Xabaringiz bor, bugun tunda Manchester shahrining ikki grand klublari afsonaviy «Old Trafford»da to‘qnashadi. Bu uchrashuv APLning bu mavsumdagi eng muhim bahslaridan biri bo‘lishi aniq. Sababi o‘rtaga ko‘p narsa tikilgan. Bugun shu uchrashuv atrofidagi va o‘yin ichidagi voqealar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
«Qizil iblislar» g‘alaba uchun maydonga tushadi
Agarda bugun Sulsher shogirdlari «shaharliklar»ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, Yevropa chempionlar ligasiga chiqish uchun imkoniyatni saqlab qolishadi. Bilasiz, Yevropaning grand klublari YECHLda doim ishtirok etishlari shart. Aks holda, klubning moliyaviy ahvoli biroz og‘irlashib qoladi. «Manchester Yunayted»ning «Adidas» bilan tuzilgan shartnomasida aynan shu band qayd etilgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Hozirda 4-o‘rin uchun APLda dahshatli kurash ketayotgani hech kimga sir emas. «Manchester Yunayted» ushbu kurashda yutib chiqishi uchun, bugun qanday qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonishi shart! Sulsher va uning futbolchilari buni yaxshi tushunib turishibdi. Keyingi mavsumda klubning YECHLsiz qolishi nafaqat klub, balki futbolchilarning ham ziyoniga ishlashi aniq. Pogba kabi yetakchilar o‘zlari uchun Yevropa ligasi musobaqasini o‘zlariga ep ko‘rishmaydi. Shu bois, Pol yozgi transfer paytida "Real"ga o‘tib ketishi mumkin.
«Manchester Siti» uchun hal qiluvchi bahs
Klub YECHLdan chiqib ketganidan so‘ng avtomatik ravishda e’tiborini APLga qaratdi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Futbolchilar va murabbiy mavsumni ijobiy hal qilish uchun APLda g‘olib bo‘lish shartligini his qilib turibdi. Poyga so‘nggida qoqilish chempionlikdan mahrum bo‘lish bilan barobar. Bugun tunda bo‘lib o‘tadigan bahsning qiymati Gvardiola uchun oltinga teng. Sababi, murabbiyning YECHLdagi omadsiz ishtiroki uning futbol falsafasi eskirib qolayotganini anglatganday bo‘lsa, APL g‘olibligini qo‘ldan chiqarish u yaratgan futbol uslubining tanazzulga yuz tutdi,0 degandek gap. Ispaniyalik mutaxassisning klubga olib kelinishidan asosiy maqsad APL emas, YECHL ekanligi hammaga kundek ravshan. Sababi, "shaharliklar" Gvardiolasiz ham bu ishni uddasidan chiqa olishgan edi.
Klub o‘z tarixida yangi sahifa ochishi uchun qit’ada tengsiz bo‘lishi, shu orqali futbol tarixiga o‘z nomini o‘chmas qilib yozdirib qo‘yishi shartdek ko‘ringandi. Ushbu uchrashuv APL g‘olibligini deyarli 90 foiz naqd qilib berishi hammaga ayon. Shunday ekan, bugungi uchrashuvda Gvardiola shogirdlari g‘alaba qozonishga majbur, aks xolda, klub mavsum so‘ngida faqat Angliya liga kubogiyu, Angliya kubogi bilan cheklanishi mumkin...
Agarda durnag qayd etilsa
Bu uchrashuvdagi durang — ikkala klub uchun ham mag‘lubiyatga teng. «Shaharliklar» «Liverpul»ni o‘zlaridao‘tkazib yuborishsa, «Manchester Yunayted» 4-o‘rin uchun imkoniyatlarini pasaytirib yuboradi. Agarda kuchlar teng keladigan bo‘lsa, ikki klub ham oldiga qo‘ygan maqsadidan bir qadam uzoqlashishga majbur bo‘ladi. Aynan o‘sha bir qadam eng so‘nggi soniyalarda ikki jamoaga pand berib qo‘yishi aniq. Shunday ekan, bugungi uchrashuvda ikki klub ham faqat va faqat g‘alaba qozonish maqsadida maydonga tushishlariga shubhamiz yo‘q.
«Qizil iblislar» muxlislari ikki xil fikrda
Qiziquvchan ingliz matbuoti bugun «Manchester Yunayted» «Liverpul» chempion bo‘lmasligi uchun ham hamshaharlariga yengilib berishini taxmin qilmoqda. Bunga bir qaraganda ishonish qiyindek tuyulgani bilan aslida bu taxminning tagida qiziq tarix yotadi.
«Liverpul» va «Manchester Yunayted» Britaniya futboli tarixidagi eng keksa dushmanlardan biri desak adashmagan bo‘lamiz. Klub muxlislarining bir-biriga bo‘lgan nafrati avloddan-avlodga ko‘chib o‘tayotgan yoqimsiz an’anadek davom etib kelmoqda. To‘g‘ri derbida mag‘lubiyatga uchrash muxlislarni xursand qilmasligi aniq, ammo yana kim biladi deysiz? «Manchester Yunayted» APLda 20 bor zafar quchgan bo‘lsa, «Liverpul» 18 bor tengsiz deb topilgan. Bu boradagi ustunlikni ushlab qolish uchun ham ayrim «Manchester Yunayted» muxlislari bugungi uchrashuvdagi mag‘lubiyat og‘ir botmasligini ijtimoiy tarmoqlarda ochiqchasiga e’lon qilishdan tortinishmayapti. Qolganlari esa YECHLda ishtirok etish uchun yo‘lda uchragan raqibni mag‘lubiyatga uchratish tarafdori. Bugungi tunni “Liverpul" muxlislari ham bedor o‘tkazishsa, ajab emas. Zero, ularning bugun azaliy raqiblariga muxlislik qilishdan boshqa choralari yo‘q. APL g‘olibligini qo‘lga kiritish uchun so‘nggi umid «Manchester Yunayted» qo‘lida ekanini ular ich-ichlaridan yaxshi tushunib turishibdi.
Xulosa
«Manchester Yunayted» va «Manchester Siti»dek jamoalarning to‘qnashuvi, o‘rtaga APL g‘olibligi va YECHL yo‘llanmasi tikilganini hisobga olsak, bizni tunda dahshatli uchrashuv kutib turibdi. APLning bu mavsumdagi eng muhim uchrashuvini o‘tkazib yubormang! To‘qnashuv Toshkent vaqti bilan 00:00da start oladi.
Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV