Joriy yilning 16-23 yanvar kunlari Hindistonning Kalkutta shahrida an’anaviy karate bo‘yicha o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 11 oltin, 9 kumush, 7 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoamizni vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali ravishda kutib oldi.
Hindistonda o‘tgan nufuzli musobaqada qit’amizning 11 davlatidan kelgan karatechilar sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi. Unda ishtirok etgan 21 sportchimiz O‘zbekiston karate maktabi salohiyatini yana bir karra namoyish etdi.
Chempionatda Jahongir Abduvahobov, Muzaffar Hojiyev, Hojiahror Ibrohimov, Mehrojiddin Jalolov, Umarxon Muhammadiyev, Sanjar Ulashev, Omina Sulaymonova o‘z vazn va yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Toshtemir Po‘latov va Nodirxon Soliyev ikki yo‘nalish bo‘yicha oltin medalga ega bo‘ldi.
– Xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda qatnashayotgan har bir sportchimiz ortida o‘zini mana shu darajaga yetkazgan Vatanimiz, xalqimiz turganini, yaratilayotgan sharoitlarning barchasi istiqlolimiz sharofatidan ekanini chin dildan his qiladi, – deydi Osiyo chempioni Jahongir Abduvahobov. – Mana shu tuyg‘u biz, sportchilarga katta kuch-quvvat va ishonch beradi.