Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/10 00:00 Vilyarreal 3-1 Las-Palmas
01/10 00:00 Bornmut 3-1 Sautgempton
01/10 13:00 Sentrel Kost 1-2 Buriram Yunayted
01/10 15:00 Kavasaki Frontale 0-1 Kvangju
01/10 15:00 Poxang Stilers 3-0 Shangxay Port
01/10 17:00 Johor Dorul Ta'zim 3-0 Shanghai Shenhua
01/10 21:00 Sepohon 4-0 Istiqlol Dushanbe
01/10 21:00 Sharja 2-2 Al-Vihdat
01/10 21:45 Zalsburg 0-4 Brest
01/10 21:45 Shtutgart 1-1 Sparta
01/10 23:00 Al-Hilol 5-0 Ash-Shorta
01/10 23:00 Al-G‘arafa 4-2 Al-Ayn
01/10 23:59 Arsenal 2-0 PSJ
01/10 23:59 Bayer 1-0 Milan
01/10 23:59 Borussiya D 7-1 Seltik
01/10 23:59 Barselona 5-0 Yang Boyz
01/10 23:59 Inter 4-0 Srvena Zvezda
01/10 23:59 PSV 1-1 Sporting
01/10 23:59 Slovan 0-4 Manchester Siti

Himoyadan oltin umid xud Matteys de Ligt kim o‘zi?

Himoyadan oltin umid xud Matteys de Ligt kim o‘zi?

Baho:
+ | -

Nufuzli sport nashri - Tuttosport tomonidan ta’sis etilgan GoldenBoy sovrini futbol tarixida ilk marta himoya chizig‘i vakiliga topshirildi.

Yevropada 21 yoshdan kichik eng kuchli futbolchiga beriladigan yuksak mukofotning yangi laureati - «Ayaks» sardori Matteys de Ligt. Aytish o‘rinli, xalqaro nufuzi baland GoldenBoyning o‘ziga xos jihatlari bir talay.

Deylik, «Oltin to‘p» sohibini aniqlashda nomzod futbolchilarning shaxsiy ko‘rsatkichlari va qo‘lga kiritgan sovrinlari inobatga olinadi. «Oltin bola»ni aniqlashda esa, da’vogarlarning individual va jamoaviy natijalari emas, balki ularning real iqtidoriga e’tibor qaratiladi. Darvoqe, Tuttosport bu safar Kilian Mbappeni nomzodlar ro‘yxatiga kiritmadi. Birinchidan, fransiyalik jahon chempioni o‘tgan yili «Oltin bola» maqomini olgandi. Ikkinchidan, Kilian endilikda «Oltin to‘p»ga qo‘l uzatmoqda. Qolaversa, GoldenBoyning asosiy vazifasi - yosh iqtidor sohiblarini kashf etish. 19 yoshli de Ligt ham bunga yorqin misol. «Ayaks» himoyachisini porloq kelajak kutayotgan bo‘lsa, ajabmas. 

Umuman, Tuttosport izlanuvchanligi va talabchanligi bilan ajralib turadi. 15 yil davomida yuksak mukofotga loyiq ko‘rilgan 15 nafar futbolchidan faqat 3 nafari (Anderson, Mario Balotelli va Aleshandro Pato) megayulduz maqomiga erishmadi. Renatu Sansheshda esa hali kamchiliklarni bartaraf etish va kemtiklarni to‘ldirish imkoniyati bor. Qolgan barcha laureatlar yorqin yulduzga aylanishdi.

Misol uchun, Ueyn Runi, Lionel Messi, Sesk Fabregas, Isko, Pol Pogba... Matteysning ham shu yo‘ldan borishiga shubha yo‘q. Chunki u hozirdayoq hayratlanarli ko‘rsatkichlarga ega. «O‘zimni Pikega o‘xshataman, e’tiborlisi, faoliyatimni xuddi «Barsa» vakili kabi yarim himoyachi sifatida boshlaganman. Tabiatan hujumchilarni to‘p bilan ta’minlashni yoqtiraman. Qolaversa, «Ayaks»ning o‘yin uslubi «Barsa»nikiga o‘xshash: to‘pni ko‘p nazorat qilamiz, kuchli pressing va tartibli himoyaga asoslanib o‘ynaymiz», -  deydi yosh sardor.

Ochig‘i, gollandiyalik yangi laureat Pikedan farqli o‘laroq, maydonda ancha ishonchli ko‘rinadi, shuningdek, aql bilan harakatlanishi ham e’tiborga molik. De Ligt bolaligidan «Ayaks»ga muxlislik qilgan va 10 yoshida klub akademiyasiga qo‘shilgan. Oradan atigi 8 yil o‘tib, ya’ni 18 yoshida asosiy jamoada sardorlik bog‘ichini qo‘lga oldi. Klaas-YAn Xuntelar va !!!! Shonedek tajribali futbolchilar turganda, aynan unga ishonch bildirilgani yosh himoyachining ulkan salohiyatidan dalolatdir.

Aytgancha, de Ligt o‘tgan yiliyoq «Barselona»ga o‘tib ketishi mumkin edi. Biroq yakunda Frank de Bur bilan maslahatlashgach, grand klub taklifini rad etdi. Demakki, «Ayaks» ustozi unga top-klubda munosib to‘p surish uchun yana bir yil Amsterdamda toblanishi zarurligini tushuntirgan. Qarang, de Bur maslahatiga quloq tutgan Matteys yarim yil ichida shiddatli o‘sishga erishdi.

Har holda, hozir o‘yinni avvalgidan ko‘ra, teranroq his etmoqda, vaziyatlarga aniq baho bermoqda va kerakli payt oldingi chiziq vakillariga samarali yordam bermoqda. «Ayaks»ning joriy mavsum CHL kashfiyotiga aylangani bejiz emas.

Jamoa guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunladi, o‘yin holatidan atigi 2ta gol qo‘yib yubordi. Amsterdamliklar turnir ishtirokchilari orasida to‘pga egalik qilish bobida 10, keskin uzatmalar bo‘yicha 6 va raqiblarni aldab o‘tish borasida 3-yaxshi natijani qayd etishdi. Umuman, de Bur shogirdlari  qisqa uzatmalar orqali o‘ynashni, raqib jarima maydonchasi ichida «aylanmachoq» uyushtirishni yoqtiradilar. Buning uchun o‘yinni yaxshi tushunadigan, dastlabki samarali uzatmani qoyillatadigan ijrochi talab etiladi, albatta.

Matteys aynan shunday himoyachi. CHL guruh bosqichida aniq uzatmalari 92 foizni tashkil etgani fikrimiz isboti. «Ayaks» shuningdek, qisqa uzatmalar yordamida hujum uyushtirish borasida 5-yaxshi natijani ko‘rsatdi. Asosiy ijrochilar  - de Ligt va Frenki de Yong. Bu javohirlarga hozirning o‘zida Yevropa grandlarining yarmi xaridor.

Juftlik esa top-klubda ham yonma-yon to‘p surish niyatida. Matteys va Frenkini Amsterdamda uzoq ushlab qololmasligi Frank de Bur ham yaxshi tushunib turibdi. Oldingi chiziqni to‘p bilan ta’minlab turadigan duet - muvaffaqiyat garovi. Shu nuqtai nazardan olganda, de Ligtning Golden Boy tarixida dastlabki laureat himoyachi bo‘lgani ham uning yuksak salohiyatidan darak bermoqda. Angliyalik jurnalistlar ta’biri bilan aytganda, futbol kelajagi de Ligt va de Yong kabi iqtidorlar qo‘llarida. 

Matteys de Ligtga oid 5ta omil

1.  O‘smirlik davri yarim himoya chizig‘ida o‘ynagan

Dunyo futbolining eng istiqbolli himoyachisi bu pozisiyada uncha ko‘p to‘p surgan emas. Aniqroq aytsak, 16 yosh to‘lgunicha «Ayaks» akademiyasi jamoalarida yarim himoyaning tayanch va markaziy hududida harakatlangan. Bunday tajriba bilim dargohlari uchun odatiy holat - murabbiylar tarbiyalanuvchilarni turli pozisiyalarda sinab ko‘rishadi. Zero, jismoniy va texnik taraqqiyot jarayonida bolalarning sifatlari o‘zgarishi mumkin.

Matteys hamisha maydondagi vaziyatga to‘g‘ri baho berishi bilan ajralib turgan. 16 yoshga to‘lganida esa, raqibni yakka tartibda qo‘riqlash va to‘psiz qolgan paytlar to‘g‘ri pozisiya tanlay olish mahorati yaqqolroq ko‘zga tashlangan. Shu bois, murabbiylar uni himoya chizig‘iga surishni ma’qul ko‘rishgan. Mana, ta’lim davrining ilk bosqichlarida o‘zlashtirilgan tezkor qarshi hujumga yo‘l ochuvchi diagonal uzatmalarni amalga oshirish malakasi va butun jamoa harakatini boshqarish qobiliyati de Ligtni zamonaviy himoyachilar safidan joy olishini ta’minlamoqda.

2. 9 yoshida diyetolog xizmatidan foydalangan

Matteys bolaligida jadal ulg‘aygan bo‘lsada, vazn borasida muammoga duch kelgandi. Shu sabab, kamtarin «Abkaude» maktabida «Ayaks» skautlari nazariga tushgan 9 yoshli bolakay futbol maydoni emas, balki diyetolog huzuriga yo‘l olgandi. «Aslida bu masala meni tashvishlantirgan emas, lekin shifokor tavsiyalari qiziqarli tuyulgandi.

Muhimi, uning ko‘rsatmalariga amal qildim, ovqatlanish tartibi va o‘z holatimga ko‘proq e’tibor bera boshladim», - deydi himoyachi bu borada. Tarbiyalanuvchilar va diyetolog o‘rtasidagi hamkorlik «Ayaks» akademiyasi uchun tabiiy jarayon. Mutasaddilar imkon qadar sog‘lom va mahoratli futbolchilarni tarbiyalash yo‘lida barcha choralarni ko‘radilar. De Ligt shifokorga murojaat qilgan payt uning tanasidagi moy miqdori umumiy vaznining 13 foizidan oshmasligi kerak edi. Aks holda, uning akademiya bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelardi.

3. Xokkeychi bo‘lishi mumkin edi

Ota-onasi Matteysdan professional futbolchi chiqishiga uncha ishonishmagan. Yigitcha 16 yoshga to‘lganidagina ularning bu masaladagi fikrlari o‘zgargan. De Ligt o‘sib-ulg‘aygan Abkaudeda chim ustida xokkey va futbol maydonchalari bo‘lib, bolakaylar bo‘sh vaqtni asosan shu yerda o‘tkazishardi. Avvaliga Matteys xokkey to‘garagiga yoziladi.

Yoxan Kroyffdek afsona xokkeydagi himoyalanish usullari futbol uchun g‘oyat foydali ekanligini ta’kidlashiga qaramay, to‘pni tayoqcha vositasida boshqarish bolakayga ma’qul kelmagandi. Qisqasi, u bir kunlik mashg‘ulotdan keyin xokkey bilan butunlay xayrlashadi va butun e’tiborini futbolga qaratadi.

4. 19 yoshgacha diskotekaga kirmagan

- Tabiatan shovqin-suronga toqatim yo‘q. Fikrimcha, bazmu-jamshid o‘rniga kimningdir uyida to‘planib, dildan suhbatlashib o‘tirish ma’qulroq. Ha, jamoadoshlarim bilan bir bora tungi klubga borganimni sir tutmayman. O‘tgan mavsum «Feyenoord» ustidan g‘alaba qozonganimizdan keyin yigitlar rosa qistashgach, ko‘nishdan o‘zga choram qolmadi.

Biroq u yerdagi «xursandchilik» menda aytarli qiziqish uyg‘otmadi - bu de Ligtning diskoteka va turli kechalarga munosabati. Umuman olganda, Matteys asosiy vaqti va butun e’tiborini sevimli mashg‘ulotiga qaratadigan zamonaviy futbolchilar sirasidan. Olqishlarga sazovor bunday yondashuvi muxlislari sonini yanada orttirayotgan bo‘lsa, ajabmas. Uni shohona hayot ortiqcha qiziqtirmaydi va hali-hanuz ota-onasi bilan birga yashaydi.

5. Faoliyatini Mino Rayola nazorat qilmoqda

Bu shundan dalolatki, de Ligt, xususan, uning qaysi klubga o‘tishi masalasidagi xabarlar hali-veri tinmaydi. 19 yoshli Matteys uchun eng muhimi - muloqotlar jarayonida Rayolaning tajovuzlaridan o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik. Italiyalik agent esa har bir mijozi bilan doimo shunday munosabatda bo‘ladi. Aytgancha, o‘zaro munosabat borasida de Ligtga yaqindan yordam beradigan beminnat xaloskor bor: yoshi ulug‘ qahramon va mulohazali kishi, «Ayaks»ning sobiq futbolchisi Barri Xyulsxoff.

U anchadan buyon Matteysga ma’naviy saboq berib kelmoqda. Deylik, vaqtida «Ayaks» haqida yozilgan kitobni qayta-qayta o‘qishga, jamoa tarixini mukammal o‘rganishga majbur etgan. Aytish joiz, Xyulsxoff mag‘rur Rayolaning mutlaqo aksi.

Asosiysi, Matteys dunyoning eng nomdor agenti mijoziga aylanganidan keyin ham Barri bilan aloqani uzmadi: «U futboldagi otam - yaqin suhbatdoshim. Oldinlari Barri yagona agentim edi, endi esa alohida murabbiyimga aylandi».

Lo‘nda aytganda, shunday ishonchli qalqon yonida ekan, «Ayaks»ning navqiron sardori taqdiridan tashvishlanmasak ham bo‘laveradi - Matteys de Ligt barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tadi!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 20:49, 28.12.2018.
O'qildi: 3769 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.