Ektor Kuper Xitoydagi China Cup turniri arafasida yakuniy tarkibni e’lon qilganida, birinchi navbatda, legionerlarga e’tibor qaratdim: tajribali mutaxassis bu yig‘inga xorijda to‘p surayotgan besh nafar futbolchini taklif qildi.
Ayni vaqtda yigirmadan ortiq vakillarimiz chet elda to‘p surayotganini inobatga olsak, bu juda kam. Tabiiyki, ushbu mavzu yuzasidan matbuot anjumanida ham savol berildi. Lekin Kuper nima qilayotganini juda yaxshi biladi, shogirdlarining holatidan aynan u xabardor... Bu safar terma jamoa tarkibiga kiritilmaganlar orasida ayni payt Yaponiyada faoliyat yuritayotgan Fozil Musayev ham bor. Yaqinda mahoratli yarim himoyachi bilan suhbat uyushtirib, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
- Ayni damda ahvolingiz qanday?
- Juda yaxshi, Xudoga shukur. Qiyin kunlar ortda qoldi, deb o‘ylayman. Jarohatdan butkul forig‘ bo‘lishga intilyapman, murabbiyimiz ham ayrim o‘yinlarda o‘zimni ko‘rsatishimga imkoniyat bermoqda. Bundan xursandman.
- Endi yetishib chiqayotgan yosh futbolchilarga bu borada qanday maslahat berasiz?
- Jarohat muayyan bir yosh toifasidagi futbolchida kuzatiladi, deb bo‘lmaydi. U kutilmaganda kimnidir murakkab ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Bu borada oldindan nimadir deyish mushkul.
- Terma jamoa bosh murabbiyi Ektor Kuper sizni galdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga chaqirmadi. Bundan ranjimadingizmi?
- Yo‘q, aslo xafa emasman. Murabbiy shuni xohladi, uning har qanday qarorini hurmat qilish kerak. Balki buning o‘ziga yarasha sabablari bordir, ehtimol, mening o‘rnimda boshqa biror futbolchini sinab ko‘rgisi kelgandir. O‘z ustimizda ko‘proq ishlab, mashg‘ulotlarda astoydil harakat qilsak, keyingi o‘rtoqlik uchrashuvlariga jalb qilishi shubhasiz. Mening vazifam - o‘z jamoamda yaxshi o‘ynab, o‘zimni ko‘rsatish. Qolaversa, murabbiy aytganidek, terma eshiklari hamma uchun ochiq. Izlanishda davom etsam, albatta, milliy jamoaga qaytaman.
- Sharqiy Osiyo terma jamoalarining Osiyo kubogida ko‘ngildagidek ishtirok etolmagani avlodlar almashinuvi bilan bog‘liqmi?
- Shunday desa ham bo‘ladi. Avlodlar almashinuvi birdaniga amalga oshadigan jarayon emas, buning uchun ma’lum vaqtga ehtiyoj tug‘iladi. Agar yoshlar orasidan iqtidorli futbolchilar chiqib, o‘zlarini ko‘rsatishsa, albatta, terma jamoa murabbiyi ularga e’tibor qaratadi.
- «Jubilo Ivata»ga tezda moslashdingiz, jamoada o‘z o‘rningizga egasiz. Bunga qanday erishdingiz?
- Barchasini ichki muhit bilan bog‘lagan bo‘lardim. Yaponiya klubiga ilk kelgan kunimdanoq menga juda iliq munosabatda bo‘lishdi, begona joyda ekanligimni bildirishmadi. Jamoadoshlarim bari ahil, bir oiladekmiz. Bu yerda hamma narsa meni qoniqtiradi.
- 2011 yil faoliyatingizdagi eng esda qolarli yil bo‘lgani tabiiy.
- Albatta, o‘sha mavsum men uchun ham, butun Qashqadaryo ahli va O‘zbekiston uchun unutilmas onlarni taqdim etgan. «Nasaf» safida OFK kubogini boshimiz uzra baland ko‘targanmiz. O‘sha damlardagi hissiyotlarni so‘z bilan ifodalab berolmayman, buni faqat o‘sha jarayonda qatnashgan odamgina tushunadi.
- Olimpiyachilarimiz poytaxtimizda o‘tgan saralash bahslarida muvaffaqiyatli qatnashib, Tailandda o‘tadigan Osiyo chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Siz ham o‘z vaqtida bu jamoada o‘ynagansiz. O‘sha BAAga qarshi kechgan hal qiluvchi o‘yinda hammasi bir bo‘lim ichida o‘zgarib ketgandi. Vaholanki, jamoamiz Olimpiada yo‘llanmasini deyarli qo‘lga kiritib ulgurgandi...
- Albatta, London Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun kechgan oxirgi o‘yin men va jamoadoshlarim uchun juda alamli va esda qolarli tarzda o‘tgan, desam yanglishmayman. Tayyorgarlik yaxshi bo‘lgandi, ruhan va jismonan tetik edik. Og‘ir o‘yin bo‘lishini barchamiz his qilib turardik. Qandaydir soniyalar barchasini o‘zgartirib yuborgan. 2:0 hisobida oldinda borayotgandik, g‘alabaga ishonch bor edi. Biroq o‘sha kuni raqibni yengib, yirik musobaqaga yo‘l olish nasib qilmagan ekan.
- Angliya klublaridan farqli ravishda, Germaniya jamoalarining xalqaro maydonda ishlari yurishmayapti. Buning sababi nimada?
- Ochig‘i, bilmadim. Deylik, «Bavariya» ichki chempionatda ancha holatini o‘nglab oldi. Ammo YECHL nimchorak finalidayoq «Liverpul»dek kuchli klubga duch keldi. Mersisaydliklar ayni payt ajoyib sport formasida, ularni to‘xtatish qiyin bo‘lyapti. Umuman, myunxenliklar Angliya klublarining tajovuzkor o‘yiniga dosh bera olishmadi.
- Mazmunli suhbat uchun tashakkur. Keyingi faoliyatingizda omad va zafarlar Sizga hamroh bo‘lishini tilab qolamiz!
- Rahmat. Men ham o‘z o‘yinlarim bilan o‘zbekistonlik ishqibozlarni quvontirishga astoydil harakat qilaman.