Mana, hash-pash deguncha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Turkiyadagi yig‘ini ham oxirlab qoldi. Bilamizki, bu o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini terma jamoamiz uchun Osiyo kubogi oldidan so‘nggisi hisoblanadi va aynan Antaliyaga safardan keyin BAAga yo‘l oladigan asosiy tarkib e’lon qilinadi. Joriy mavsum yakunlariga ko‘ra, Superliganing eng yaxshi darvozaboni deb topilgan (eng ko‘p quruq o‘yin, eng kam gol o‘tkazgan) Eldor Suyunov esa hozircha jarohatini davolash bilan band bo‘lgani bois, safardan chetda qolib ketdi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, tajribali posbon «Paxtakor» mashg‘ulotida qo‘l panjasini sindirib olgandi va Eldorbek dekabr oyining so‘nggi o‘n kunligida mashg‘ulotga qaytishi kutilmoqda. Terma jamoa shifokori Abror Pirriyevning aytishicha, Suyunov qit’a chempionatiga qadar tiklanishga ulgurar ekan. Biz Eldorga tezroq sog‘ayib ketishini tilagan holda, uni suhbatga tortdik.
- Eldorbek, ochig‘ini aytganda, bu yilgi mavsum «Paxtakor» uchun alamli keldi. Chunonchi, chempionlik kurashi boy berildi, kubok finalida ham omad sizlardan yuz o‘girdi. Umuman olganda, 2018 yilgi mavsumga qanday ta’rif bergan bo‘lar edingiz?
- Ha, biz uchun mavsum omadsiz keldi. Oson o‘yinlar deyarli bo‘lmadi, hisob. Barcha uchrashuvlarda ochkolarni katta qiyinchilik bilan qo‘lga kiritdik. Eng yomoni, mavsum avvalida jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajara olmadik. Tabiiyki, bunday holatda mavsumga ijobiy ta’rif berib bo‘lmaydi. Juda ham alamli yakun bo‘ldi. Lekin bu ham biz uchun, jamoa uchun bir saboq. Bu yilgi ishtirokimizdan o‘zimiz uchun kerakli xulosani chiqarib olamiz va umid qilaman, kelgusida bunday xatolarni takrorlamaymiz.
- Sizningcha, rejalarning buzilishiga nima sabab bo‘ldi?
- Hech bir voqea o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Boshqacha aytsam, omadsizlikka uchradikmi, demak, bunda butun jamoa aybdor. Chunki futbol - jamoaviy o‘yin va bunda bir kishini ayblash noo‘rin.
- Adashmasak, chempionlik taqdiri «Lokomotiv»ga 1:3 hisobida boy berilgan o‘yinda hal bo‘lib ulgurdi...
- Shunday desa ham bo‘ladi. Zero o‘sha uchrashuvdan keyin faqat nazariy jihatdangina chempionlik uchun imkoniyatimiz saqlanib qolgandi, xolos. Amalda esa ana shu kichik imkoniyatni amalga oshirishning deyarli iloji yo‘q edi. Buni hamma tushunib turgandi. «Lokomotiv» esa xatolarni kechiradigan jamoa emas.
- O‘sha uchrashuvga jamoa ruhan tayyor emasmidi?
- Bilasizmi, bu - futbol! Hech kim maydonda nima bo‘lishini oldindan aniq aytib bera olmaydi. Ha, taxminlar bildiriladi, imkoniyatlar chamalanadi. Lekin odatda, ikki kuchli jamoa o‘ynayotgan paytda taxminlar o‘zini unchalik oqlamayverdi. Agar g‘alaba qozonsangiz, hammasi to‘g‘ri bajarilgandek bo‘lib chiqadi. Aksi bo‘lsa-chi, unda hamma qilgan ishingiz xatoga chiqadi.
- «Lokomotiv» bilan mehmondagi o‘yindan oldin ham nazariy jihatdan «Paxtakor»ning imkoniyati saqlanib qolgandi. Lekin uchrashuvda «sherlar»ga ishonch yetishmayotgandek tuyuldi...
- Yo‘q, bu fikringizga qo‘shilmagan bo‘lardim. Chunki bizda umid oxirigacha bor edi va saqlanib turdi. Aslida o‘sha kuni hammamiz «Bugun yirik hisobda g‘alaba qozonishimiz kerak», degan fikr bilan maydonga tushgandik. Aynan mana shu fikr o‘yinning boshidan to oxirigacha bizni katta bosim ostida ushlab turdi. To‘g‘ri, bu gapim bilan «Lokomotiv» kuchsiz edi, demoqchi emasman. Tan olish kerak, joriy mavsumdagi «Paxtakor» - «Lokomotiv» qarama-qarshiliklarida «temiryo‘lchilar» nisbatan kuchliroq ko‘rinishdi.
- Kubok finalidagi mag‘lubiyatni esa hech kim kutmagandi. Tabiiyki, «Paxtakor» futbolchilari ham. O‘zi nima bo‘lgandi?
- Ha, bunday yakunni o‘zimiz ham kutmagandik... Yutishimiz shart bo‘lgan o‘yinda mag‘lub bo‘ldik. Nailoj, hayot davom etadi.
- AGMK futbolchilari bilan suhbatlashganimizda, ular raqibning xotirjamlikka berilgani bizning foydamizga xizmat qildi, degan fikrni aytishdi. Sizningcha, finaldagi mag‘lubiyatning asl sababi nimada?
- Aniq sababini bilmayman. Balki, chindan ham xotirjamlikka berilgandirmiz. Yoki maydonda raqib jamoani mensimadikmi, to‘g‘risi, bilmadim. Lekin nima bo‘lishidan qat’iy nazar, final uchrashuvida g‘alaba qozonishimiz shart edi.
- Bu yil chempionatimiz yangicha formatda o‘tkazildi. Ikki bosqichda o‘tgan Superliga shaxsan sizga ma’qul keldimi? Yoki avvalgi standart - ikki davrali tizim yaxshi edimi?
- Bu formatdagi chempionat oldin ham ko‘p davlatlarda qo‘llanilgan va keyinchalik noto‘g‘ri deb topilgan. O‘ylashimcha, bizda ham bu yangicha format uzoq saqlanib qolmaydi va kamida avvalgisiga o‘zgartiriladi.
- Demoqchisizki, chempion va sovrindorlar nomini aniqlash uchun xolislik yetishmaydi?
- Yo‘q, gap unda emas. Shunchaki, bu formatdi o‘tkinchi o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Amalda ham shunday bo‘ldi-ku, to‘g‘rimi?
- Bu yilgi hakamlik o‘tgan yillarga nisbatan yaxshiroq bo‘ldi, deyishyapti. Siz ham bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Menimcha, har doimgidek. Katta o‘zgarish sezmadim.
- Jarohatni davolash qanday kechyapti? Shifokorlar qachon maydonga qaytishingizga ruxsat berishadi?
- Hozircha hammasi reja asosida ketmoqda. Yangi yildan so‘ng umumiy guruhda mashg‘ulotlarni boshlasam kerak. Lekin baribir hammasi takroriy tekshiruvdan so‘ng oydinlashadi. Balki, mashqlarga kutilganidan ko‘ra ertaroq kirisharman... Har holda shunday bo‘lishiga umid qilyapman. Oldinda Osiyo kubogi bor. Qit’a chempionati boshlanishiga esa hech qancha vaqt qolmadi. Imkon qadar tezroq safga qaytishga harakat qilyapman.