Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Andrea Pirlo «Qachondir yetakchi uchlikdan joy olaman»

Andrea Pirlo «Qachondir yetakchi uchlikdan joy olaman»

Baho:
+ | -

Italiya terma jamoasi, «Milan» hamda «Yuventus» klublari sobiq yarim himoyachisi Andrea Pirlo - «Uzatmalar maestrosi» futbolchilik faoliyatini yakunlagach, yanada vazmin va sermulohaza kishiga aylandi. 

U futbolda bosib o‘tgan yo‘lidan mutlaqo mamnun va hozir ham sharoitga qarab, shug‘ullanib turadi, maydonga tushish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmaydi. Mana, Pirlo yaqinda «Liverpul» va «Milan» faxriylari o‘rtasida tashkillashtirilgan o‘yinda ishtirok etdi. Keyin esa La Gazzetta dello Sport gazetasi muxbirlarining intervyu masalasidagi iltimoslarini rad etmay, Italiya futboliga oid fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Oldinroq murabbiylik faoliyati xususida o‘ylayotganingizni aytgan edingiz. Manchini esa bu borada bosh qotirishga ham ulgurmagandi. Uning Italiya terma jamoasidagi ishini qanday baholaysiz?

- Risoladagidek ishlamoqda. 3 nafar saviyali markaziy yarim himoyachi yagona maqsadni ko‘zlaydi: doimo chinakam futbol namoyish etishni. Jumladan, Finlyandiya termasiga qarshi kechgan bahs ham bunga misol. Qisqasi, Manchini zamonaviy g‘oyalarga tayanmoqda.

- Biz avvalo, Yevropada g‘alabaga intilishimiz kerak, keyin esa JCHda - Manchini  bu masalada biroz  oshirib yubormayaptimi?

- Yo‘q, aslo. Jamoamiz loaqal shu oliy maqsadlar yo‘lida bor imkoniyatini ishga solishi lozim. Ko‘ryapmizki, o‘yin sifati chakki emas, bu borada kamchilik yo‘q, jahon futbolidagi hozirgi raqobat ham o‘ta vahimali ko‘rinmayapti. Ishga «Biz urinib ko‘ramiz, ammo...» qabilida yondashishdan ma’no yo‘q. Demoqchimanki, futbolda faqat eng yuqori cho‘qqini ko‘zlash kerak.

- Balotellini oqlash jarayoni yakuniga yetdimi?

- Mana, Mario maydonga qaytdi, u endi terma jamoa libosini yana kiyish ilinjida. Agar o‘z xatolarini tushunib yetgan bo‘lsa, bu yaxshi. Zero, unda iqtidor bor. Menimcha, Moyze Kinning jalb etilishi ham juda to‘g‘ri qaror. Deylik, yigitcha Udinedagi o‘yinda ishonchni to‘liq oqladi. Shaxsan menga Moyzening gol urishga intilishi juda ma’qul keldi.

- U Italiya futboli bayroqdori - «Yuventus»da o‘z mahoratiga sayqal bermoqda...

- «Yuve»ning chempionatdagi hukmronligi futbolimiz ravnaqi uchun minus ekanligini aytayotgan mutaxassislarni sira tushunmayman. Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. «Yuve» saviyani tobora ko‘tarish orqali raqobatchilarini ham tinmay izlanishga majburlamoqda. Eng muhimi, «keksa sinyora» faqat ichki musobaqalar emas, xalqaro darajada ham yaxshi o‘ynamoqda. Qisqasi, klub shu asnoda Italiya futboli taraqqiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.

- Sizningcha, joriy mavsum «A» seriya turnir jadvalida «Yuventus»dan keyin qaysi jamoalar joylashadi?

- O‘ylashimcha, ayni payt yuqori o‘rinlarda borayotgan 3ta jamoa o‘z mavqeini boy bermaydi. «Lasio»ni esa ko‘tarilish uchun asosiy da’vogar sifatida tilga olish mumkin. «Napoli» kutilgan natija qayd etmoqda. Ha, «Inter» yanada yuqoriroqqa ko‘tarilish imkoniyatiga ega edi, biroq eng muhim pallada sustlashib qoldi. Chamamda, «neradzurralar»ga jarohatlar va Ikardi mojarosi xalaqit berdi. «Roma» aksincha, o‘z darajasida o‘ynolmayapti. «Bo‘rilar» o‘tgan yili CHL yarim finaliga chiqishganini hisobga olib, ularning loaqal «A» seriyada sezilarli o‘sish qayd etishlarini taxmin qilgandim. Ko‘rinishidan, Rim klubida muvozanat buzildi: yoshlarga ishonch bildirib, tajribadan voz kechish qimmatga tushdi.

- Asosiy muammo - «Yuventus» va boshqalar o‘rtasidagi tafovut. Xo‘sh, farq yanada kattalashmaydimi, «sinyora»ga yaqinlashish salohiyatiga ega jamoani qachon ko‘ramiz?

- Tushunarliki, «Yuve»ga chinakam raqobat taqdim etishni istaydigan klub o‘ta sifatli transferlarni amalga oshirishi kerak. Hozirgi holatda yaqinlashishning yagona yo‘li shu.

- Derbidan keyingi «Inter» - bu o‘z kuchini anglagan jamoami yoki doimo shunday o‘yin ko‘rsatolmasligidan afsuslanadigan beqaror drujina?

- Birinchi variant to‘g‘riroq. O‘zi «Inter» shunday hayot-mamot janglarida xavfli. «Neradzurralar» eng to‘g‘ri yo‘lni tanlashdi - aniq bitta uslubga tayanib, hujumda ham, himoyada ham hamjihat harakatlanishdi. Odatda «Milan» shunday o‘ynardi, biroq bu safar...

- Shaxsan sizga qaysi biri ma’qul: asosan Ikardiga tayanadigan «Inter»mi yoki Martines yetakchiligida o‘ynaydigan jamoa?

- Lautaro universal o‘yinchi, jamoa uchun yelib-yuguradi. Ikardi esa «gol-odam». Ular yonma-yon o‘ynashsa, ajoyib juftlik yuzaga kelardi.

- Jamoa vakillarining mutasaddilardan Ikardini sardorlik bog‘ichidan mahrum etishni so‘ragani o‘rinlimi?

- Bu voqeani to‘liq tushunish uchun o‘tmishga qaytish zarur. Shunda qandaydir sabab aniqlanar... Ha, jamoa o‘ta jiddiy usul qo‘lladi. O‘zi futbolda ba’zan shunday keskin ziddiyatlar ham uchrab turadi.

- Shunday holatning yuzaga kelishiga Ikardining rafiqasi va agenti sababchi emasmi? Ehtimol, u boshqa agent bilan hamkorlik qilganida, mojaro ko‘lami ozroq bo‘lardi...

- Qoidaga binoan, agent klub ofisida muzokara olib borish orqali barchasini o‘z o‘rnida hal qilishga urinadi. Qisqasi, Ikardi masalasini odob-axloq mezonlaridan chiqmagan holda, ortiqcha shov-shuv va ovozasiz ko‘rib chiqishganida, bunchalik chigallik yuzaga kelmasdi.

- Mojarodan kim ko‘proq zarar ko‘rdi - «Inter»mi yoki Ikardi?

- «Inter» qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi, maydonga tushmay qo‘ygan futbolchi esa qiymatini yo‘qotadi. Ikardi shu  taxlit ish tutishda davom etsa, uni kim o‘z klubi taklif etadi? Ikkinchi masala - hujumchi ma’lum tanaffusdan keyin avvalgidek samarali to‘p sura oladimi?

- «Milan»ning derbiga qadar namoyish etgan shiddati tasodifmidi yoki jamoa o‘sha o‘yinda shunchaki, kutilmagan omadsizlikka yo‘liqdi?

- 3-daqiqada qo‘yib yuborilgan golni kutilmagan omadsizlikka mengzash mumkin. Zero, «Milan» shu tufayli o‘yinni o‘ziga xos sanalmagan uslubda boshlashga majbur bo‘ldi. Qolaversa, «rossonerlar» goldan keyin tezda o‘zlariga kelishdi. Demak, muvaffaqiyatli seriya tasodif emasdi.

- Qiziq, Gattuzodan nimalarni kutgan va nimalarni kutmagan edingiz?

- Uning himoyaviy uslubni joriy etib, avvalo, darvoza daxlsizligiga saqlashga e’tibor qaratishini taxmin qilgandim. Chiroyli o‘yin ko‘rsatadigan jamoa shakllantirish yo‘lida bu qadar tavakkal ish tutishini esa sira kutmagandim. Ko‘rinishidan, Rino katta saboq olmoqda. Menimcha, futbolchi -Gattuzo va murabbiy - Gattuzo o‘rtasida katta farq bor.

- Iguaindan voz kechilgani «Milan»ga manfaat keltirdimi?

- Voqealar rivojidan kelib chiqsak, ha. Har holda, Pentek ancha yosh, shunga qaramay, bir maromda gol urmoqda. U mudom darvoza tomon intilishi bilan Inzagini eslatmoqda. Nazarimda, Kshishtof to‘pning qayerga tushishini avvaldan aniq biladigandek... 

- «Inter» va «Milan» klublari 4-3-3 va 4-2-3-1 taktik chizmalaridan foydalanmoqda. Sizga qaysi uslub ko‘proq yoqadi?

- Albatta, 4-3-3.

- «Yuventus» CHLdagi xilma-xil o‘yinlari bilan futbol olamini ostin-ustun qilib yubordi.

- Buning ajablanarli tomoni yo‘q. Birinchidan, jamoa yetarli salohiyatga ega, ikkinchidan, javob o‘yiniga barcha jihatlarga e’tibor bergan holda, puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Xullas, «Yuve» javob uchrashuvida Madridga o‘z soyasini yuborganini ko‘rsatdi. Eng asosiysi, bunga avvalo, o‘zini ishontira oldi.

- Endi sal qitmirroq savol: agar Ronaldu maydonga tushmaganida, o‘yin 1:0 hisobida yakunlanishi mumkinmidi?

- 1:0 xususida aniq gapirolmayman, ammo tabloda 3:0 hisobi porlashi juda qiyin edi. Yana bir tomoni shuki, turinliklar Ronalduni aynan shunday o‘yinlar uchun xarid qilishgan. Buni hujumchining o‘zi ham yaxshi biladi.

- Aytingchi, shaxsan siz «A» seriyada shunday Ronalduni ko‘rishni kutganmidingiz?

- Agar 33 yoshga qadar sog‘lom turmush tarzini buzmagan va o‘zgartirmagan bo‘lsang, senda motivasiya masalasida hech qanday muammo tug‘ilmaydi. Faqat yangi muhitga moslashsang, bas. Buni Ronaldu misolida yana bir marta ko‘rdik - gap yo‘q.

- «Yuventus» xuddi «Atletiko»ga qarshi bahsdagi kabi 3 nafar markaziy himoyachi bilan kuchliroqmi yoki orqada 4 kishi o‘ynashi kerak?

- Barchasi muayyan sharoitga bog‘liq. «Atletiko»ga qarshi bahsda 3 nafar himoyachi uslubi yaxshi samara berdi. Lekin raqib oldingi chiziqda 3 nafar hujumchi bilan o‘ynasa, himoyachilar sonini oshirish o‘rinli hisoblanadi.

- Vaqtida CHLda 2 marta zafar quchgansiz. Tabiiyki, zafarli mavsumda muayyan o‘yinlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi?

- Deyarli har mavsum shunday bo‘ladi. «Yuventus» misolida aytsam, final o‘yiniga mezbonlik qiluvchi stadion egasini musobaqadan chiqarib yuborish - sovringa katta qadam tashlash degani...

- Endi «Ayaks» navbatda turibdi.

- Omadli qur’a. Gollandiyaliklar nimchorak finalning eng yorqin  o‘yinini namoyish etishdi. To‘g‘ri, «Real» tushunarsiz pala-partishliklarga yo‘l qo‘ydi, bunaqasi grand jamoalarda ko‘p kuzatilmaydi. Xususan, «Yuventus» bunday «tomosha»ga sira izn bermasa kerak. Menimcha, jamoa «Ayaks»ni jismoniy kuch evaziga mahv etadi.

- Umuman, «Yuventus»ning turnirda g‘olib chiqish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Turinliklarni shundoq ham ko‘p maqtab yubordim. Avvalo, jamoaning o‘zi imkoniyatlarini to‘g‘ri chamalashi va har bir uchrashuvning ilk daqiqasidanoq raqibni muayyan ritmga bo‘ysundirishi lozim. Ya’ni Madridda uddalolmagan ishini endi amalga oshirishi shart.

- Asosiy raqobatchilar - «Manchester Siti» va «Barselona», to‘g‘rimi?

- Nazarimda, «Yuve» hozirgi holatda hattoki, «Barsa»dan ham kuchliroqdek. «Siti»ga kelsak, ha, u o‘ta xavfli raqib.

- Italiya klublari balki «dubl»ga erishar... «Napoli» YELda zafar quchishga qodirmi?

- «Arsenal» to‘sig‘idan o‘tish oson emas, albatta. Bu jamoani «Chelsi» bilan teng ko‘raman. Lekin don Karlo o‘z ishining chin ustasi, u qanday ish tutishni yaxshi biladi.

- Xo‘sh, murabbiylik sohasiga o‘tsangiz, Anchelottidan aynan nimani «o‘marish»ni xohlardingiz?

- Jamoa boshqaruviga bor bilim-tajribani, qalb qo‘rini sarflash va murakkab vaziyatlardan osonlikcha chiqishga yordam beradigan xotirjamlik fazilatlarini. Mana, Anchelotti «Napoli»ni ortiqcha g‘avg‘olarsiz batamom o‘zgartirishga erishdi.

- Biroq France Football murabbiylar reytingida don Karloni «atigi» 8-pog‘onaga munosib ko‘rdi?

- Muhimi, Anchelottida afsonaviy murabbiylar ro‘yxatida yanada yuqoriroq ko‘tarilish uchun vaqt yetarli. Shuningdek, 5-o‘rinda qayd etilgan Gvardiola ham yaxshi imkoniyatga ega. O‘zi reytinglar o‘zgarib turadi, ehtimol, men ham qachondir yetakchi uchlikdan joy olarman...

- Demak, murabbiylikni maqsadsiz tanlamagansiz.

- Hozirga qadar ancha tahsil oldim, o‘qish-o‘rganishni hamon davom ettiryapman. Darvoqe, sentyabr oyida magistr maqomini olaman.

- Aslida allaqachon Italiya termasida Manchini yordamchisi sifatida ish boshlashingiz mumkin edi.

- O‘shanda TV eksperti sifatidagi majburiyatlarim tufayli muammo yuzaga keldi. Vaholanki, shartnoma tuzayotganda, bunday bo‘lmasligiga va’da berishgandi. Bundan qattiq ranjiganim yo‘q, lekin ko‘nglim biroz sovudi.

- Keyin U-21 toifasidagi Yevropa chempionati elchisiga aylandingiz.

- Italiyada tashkillashtiriladigan mazkur turnir futbolimiz ravnaqiga kuchli turtki bersa, ajabmas. 21 yoshli yigitlar - milliy jamoamizning ertangi kuni.

- Bu musobaqada 15 yillik tanaffusdan so‘ng yana g‘olib chiqish real maqsadmi yoki...?

- Afsuski, qur’a tashlash jarayonida yoshlarimizga yengil guruh taqdim etolmadim. Lekin yakuniy g‘alabaga umid bog‘lash uchun asoslar bor: di Byajo yuksak saviyali tarkibga ega.

- Yevro-2020 saralash bosqichiga jalb etilgan o‘yinchilarni nazarda tutyapsiz, shundaymi?

- Milliy jamoa yig‘ini ortiqcha yuk emas, balki o‘ziga xos rag‘batdir. Kattalar miqyosida maydonga tushgan yosh futbolchi o‘z tengdoshlarini olg‘a boshlashi shart. Saulning faoliyati bunga yorqin misol: u 2017 yiliyoq «Atletiko» klubi va Ispaniya termasi asosiy tarkibiga kirdi. Keyin U-21 belgisi ostidagi chempionat finalida «xet-trik»ka erishdi (Saul aslida italyanlarga qarshi kechgan yarim finalda o‘zini ko‘rsatgandi).

- Di Byajo jamoasida kim Saul rolini bajarishi mumkin?

- Zanyologa umid bilan qarash mumkin. Bu yigitda barchasi joyida - jismoniy quvvat, o‘yinni tushunish, tezlik va texnika...

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 13:14, 11.04.2019.
O'qildi: 3662 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.