Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Raqiblar muxlislari tomonidan olqishlangan futbolchilar

Raqiblar muxlislari tomonidan olqishlangan futbolchilar

Baho:
+ | -

«Barselona» yetakchisi Lionel Messi Ispaniya Primerosi 28-turidan o‘rin olgan «Betis»ga qarshi safar uchrashuvida shu qadar qoyilmaqom harakatladiki, hattoki, «Benito Vilyamarin» ham uni munosib olqishladi.

Qaysidir jamoa tarafdorlarining raqib vakili mahoratini qarsak chalish asnosida ochiq-oydin tan olishlari uncha ko‘p kuzatilmaydi, lekin Leo bunday e’tirofga sazovor bo‘lgan yagona futbolchi emas.

Marhamat, soccer.ru sayti ma’lumotlari asosida aynan shunday nodir voqealar haqida tayyorlangan maqola bilan tanishib chiqib, qaysi o‘yinchilar begona muxlislarni qarsak chalishga majbur etishganini bilib olishingiz mumkin.

Lionel Messi va «Betis» fanatlari. Ispaniya chempionati favoriti - «Barselona» milliy ligalarda kichik tanaffus yuzaga kelishidan oldin, aniqrog‘i, 17 mart kuni Sevilyadagi «Benito Vilyamarin» arenasida «chaqilmas yong‘oq» maqomini olgan «Betis»ga qarshi maydonga tushdi va Kataloniyaga chiroyli g‘alaba bilan qaytdi - 4:1. Bu o‘yinda ham yana Lionel Messi bosh qahramon rolini bajardi. Argentinalik yulduz bir-biridan chiroyli 3ta golga mualliflik qildi. Tafsilotlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak, Leo avvaliga jarima nuqtasidan berilgan nafis zarbasi bilan hisobni ochdi, keyin tanaffusga chiqish arafasida Luis Suaresni «keskir» uzatmasidan oqilona foydalanib, kataloniyaliklar ustunligini mustahkamladi. Yakunda natijaga nuqta qo‘yish ham argentinalik goleador chekiga tushdi: u bu safar to‘pni shunchaki, «Betis» kiperi Pau Lopes ustidan ohista tashlab qo‘ydi. Ajoyib yo‘nalish, betakror gol... Leoning ayni shu harakati va uning samarasi mezbon jamoa muxlislari armiyasi sabr kosasini to‘ldirdi. Yo‘q-yo‘q, sevilya-liklar hisob yiriklashgach, umid uzgancha tribunalarni tark etishmadi (to‘g‘ri, ayrim muxlislar xuddi shunday yo‘l tutishgani rost), balki raqib safidagi betakror ijrochini baralla olqishlashdi. Xullas, «Benito Vilyamarin» tribunalaridan zamonaviy futbolning chin dahosiga atalgan kuchli olqish sadolari yangradi. Ayrim fanatlar hattoki, argentinalikning familiyasini jo‘r ohangda aytishdan ham uyalishmadi. Muhimi, Lionel ham «Betis» muxlislarining qo‘llab-quvvatlashlariga befarq qaragani yo‘q: tribunalarga yaqinlashib, alohida minnatdorchilik bildirdi.

Ronaldinyo va «Real» fanatlari. Bu masala - raqiblardan olqish olishda «Barselona»ning yana bir vakili - braziliyalik Ronaldinyo alohida maqtanishga to‘la haqli. Zero, u Kataloniya klubining azaliy va abadiy raqibi «koshona»si - «Santyago Bernabeu»ning oliy e’tirofiga erishgan! 2005 yilning noyabr oyida «Barsa» navbatdagi «El-klasiko»ni «dushman» hududida naq 3:0 hisobida o‘z foydasiga hal qiladi. Ronaldinyo o‘sha oqshom 2ta gol urishdan tashqari, aql bovar qilmas darajada yaxshi o‘ynagandi. Xullas, braziliyalik «afsungar» Iker Kasilyasni ikkinchi marta ojiz qoldirgach, «Real» muxlislari o‘z o‘rinlaridan turgancha eng ashaddiy raqib o‘yinchisini chinakamiga olqishlashga tushadilar. Bu haqiqiy iqtidorning chiroyli tan olinishi edi. Ronaldinyo keyinchalik o‘sha voqeadan alohida g‘ururlanishini ko‘p bora ta’kidlagan. U o‘z intervyularidan birida shunday degandi: «Bilishimcha, «Santyago Bernabeu» faqat ikki buyuk futbolchini shu taxlit qo‘llab-quvvatlagan - Ronaldinyo va Diyego Maradonani!»

Diyego Maradona va «Real» fanatlari. Ha, Ronaldinyo bir tomondan haq: Diyego Armando ham «Santyago Bernabeu» mezbonlari olqishiga sazovor bo‘lgan. O‘xshash tarafi, argentinalik buyuk futbolchi «Real» fanatlarini «Barselona» formasida mahliyo qilgan xuddi braziliyalik yulduz kabi. Maradona  mavsum-1982|1983 doirasidagi «El-klasiko»da «Real» darvozasiga 1tagina gol uradi. Lekin qanaqa-ya! Diyego Armando  raqib jamoa golkiperi va himoyachilaridan osongina o‘tib ketib, darvoza chizig‘i ustida ularni kalaka ham qilgandi. Bunday ajib tomoshadan so‘ng «Qirollik klubi» fanatlari beixtiyor o‘tirgan joylaridan qo‘zg‘alishadi va argentinalik sharafiga davomli chapak chalishadi. Xullas, ular buyuk futbol iqtidorini ajoyib tarzda olqishlagandilar.

Iker Kasilyas va «Liverpul» fanatlari. Atigi 1 yil oldin kuzatilgan voqea. CHL: «Portu» - «Liverpul» to‘qnashuvi. Portugaliyaliklar «pley-off» raundi doirasidagi ilk uchrashuvni o‘z maydonlarida o‘tkazib, 0:5 hisobida yutqazishdi, «Enfild»da esa durang natijani saqlab qolishdi - 0:0. Bunda ispaniyalik faxriy kiper Iker Kasilyas-ning hissasi katta bo‘ldi. Ko‘pchilik o‘sha o‘yin Iker uchun nufuzli turnirdagi oxirgisi bo‘lib qolishini o‘yladi. Xususan, shovqinli «Enfild» ham «Real» bilan CHLda naq 3 marta g‘oliblik nashidasini surgan afsonaviy darvozabondan o‘z olqishini darig‘ tutmadi. Qarangki, taxminlar taxminligicha qoldi: ispaniyalik faxriy hamon safda va CHLda o‘z rekordlarini mustahkamlash bilan ovora. Darvoqe, «Portu» va «Liverpul» klublarini oldinda yana 2ta «jang» kutib turibdi. Qiziq, «Enfild» bu safar ham Ikerga hurmat bajo keltiradimi yoki...? Bu vaqt hukmidagi savol. Hozircha esa Kasilyasning Angliyadagi iliq qabuldan bag‘oyat ta’sirlanib, aytgan so‘zlarini yodga olamiz: «Avvalo, «Liverpul» fanatlariga tashakkur izhor etishim kerak: o‘yinga kelganinglar va futbolchilarga hurmat bilan qaraganinglar uchun rahmat. Bilasiz, CHLda ilk marta ishtirok etganim yo‘q. Lekin ko‘p yillik faoliyatimda bu qadar rohatlangan emasdim. Shunday afsonaviy stadionda o‘ynash va raqib jamoa muxlislaridan olqish eshitish - ta’rifi yo‘q holat!»

Ronaldo va «MYU» fanatlari. Angliyadagi stadionlardan birida o‘tkazilgan yana bir o‘yin. Qizig‘i, bunisida ham Iker Kasilyas qatnashgan, farqli tomoni esa, inglizlar darvozabonning «Real»dagi jamoadoshi Ronaldoni alohida siylashgan. Chunonchi, betakror «so‘yloq» «Old Trafford»da «MYU»ga qarshi kechgan bahsda «xet-trik»ni rasmiylashtirgach, o‘z o‘rnini zaxira vakiliga bo‘shatib beradi. Xullas, Ronaldo maydondan chiqar ekan, «Orzular teatri»ning baralla olqishini tinglaydi. Vaholanki, «MYU» aynan braziliyalik tufayli CHLdan tushib qolgandi. Ha, muxlislar gohida chin futbol qahramoniga shunday ehtirom ko‘rsatishadi. Zero, ular fanatlarga sehrli lahzalarni taqdim etishadi. Boshqacha aytganda, muxlislar gohida o‘yin mohiyati - natijani chetga surib qo‘yib, yuksak mahorat va aqlni shoshirib qo‘yadigan ijrodan o‘zgacha zavqlanishadi. Tribunalarda tik turgan holda, qo‘llarini ko‘targancha Ronaldoni qo‘llab-quvvatlagan manchesterliklar o‘sha oqshom shunday tuyg‘uni his qilgan bo‘lsalar, ajabmas. Bu futbolga sadoqatning oliy namunasidir.

 

Alessandro Del Pyero va «Real» fanatlari. Ronaldinyo o‘zini «Santyago Bernabeu» olqishiga musharraf bo‘lgan ikki buyuk raqib futbolchidan biri sifatida qolishini aytib, adashgandi. Zero, futbol tarixida shunday marhamatga loyiq topilgan yana bir yulduz bor - Alessandro Del Pyero. «Yuventus» afsonasi Chempionlar Ligasi-2008|2009 doirasidagi uchrashuvda ajoyib muhit bilan to‘qnash kelgan. O‘shanda «Yuventus» Madridda 2:0 hisobida g‘alaba qozongan va jamoaning har ikki goli italiyalik faxriy hujumchi (u 3 kundan so‘ng 34 yoshga to‘lgandi) nomiga yozilgan. Xullas, «Yuve» vazifani bajargach, jamoa bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri «dubl» muallifini 90-daqiqada zaxiraga oladi. Shu onda «Santyago Bernabeu» kutilmaganda, Aleksni xuddi «Real» futbolchisidek olqishlaydi. Italiyalik afsona tabiiyki, Madrid jamoatchiligi munosabatidan hayratda qolgandi: «Bunday ulkan stadionda 2ta gol urish o‘z-o‘zidan ajoyib voqea sanaladi. Biroq rostini aytsam, «madridchilar»dan iliq qabul kutgan emasdim. «Real» muxlislari, menga unutilmas onlarni taqdim etganinglar uchun katta rahmat».

Krishtianu Ronaldu va «Yuventus» fanatlari. Turinlar ayni payt Krishtianu Ronalduni mutlaqo «qonuniy» tarzda ko‘klarga ko‘tarishmoqda. Boz ustiga, portugaliyalik goleador «Yuve»ga yetarli darajada foyda keltirmoqda. Uning «Atletiko»ga qarshi kechgan CHL o‘yinida 3ta gol urgancha buyuk «kambek» sababchisi bo‘lib, «keksa sinyora»ni turnir chorak finaliga olib chiqqanining o‘ziyoq ko‘p narsadan dalolat. Lekin Krish bir yilcha oldin «Real» safida o‘ynar va aynan u «Yuventus»ni CHLdan chetga surgandi. To‘g‘rirog‘i, Ronaldu Turindagi bahsda 2ta gol urdi. Ulardan biri - haqiqiy shedevr. Turinliklar esa shedevrni qadrlashadi va Ronalduni ham alohida olqishlashga kuch topa olishgandi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 07:44, 29.03.2019.
O'qildi: 5754 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.