketyapti. Hozir bor e’tibor Osiyo chempionatiga qaratilgan. Qit’a birinchiligida jahon chempionati yo‘llanmalari o‘ynaladi. Umid qilamanki, kelasi yil uchun tuziladigan rejalarda termamiz ishtirokidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda o‘rtoqlik uchrashuvlari yetarlicha bo‘ladi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 08:33, 28.11.2018.
O'qildi: 2392 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.