Eskidan legioner futbolchilarimiz haqida yozishni yoqtiraman. Xorijdagi vakillarimiz ishtirokidagi o‘yinlarni imkon boricha qoldirmay ko‘rib borishga harakat qilaman. Tan olaman, ko‘p hollarda bu men uchun o‘zimizning milliy chempionatga nisbatanda birmuncha qiziqroq tuyuladi.
Qaysi ma’nodaki, TV translyasiyalari va maydon sifati bizdagidan ancha yaxshi, o‘yin borasida ham hozircha tenglasha olmaymiz ularga. Maydonda birgina Vatandoshing harakat qilayotgan bo‘lsada, u yerdagi muhit (ayniqsa, maydonning sifati) baribir, o‘zgacha bo‘ladi. Hattoki, o‘sha legioner o‘yinchilarimiz zaxirada qolib ketgan o‘yinlarni ko‘rish ham maroq bag‘ishlayveradi (chunki o‘sha jamoaning natijalari - vakilingning ham natijalari-da!).
Bu borada har doim Rossiya yetakchi o‘rinda bo‘lib kelgan, so‘nggi yillarda bu ro‘yxatga ajib bir o‘lkalar qo‘shila boshladiki, ular xususida yozmaslikning iloji yo‘q...
IKKI TERMIN
Ko‘pchilikda kuzatganman va sezganman - futbolga qiziqqanlarning geografiyadan oz-moz ma’lumoti bo‘ladi, millionlar o‘yini orqali shunga qiziqishga majbur bo‘lishadi ham. Aniqroq aytganda, futbolga bo‘lgan qiziqishi unga geografiyani o‘rgatadi. Xullas, bu ikki termin ko‘p holatlarda bir-biriga yaqin yuradi. Mamlakatlar, shaharlar, ularning orasidagi masofalar, futbol o‘yinlari bo‘ladigan shahar yoki o‘lkadagi iqlim, o‘yin kunidagi ob-havo... xullas, ko‘ryapsizmi, har tomonlama bog‘liq taraflari juda ko‘p. Bu mavzuga bugun biroz ko‘proq to‘xtalganimning sababi bor...
PORTUGALIYA
Bu o‘lkani maktabdagi bilimlarimizdan buyuk sayohatchilar chiqqani orqali tanirdik: yerni birinchi bo‘lib aylanib chiqqan Fernan Magellan ham, mashhurlikda undan qolishmaydigan Vasko da Gama ham aynan portugaliyalik bo‘lishgan. Futboldagi Portugaliyada XX asr o‘rtalaridagi Eysebio, keyinroq Luish Figu va nihoyat, so‘nggi 10-15 yil ichida Krishtianu Ronaldu va Joze Mourinyo ikkiligi mamlakat ramzlari bo‘lib qolishdi. Aynan mana shu shaxslar mazkur o‘lkaning dunyoga tanilishida yetakchi rol o‘ynaganlar.
OROLLIK KRISHTIANU
2003 yili «Mavsum kashfiyotlari» ruknida maqolalar chop etgandim. Shularning birida endigina «Manchester Yunayted»ga o‘tgan Krishtianu Ronaldu haqida yozilgandi. O‘shanda Ronaldu Yevropaning eng g‘arbiy chekka hududida joylashgan Portugaliyadan ancha uzoq bo‘lgan Madeyra orolidan chiqqan, degan gaplarni yozganim esimda. O‘shanda, odatga ko‘ra, Madeyra orolini xaritadan topib, ancha o‘rganib chiqqandim.
SARDOR RASHIDOV
Osiyo kubogi davom etayotgan payt Rashidovning Portugaliya klubi bilan shartnoma imzolashi barchamiz uchun kutilmagan voqelik bo‘ldi. Rostdan ham, anchadan buyon bunday yoqimli xabar eshitmayotgandik. Men Sardorning «Nasyonal» bilan shartnoma imzolagani haqidagi xabarni eshitgan ilk kezimda o‘sha eski maqolamizdagi Madeyra orolini esladim. Haqiqatanda, Rashidovning yangi klubi mazkur orolda joylashgan Funshal shahri sharafini himoya qiladi.
MADEYRA OROLI VAFUNSHAL SHAHRI
Rosti, Sardor Rashidovga «Nasyonal»ga o‘tishi jarayonida ko‘pchilik ilg‘amagan bir tomondan juda havasim keldi. U nafaqat futbol tomonidan, balki odatiy hayotida ham juda omadli yo‘lga ketdi. Madeyra oroli va u borgan Funshal shahri nafaqat Portugaliya, balki butun Yevropa uchun kurort o‘lka sanaladi. Atlantika okeanining ancha ichkari qismigacha kirib ketadigan Madeyra oroli Portugaliya qirg‘oqlaridan deyarli 1000-1200 kilometr narida bo‘lib, unga Portugaliyadan ko‘ra hatto Marokash va G‘arbiy Sahroi Kabir ham ancha yaqinroq. Rashidov borib o‘ynayotgan Madeyra orolida va aynan Funshal shaharchasida o‘sha buyuk Krishtianu Ronaldu tug‘ilib, ulg‘aygan. Ana shunday ekzotikaga ega Madeyraga borib o‘ynashni kim ham orzu qilmaydi, deysiz?!
OLIS YEVROPADA TO‘PSURGAN VAKILLARIMIZ
Ular barmoq bilan sanoqli. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan ilk yillarda Stepan Atoyan Gresiyaning «Proodeftiki», Usmon Toshev Vengriyaning «Solnok», Igor Shkvirin Isroiling «Xapoel» va «Makkabi» klublarida o‘ynashgani esimda (oxirgi mamlakatni agar Yevropa deyishning iloji bo‘lsa). Deyarli hech kimga ma’lum va mashhur bo‘lmasada, biz uchun shunisi ham qiziq bo‘lavergan, o‘sha davrlarda.
2001-2004 yillar oralig‘ida «Yuventus» yoshlar jamoasida to‘p surgan va keyinchalik «Redjina»ga o‘tgan Ilyos Zeytullayev mazkur jamoa safida Italiya «A» seriyasida to‘p surgan ilk o‘zbekistonlikka aylangandi. Lekin 2005 yilning kuzida bo‘lib o‘tgan ana shu debyut uchrashuvidan so‘ng uni yana atigi bitta o‘yinda maydonga tushirishgan, xolos. Keyingi faoliyati davomida Italiyaning «Krotone», «Vichensa», «Verona», «Jenoa», «Peskara» va «Torino» kabi qator taniqli klublari formasida maydonga tushgan bo‘lsada, o‘sha paytlarda bu jamoalar «V» va «S» seriya vakillari sanalishgan.
Keyinchalik Aziz Ibragimov bir muddat «porladi». Slovakiyaning «Slovan» klubi tarkibida ancha muvaffaqiyatli ikki mavsumni o‘tkazgan Aziz o‘sha 2007|2008 yillarda milliy jamoamizning ham asosiy qurollaridan biriga aylangandi. Nima bo‘ldi-yu, u o‘z sport formasini oldingidek ushlab tura olmadi. Chexiyaning «Bogemians» klubi safiga o‘tib, bir-ikki yil u yerda ancha oddiy futbolchi maqomida maydonga tushdi. Bo‘ldi. Hammasi - shu.
U YOQQA BOROLMAGANLAR...
Adashmasam, boshqa hech kim bizdan G‘arbiy Yevropa klublari safida maydonga tushmagan. Aslida, Rossiya, Ukraina, shuningdek, Osiyoning qator mamlakatlari klublari safida to‘p surgan futbolchilarimiz ham yuqorida biz tilga olgan «g‘arbiy» legionerlardan ancha kuchli ijrochilar bo‘lib kelishgan. Masalan, G‘arbiy Yevropa klublarida bemalol o‘ynab keta olishga imkoniyati bo‘lgan Qosimov, Shaskix, Denisov, Jeparov, Ahmedov kabi futbolchilarga ham ana shu o‘lkalarga borib o‘ynash nasib etmadi. Shu boismi, o‘yinchilarimizning «ko‘hna qit’a»ga borib to‘p surishlari biz uchun juda-juda kamyob hodisaga aylanib qolgan.
DOSTON HAMDAMOV HAQIDA IKKI OG‘IZ
Menga Doston Hamdamovning «Paxtakor»ga qaytishi umuman yoqmadi. Boshqalar nima deydi bilmadim-u, 100 foiz noto‘g‘ri qaror, menimcha. O‘zi so‘nggi paytlarda Rossiyada to‘p surayotgan futbolchilarimiz andak ko‘payib qolgandek edi. Bularning ichida, ayniqsa, ikki vakilimiz - Eldor Shomurodov va Doston Hamdamovning ishtirokidan ko‘nglim to‘layotgandi. Ikki yosh futbolchimiz - agar ta’bir joiz bo‘lsa, milliy jamoamizning kelajagi, ertasi. «Anji»dagi moliyaviy holat qanday bo‘lmasin, hattoki, u yerdan ketish kerak bo‘lsa ham, Rossiyaning boshqa bir klubiga o‘tishi Hamdamov uchun ma’qulroq yo‘l edi. «Paxtakor»da Doston oldinga qadam tashlashi qiyin kechadi. Qaytadan Rossiya klubiga o‘tishi oson bo‘lmaydi.
JAVOHIR SIDDIQOV QAYERDA?
Javohirning Fransiya oliy divizionidagi klublardan biriga o‘tishi haqidagi gap-so‘zlar yanvar oyi oxirlarida paydo bo‘lgandi. Milliy termamiz Osiyo kubogidan qaytib kelganidan so‘ng futbolchi o‘z jamoasi sanalmish «Qo‘qon-1912» yig‘inlarida ko‘rinmadi. Aftidan, u Sardor Rashidovning ortidan «ko‘hna qit’a»ga ketgandek. Kuni kecha ancha ishonchli manbalardan olingan xabarlarga ko‘ra, Javohirning Janubiy Koreya klublaridan biriga o‘tishi deyarli hal bo‘lgan. Eshitishimcha, ayni kunlarda viza masalalari hal qilinmoqda. Xo‘sh, bunisi endi foydamizgami yoki... U yog‘i endi o‘zingizga havola. Shaxsan men, xuddi yuqorida ta’kidlaganimdek, aynan shu futbolchimizning ham G‘arbiy Yevropa jamoalaridan biriga o‘tishini juda xohlagandim. To‘g‘ri, Janubiy Koreya varianti ham unchalik yomon emas. Lekin Javohirda katta potensial bor edi. Shunga bu transferning so‘nggi tafsilotlari menga unchalik xush kelmadi.
YANA PORTUGALIYADAGI VOQEALAR XUSUSIDA
Men Sardor Rashidovning Portugaliyaga yo‘l olishidan biroz oldinroq u borib qo‘shilishi kutilayotgan «Nasyonal» jamoasi tarkibini ko‘zdan kechirib chiqdim. Naq 16 nafar legioner bor ekan! Rashidov uchun muhim bo‘lgan yarim himoya va hujum chizig‘idagi futbolchilarning aksariyati xorijdan kelgan. Okasha Hamzaui (Jazoir), Ibrohim Alxassan (Nigeriya), Lazar Rozich va Aleksandr Palochevich (Serbiya), Brayan Roches (Gonduras), Rikardu Gomesh (Kabo-Verde), Brayan Riaskos (Kolumbiya), Kalindi, Felipe Lopes, Diyego Barselos, Xulio Sezar va Kaka (Braziliya), Fernando Tissone (Argentina), Jeraldu Matsimbe va Viti (Mozambik), Giorgi Arabidze (Gruziya). Eng qizig‘i, qolgan barchasi - portugaliyalik. Kulishni ham, kulmaslikni ham bilmay qolasan.
Bularning tarkibini ko‘riboq, istalgan o‘zbekistonlik Sardorga oson bo‘lmaydi, deyayotgani aniq edi. Men Rashidovni ilk lahzalardayoq «Benfika»ga qarshi asosiy tarkibda ko‘rib, ochig‘i, ancha ajablandim. Sababi, oldinlari shunga o‘xshash holatlarga duch kelganman. Oxiri baxayr bo‘lmagan, afsuski. Masalan, Ja’far Irismetovning «Spartak» tarkibida mehmonda «Bavariya», «Arsenal» va «Lion»ga qarshi (yana Yevropa Chempionlar Ligasida deng) o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizligini eslayman. U maydonga tushgan 4 o‘yindan 3tasida «Spartak» yutqazgan, bittagina bahsda durang qayd etilgan. O‘sha turnirdan keyin Irismetovni deyarli maydonga tushirmay qo‘yishgan. Shu-shu bu hujumchi haqidagi afsonalar ham o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi. Xullas, shunga o‘xshash tarix yana takrorlandi. Bu galgisi endi judayam ortiqcha edi. Debyut bahsidayoq jamoasi 0:10 hisobida mag‘lubiyatga uchrashini har qanday futbolchi ham ko‘tara olmasligi aniq. Lekin...
NOKAUTDAN KEYINGI BAHS
O‘sha o‘yindan keyin menga jamoa bosh murabbiyi Koshtinya aytgan gap juda yoqdi: «Bunday hisobni ko‘tarish judayam og‘ir. Dahshatning o‘zginasi bu! Maydonda «Nasyonal» futbolchilari bugun yo‘q edilar, desam to‘g‘ri bo‘lardi. Albatta, murabbiy sifatida hamma aybni o‘zimga olaman. Bunday hisobdan keyin jamoadagi faoliyatimni davom ettiramanmi-yo‘qmi? Buni klub prezidenti hal qiladi. Shaxsan meni bu hisob sindira olmaydi. Biz bugun atigi 3 ochko yo‘qotdik, xolos». So‘nggi jumlalarga e’tibor berdingizmi? Jamoaga keyingi o‘yinda psixologik jihatdan kuch bergani aynan mana shu iboralar bo‘lgan, deb endi bemalol ayta olaman. Haqiqatan ham, «Nasyonal» Lissabondagi o‘sha o‘yinda atigi 3 ochko yo‘qotgandi, xolos. O‘zi aytganidek, Koshtinya keyingi o‘yinda ham shogirdlariga ishonishda davom etdi va eng muhimi, oldingi bahsda mag‘lub bo‘lganlarning deyarli barchasini yana maydonga tashladi! Ana sizga portugalcha psixologiya! «Nasyonal» yigitlari ham bunga qarab turishmadi va 4:0 hisobidagi g‘alabani Koshtinyaga taqdim etishdi. Ayni damda madeyraliklar ochko borasida turnir jadvalining o‘rta qismidagi jamoalar bilan deyarli tenglashib olganlar.
YANGI ATAMA
CR7 - buni hamma biladi, Cristiano Ronaldo, raqami - 7. Lekin menga «Nasyonal» futbol klubi muxlislaridan birining saytda qoldirgan atamasi yoqdi. Sardor Rashidov «xet-trik»ka erishgan o‘yindan so‘ng, «Bizdan ketgan Krishtianu Ronaldu CR7 edi, endi bunisi SR77 ekani rost bo‘lsin», deya post qoldirgan. Darhaqiqat, boshqa tuzukroq raqam topilmagani uchunmi, ishqilib «77»ni tanlagan Sardor uchun o‘sha «xunuk» 0:10dan so‘ng yangi kunlar boshlangani rost bo‘lsin.