Kirish Ro'yxatdan o'tish

Grandmiyona o‘rtahol yoxud o‘zgaruvchan «Bayer» haqida...

Grandmiyona o‘rtahol yoxud o‘zgaruvchan «Bayer» haqida...

Baho:
+ | -

Bu jamoani tushunib bo‘lmaydi: bir qarasang, nomdor raqibni tiz cho‘ktiradi, g‘alaba naqd bo‘lgan o‘yinda esa arzimas jamoadan yengiladi. 2 fevral oqshomida «Bayer 04» «Bavariya»dan 3:1 hisobida ustun keldi. 6 kundan keyin «Mayns» 5:1 hisobi bilan mahv etildi. Ammo o‘rtada «qovun» tushirishga ham ulgurdi - 2-Bundesliga vakili «Xaydenxaym»dan yengilib, nufuzli sovrindan barvaqt umid uzishga majbur bo‘ldi.

Muvaffaqiyatsizlikka bahona bo‘ladigan sabablar esa yetarli: kadrlar qo‘nimsizligi, beqarorlik, omadning yuz o‘girishi va hokazo. Ammo fakt shuki, bu illat uzoq yillardan beri jamoaning ajralmas hamrohi.

«Bayer 04» Germaniyaning kuchli klublaridan biri ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Vaqti-vaqti bilan jamoa 1-o‘rinda ko‘rinish berib turadi. 2009 yildan bu yog‘ida «dorishunoslar» faqat bir marta mavsumni kuchli beshlikdan chetda yakunlashdi. YECHL ular uchun odatiy turnir. Ajablanarli jihati shundaki, jamoa 1993 yildan beri sovrinlarga erisha olmayapti. Oxirgi marta u hal qiluvchi bahsda «Gerta»dan ustun kelib, Germaniya kubogini qo‘lga kiritgandi. Jamoaning o‘sha davrdagi eng yaxshi to‘purari - Ulf Kirstenning yagona goli «dorishunoslar»ga 114 yillik faoliyatdagi dastlabki sov­rinni taqdim etgandi.

Shunchalik omadsizlikning sababi nimada? «Bavariya»ning hukmronligini inkor etmagan holda, boshqa bir qator jamoalar nufuzli sov­rinlari bilan maqtana oladilar. Birgina yangi asrning ortda qolgan yillarida «Borussiya D», «Volfsburg», «Shtutgart» va «Verder»lar g‘oliblik nashidasini surishdi. «Sherlar» esa bir necha marta nurli cho‘qqi ostonasida qolishdi. 2009 yilda Mesut Ozilning yagona goli «Bayer»ni mamlakat kubogidan judo qildi. Ikki yildan keyin jamoa Kloppning «Borussiya»sidan 7 ochkoga ortda qolib, Bundesligada 2-o‘rin bilan kifoyalandi. Biroq bu «dorishunoslar»ning 1996-2002 yillar oralig‘idagi omadsizliklari oldida dengizdan tomchi, xolos. Alamlisi, «sherlar» deyarli naqd bo‘lgan g‘alabalarni boy berishdi.

Ayniqsa, 2001|2002 yillar mavsumi ayanchli yakunlandi. Leverkuzenlik muxlislar ilk marotaba beqiyos zafarning maftunkor isidan sarxush bo‘lishgandi - suyukli jamoalari aqlga sig‘maydigan «trebl»ga yaqin edilar. Biroq afsuski, Bundesligadagi 5 ochkolik ustunlik qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi, Germaniya va YECHL kuboklarining finallari esa mag‘lubiyat bilan yakunlandi.

Hech bo‘lmaganda, 11 nafar futbolchini abadiy afsonaga aylanish baxtidan mahrum etgan o‘sha mavsumdan keyin ingliz matbuoti jamoaga ayanchli «Bayer Neverkuzen» taxallusini bergandi. O‘sha falokat o‘yinchilar va muxlislar uchun dahshatli zarba bo‘ldi, «Bayer» bunday saviyali o‘yinni takrorlay olmadi.

Tarixda o‘chmas iz qoldirgan omadsizlikni falokatga tengladik. Lekin ehtiroslarni bir chetga surib e’tibor bersak, «dorishunoslar» tarkibidagi beqarorlikka guvoh bo‘lamiz. «Sherlar» safiga qo‘shilgan barcha o‘yinchilar uzog‘i bilan 2 yildan keyin boshqa jamoalarga o‘tib ketishadi. Shu bois, «Bayer»ni u bilan grandlar o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik, deyishga haqlimiz. Ya’ni, shunchaki oddiy emas, balki xosiyatli, buyuk ko‘prik! Demak, «sherlar» ham buyuk, lekin oraliq jamoa.

Uchinchi ming yillik avvalida leverkuzenliklar tarkibi havas qiladigan ko‘rinish olgandi. Biroq yulduzlar bir kechada g‘oyib bo‘lishdi. 23ta gol bilan mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Mixael Ballak «Bavariya» a’zosiga aylandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, u o‘z davrining eng kuchli yarim himoyachilari safidan joy oldi.

Jamoadoshidan ibrat olgan Ze Roberto ham bir talay sovrinlar sohibiga aylandi. Braziliya bilan tojdorga aylangan himoyachi Lusio ham Myunxen grandi tarkibini to‘ldirib, bir necha chempionlikdan so‘ng 2010 yilda «Inter»da «trebl»ga erishdi. Qisqasi, 24 oy ichida «sherlar»ning o‘zagi grand safiga o‘tdi.

Ha, asosiy raqiblari yetakchilarini o‘ziga jalb etish «Bavariya»ning makkorona uslubi. Ammo Lusiodan keyin «Bayer» yulduzlari Bundesligani tark etishni ko‘proq ma’qul ko‘rishdi. Bir yil keyinroq asosiy tarkibga qo‘shilgan Dimitar Berbatov 2004|2005 va keyingi mavsumda 20tadan ko‘proq gol urib, 12 mln. funt evaziga «Tottenxem»ga yo‘l oldi. Chetdan qaraganda, bu o‘zgarish mantiqqa ziddek tuyuladi - 2006 yilda xaridor ham, sotuvchi ham UYEFA kubogida ishtirok etishgan, saviya bobida tenglik bor edi. Aftidan, nufuzli chempionat va mo‘mayroq ish haqi bolgariyalik hujumchini tumanli o‘lkaga chorlagandi. Berbatov APL­da ham sermahsul o‘yin ko‘rsatdi va «shporlar»ning eng yaxshi to‘purari sifatida ser Aleksning «MYU»siga o‘tdi. «Qizil iblislar» bilan Dimitar ikki marta APL chempioni bo‘ldi.

Tabiiyki, «Bayer» vakillarinig boshqa jamoalardagi muvaffaqiyati barcha futbolchilarda Leverkuzenda 2 yildan ortiq to‘p surish noto‘g‘ri, degan fikrni uyg‘otdi. 2007-2011 yillar oralig‘ida «Bay Arena»da tajriba to‘plagan Arturo Vidal faoliyatini eslab ko‘ring: Italiyada ko‘plab kuboklarga ega bo‘lgan himoyachi «Bavariya»da ham sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Ana shu muvaffaqiyatlar evaziga «Barselona» safidan joy olgan futbolchi endi Kataloniyada xirmon ko‘tarish harakatida.

2009|2010 yillarda «Bayer»dagi ijarani samarali o‘tkazgan Toni Kroos «Bavariya»ga qaytib, nemis futboli tarixida ilk marta «trebl» muallifiga aylandi. Keyin o‘z muzeyini jahon kubogi va YECHLning 3 karra g‘olibi sovrinlari bilan boyitdi.

Leverkuzenga kamtarin «Mayns»dan o‘tgan Andre Shyurrle ham ikkinchi mavsumida 14 gol va 10ta samarali uzatmani amalga oshirish orqali yorqin taassurot qoldirdi. To‘g‘ri, klub miqyosida sovrini yo‘q, lekin nima bo‘lganda ham jahon chempioni edi. Bu futbolchi ham 2013 yilda «Chelsi»ga ravona bo‘ldi.

Shuningdek, leverkuzenliklar Dani Karvaxal ko‘ngliga yo‘l topa olmadilar, himoyachi bir mavsumdan keyin «Real» libosini kiydi. Bu ham «Bayer» uchun jiddiy yo‘qotish edi. «Bavariya» andozasiga tushmagan Emre Jan esa ilk mavsumda «Liverpul»da qiziqish uyg‘ota oldi. Hozir 25 yoshli futbolchi «Yuventus» sharafini himoya qilmoqda. Evaziga dastlabki «Skudetto» deyarli naqd bo‘ldi.

Bir yil o‘tib «sherlar» navbatdagi yulduzdan judo bo‘lishdi - 18 oy davomida sermahsul to‘p surgan Son Xyun Min «dorishunoslar»ga 29 golni sovg‘a qilgan holda «Tottenxem»ga yo‘l oldi. Shu o‘rinda 2017 yilda «Milan»ga o‘tgan Hoqon Chalxanoglu va «Napoli» safini to‘ldirgan Arkadiush Milikni tilga olmaslikning iloji yo‘q. Hoqon Germaniyada o‘z mahoratini namoyish etishga ham ulgurmadi, Milikning faoliyati ham o‘ta qisqa bo‘ldi. Demoqchimizki, nemis klubi kamdan-kam hollarda o‘z futbolchisining iqtidoridan bexabar ravishda qo‘yib yuborgan.

JCH finalchisi maqomidagi Domagoy Vida esa 2011 yilda arzimas «sariq chaqa» evaziga avval Zagreb, keyin Kiyev «Dinamo»siga yo‘l olgandi. Vaholanki, unga «Liverpul» va «Roma» qiziqish bildirgandi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, zikr etilgan futbolchilar orasida «Bayer» tarbiyalanuvchilari yo‘q, barchasi begona maktab vakillari. «Sherlar» ularni boshqalardan avvalroq pay­qashgan. Ammo ikki yildan ko‘proq o‘z saflarida olib qolishni uddalay olishmagan. Oxirgi 10 yil davomida «Bayer» muntazam ravishda qaysidir yulduzidan judo bo‘lmoqda. Masalan, Bernd Lenodan. Tasavvur qiling-a, Bernd «Arsenal»ga ketmaganida va 2010 yildan keyin jamoani tark etganlar o‘z joylarida bo‘lishganida, markazda Vidal va Jan, oldingi chiziqda Son va Shyurrlelar to‘p surishardi...

Odatda, asosan yulduzlarni pullashga ruju qo‘ygan jamoalar boyib ketishadi. Biroq «Bayer» 7 nafar «sherlar»i uchun 115 mln. funtga ega bo‘ldi. Bugungi mezonga ko‘ra, juda oz.

Nihoyat, navbat bugun jamoa sharafini himoya qilayotgan futbolchilarga keldi. Balki hozirgi tarkib noxush an’anaga chek qo‘yar? Kelajagi porloq ijrochilar hozir ham kam emas. Yulian Brandt, Jonatan Ta, Kay Xavers, Tin Yedvay, Paulinyo, Leon Beyli, Vendell... Orziqib kutilgan sovrinni qo‘lga kiritishga qurbi yetadigan futbolchilar. Bu tarkib «Borussiya» yoki «Bavariya» bilan bellashishga qodir. Leno Angliyaga ketmaganida, u yanada mukammalroq ko‘rinish olardi. Yana 1-2 yil ichida hammasi ma’lum bo‘ladi - «sherlar» qandaydir sov­ringa erishadilarmi yoki yana an’ana davom etadimi? Mish-mishlarga qaraganda, Brandt hozirning o‘zida bir oyog‘i bilan «Enfild»da turibdi, ikkinchisi bilan esa «Alyans Arena»da. Xavers o‘zini hurmat qiladigan va nimagadir erishish niyatidagi barcha jamoalarni qiziqtirmoqda. Ana shu iqtidorlarni saqlab qola olsa, «Bayer» zafar quchishi mumkin.

Darvoqe, jamoaning rekord xaridi bo‘lmish Lukas Alario xususida fikr bildirmaslik adolatsizlik bo‘lardi. 2017 yildan beri o‘zining «qimmatbaho xatolik» emasligini isbotlashga urinayotgan hujumchi yaqinda zaxiradan maydonga tushirildi va «Bavariya» darvozasini zabt etdi. Ajabmaski, grand darvozasiga urilgan gol yosh iqtidor sohibi uchun yetishmayotgan va juda muhim bo‘lgan ishonchni taqdim etsa.

So‘nggi yillarda Dortmundning «Borussiya»si muxlislar mehrini qozonmoqda. Jamoa muntazam ravishda o‘z yetakchilarini «Bavariya»ga pullab, kuchsizlanib qoladi. Robert Levandovski, Mario Gyotse, Mats Xummelslar ketishdi, «qizillar» faqat Marko Roysni og‘dira olishmadi. Shunga qaramasdan, jamoa «kumush tovoq»ni qo‘lga kiritdi, YECHL finaliga chiqdi.

«Bayer»-chi? Hozircha YECHL va YEL yo‘llanmalaridan bo‘lak hech narsa bilan maqtana olmaydi. Lekin jamoa «sotuvchilik»ka barham berib, «sherlar»ni ko‘ndira olsa, buyuk «Bayer»ning shakllanishi boshlanadi, «grandmiyona o‘rtahol» maqomi o‘tmishga aylanadi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 01:01, 22.03.2019.
O'qildi: 2091 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.