Ispaniya kubogining yarim final bosqichi doirasida dastlabki "el-klasiko" "Kamp Nou"da bo‘lib o‘tdi. "Barselona" bosh murabbiyi Valverde 3 kun oldin yengil jarohat olgan Messiga nisbatan tavakkal qilishni istamadi va uni zaxirada qoldirdi. Solari ham boshlang‘ich tarkibda kutilmagan ayrim qarorlarga qo‘l urdi. Jumladan, Kazemiro o‘rniga Lyorente, Beyl o‘rniga Junior tushirildi.
Uchrashuvning ilk daqiqalarini faol o‘tkazgan "Real" tezkor gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Vinisius Junior o‘ng qanotdan havolatib "Barsa" jarima maydonchasining olis ustuni tomon uzatma berdi. Langle to‘p uchun sakradi, ammo uning ortida turgan Benzema to‘pni egalladi va darvozabon maydonchasiga yetkazdi. Himoyachilarni ortda qoldirgan Vaskes darvozani ishg‘ol qildi!
Mazkur gol taktik jihatdan "Madrid"ga ustunlikni taqdim qildi. Ular ishonchli himoyalanib, qarshi hujumdan foydalanish payida bo‘lishdi. Bahsning 20-daqiqasida esa Malkom ajoyib imkoniyatdan foydalana olmadi. Suaresning uzatmasidan keyin braziliyalik futbolchi yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, ammo uning zarbasini Keylor Navas bartaraf etdi. Uchrashuvning 32-daqiqasida esa Malkom o‘ng qanotdan jarima zarbasini amalga oshirdi. Rakitich bosh bilan yo‘llagan zarbadan keyin to‘p to‘singa tegib qaytdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib "ko‘k-anorranglilar" Malkomning faolligi evaziga yana bir golga tortadigan yaratishdi. Suares tomonidan 15 metrlardan burchak tomon yo‘llangan aylanma zarbani Keylor ajoyib seyv bilan qaytardi.
Ikkinchi bo‘limda, kutilganidek, kataloniyaliklar faollikni yanada oshirishdi. Bahsning 57-daqiqasiga kelib "Real" himoyasi raqib hujumini o‘tkazib yubordi. Olis masofadan yetkazilgan uzatma natijasida Alba birga-bir vaziyatga chiqib ketdi va zarba berdi. Navas zarbani qaytardi. To‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Suares jarima maydonchasi burchagidan zarba berdi. To‘p yaqin ustunga tegib, narigi tomonga ketdi. Malkom to‘pga yetib keldi va chap oyoqda zarba berib, darvozani ishg‘ol etdi. Keylor joyiga qaytishga ulgurmagandi.
Shundan so‘ng maydonga Messi va Beyl tushirildi. Ularning bahsga qo‘shilishi o‘yinning borishiga ta’sir ko‘rsatdi, ammo hisob boshqa o‘zgarmadi.
O‘yin so‘ngida jamoalar bittadan gol urish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Madridliklar raqib jarima maydonchasi atrofida pressing uyushtirayotgan paytda Ter Shtegen to‘pni maydon markaziga yetkazib, juda xavfli hujumga asos soldi. Messining uzatmasidan keyin Alenya chap tomondan oldinga o‘tdi va 16 metrdan zarba berdi. "Real" futbolchisi zarba yo‘liga g‘ov bo‘ldi. Karlesda boshqa variant ham bor edi: o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga kirgan ikki nafar jamoadoshiga pas berish. Agar yarim himoyachi ushbu variantni tanlaganida, mezbonlar raiqb darvozasini ishg‘ol qilishlari mumkin edi.
O‘yin tugashiga 8 daqiqa qolganida olis masofadan yetkazilgan uzatmaga Ter Shtegen o‘z jarima maydonchasini tark etgancha chiqib keldi va bosh bilan to‘pni qaytardi. To‘p Benzemaga kelib tushdi va u darhol ochiq turgan Beylga pas berdi. Uelslik futbolchi bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmadi. Uning zarbasiga yo‘liga Semedu oyoq qo‘yishga ulgurdi!
Javob uchrashuvi 27 fevral kuni Madridda bo‘lib o‘tadi. Final yo‘llanmasi taqdiri o‘sha kuni hal bo‘ladi.
Ispaniya kubogi, yarim final, dastlabki o‘yin.
BARSELONA - REAL MADRID 1:1 (0:1)
Gollar: 0:1 – 6 Vaskes, 1:1 – 57 Malkom.
Barselona – ter Shtegen, Pike, Alba, Nelson Semedu, Langle, Artur, Buskets, Koutinyo (Messi, 63), Rakitich (Vidal, 63), Malkom (Alenya, 76), Suares.
Real Madrid – Navas, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Kroos, Lyorente (Kazemiro, 63), Vaskes (Asensio, 84), Modrich, Vinisius Junior (Beyl, 64), Benzema.
Ogohlantirishlar: Ramos (10), Nelson Semedu (43), Suares (56), Marselo (57), Alba (58), Vidal (88).