Myunxenning «Bavariya» klubi PSV va Marokash terma jamoasi hujumkor yarim himoyachisi Ismoil Saybariy transferini rasman e’lon qildi.
24 yoshli futbolchi AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan Jahon chempionati–2026ning eng yorqin kashfiyotlaridan biriga aylandi. Guruh bosqichida Saybariq har uchala uchrashuvda ham gol urgan ilk afrikalik futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Bundan tashqari, uning Shotlandiya terma jamoasi darvozasiga uchrashuvning 70-soniyasida kiritgan goli ushbu mundialning eng tezkor goliga, shuningdek, arab futbolchilari orasida Jahon chempionatlari tarixidagi eng tez golga aylandi.
Niderlandiyaga qarshi 1/16 final bahsida marokashlik futbolchi boshi yorilgan holda uchrashuvni oxirigacha o‘tkazdi. Keyin esa penaltilar seriyasida hal qiluvchi zarbani aniq amalga oshirib, o‘z jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi.
Ayni vaqtda Saybariy Jahon chempionatida to‘rtta uchrashuvda uchta gol urdi va Marokash terma jamoasining mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purari bo‘lish borasida Yussef En-Nesiriy bilan tenglashib turibdi.
O‘tgan klub mavsumida Ismoil Saybariy PSV safida barcha musobaqalarda 19 ta gol urib, yorqin mavsum o‘tkazdi. Endi u faoliyatini «Bavariya»da davom ettiradi va jamoada Vensan Kompani qo‘l ostida to‘p tepadi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati–2026 1/8 finalida Marokash terma jamoasi Kanadaga qarshi bahs olib boradi.













