Avval xabar qilganimizdek, himoyachimiz Umarbek Eshmurodov jamoamizdagi faoliyatini yana davom ettiradi.
Biz mohir himoyachimiz bilan qisqacha suhbat uyushtirdik.
-Umarbek avvalo sizni shartnoma muddatini uzaytirganingiz bilan tabriklaymiz.
-Katta rahmat. Bosh murabbiyimiz Ro‘ziqul aka va klubimiz bosh menedjeri Sergey Petrovichlar menga yana ishonch bildirishdi, o‘z o‘rnida men ham buni mamnuniyat bilan qabul qildim va o‘zaro shartnoma muddatini uzaytirdik.
-Demak, sizni “Nasaf”dagi sharoitlar qoniqtiradi.
-SHunday, klubimizda futbolchi uchun hamma sharoitlar bor. Bu yerdagi futbolchiga bo‘lgan munosabat ham professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Jamoadagi muhit ham har qanday futbolchi orzu qiladigan darajada. “Nasaf” tarkibida to‘p tepib, qit’amizning nufuzli musobaqasida ham ishtirok etdim. Bu men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. “Nasaf”da o‘ynab, jamoam bilan yana shunday musobaqada ishtirok etishni hohlayman. To‘g‘ri, bu yil mavsum biz uchun qiyinroq kechdi. Yetakchi futbolchilarimiz moliyaviy muammolar tufayli boshqa jamoalarga o‘tib ketishdi. Bu kuchli jamoalarga qarshi o‘yinimizda muammolarni keltirib chiqardi. Ammo Ro‘ziqul aka bularga qaramasdan biz futbolchilarni yaxshiroq o‘ynashimizga ruhlantira oldi. Qolaversa, vohamiz futbol muxlislarining eng sevimli jamoasi – “Nasaf”da to‘p tepish men uchun juda yoqimli va faxrlidir.
-Sizni futbolchi sifatida jamoamizning bu yilgi natijasi qoniqtirdimi?
-Yo‘q, chunki har bir futbolchi yuqori natijalarga erishishni hohlaydi. Chempion bo‘lishni orzu qilmagan futbolchi menimcha topilmaydi. Bu holat ya’ni bu yil yangi formatda o‘tkazilgan chempionatimizda quyi oltilikda o‘rin egallashimiz, vaqtinchalik holat deb, bilaman. Pastlash dunyoning buyuk jamoalarida ham uchrab turadigan holat. Men shuni ishonch bilan aytamanki, “Nasaf” hali katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Keling, bu yilgi natijani yuqoriga sakrashdan oldin, pastga sho‘ng‘ish deya qolamiz. Shunday bo‘lishini o‘zim juda hohlayman.
-Futbolchi uchun eng muhimi nima?
-Bu savolingizga o‘zimning dunyo qarashimdan kelib chiqib javob beraman. Futbolchi shu yo‘lni tanladimi, avvalo shu sohani ilg‘ori bo‘lishi kerak. Ya’ni foydali o‘yinchi bo‘lishi kerak. Ba’zida futbolchini ko‘p pul hohlashini tanqid qilishadi. Ko‘p pul kimga kerak emas? Aslida esa futbolchi ko‘p pul taklif etiladigan darajani egallashi kerak. Ammo hali bir narsani uddalamay turib, ko‘p pul topish payiga tushish ham, noto‘g‘ri. Futboldan boshqa ham pullik sohalar ko‘p. Masalan, tadbirkorlik. Futbolda katta pul izidan quvib, kelajagini buzib qo‘ygan futbolchilar ham uchrab turadi. Menimcha, futbolchi o‘z oldiga buyuk futbolchi bo‘lish orzusini qo‘yishi kerak, ana shunda uni katta pulning o‘zi quvlay boshlaydi. Bu erishib bo‘lmaydigan havoi orzu emas. Odam qilgan narsani, odam qiladi.
Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan Osiyo Kubogida milliy terma jamoamizga kattadan-katta muvaffaqiyatlar tilayman. Terma jamoamiz, ushbu musobaqada ko‘pmillionlik muxlislarimizning orzusini amalga oshirishiga omad tilayman.