Xabaringiz bor, 27 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Etika bo‘yicha komissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi.
Pan Gi Mun Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida “Orolbo‘yi hududlarida ekologik muhitni yaxshilash masalalari va bu jarayonda koreys diasporasining roli” mavzusida xalqaro forumga Janubiy Koreya delegasiyasi rahbari sifatida tashrif buyurganini ham alohida ta’kidlab o‘tish kerak.
Forum doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Janubiy Koreyaning Seul shahridagi “Chung-Ang university high school” futbol jamoasi “Turon” markaziy o‘yingohida Qoraqalpog‘iston Respublikasining 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. O‘yin 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
28 noyabr kuni “Chung-Ang university high school” jamoasi Toshkent shahridagi “Milliy” o‘yingohida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar jamoasi bilan kuch sinashdi. Bu uchrashuvda vakillarimiz kichik hisobda g‘alaba qozonishdi.
Bugun 29 noyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘FA 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov xalqaro forum doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Pan Gi Mun boshchiligidagi delegasiya a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda «Sports&Solution» kompaniyasi prezidenti Vun Chan Ti va uning o‘rinbosari Daniyel Kim ishtirok etishdi. Vun Chan Ti uchrashuv davomida O‘zbekiston bilan sportni, jumladan, olimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi. Bu borada talab etiladigan barcha yo‘nalish bo‘yicha o‘z yordamini berish va shu orqali O‘zbekistonda sport turlari rivojiga hissa qo‘shishdan boshi osmonga yetishini ma’lum qildi. Umid Ahmadjonov Janubiy Koreya milliy olimpiya qo‘mitasi va futbol assosiasiyasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini yanada kuchaytirish biz uchun har tomonlama manfaatli ekanini aytib o‘tdi.
Uchrashuv so‘nggida Umid Ahmadjonov Janubiy Koreya delegasiyasi vakillariga Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assosiasiyasi nomidan esdalik sovg‘alarini topshirdi.