Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Mladen Krstaich: «Murabbiylik falsafam hujumkor o‘yinga asoslanadi»

Mladen Krstaich: «Murabbiylik falsafam hujumkor o‘yinga asoslanadi»

Baho:
+ | -

«Partizan», «Verder» va «Shalke» klublaridagi o‘yinlari orqali mashhurlikka erishgan Mladen Krstaich ayni payt Serbiya milliy termasini boshqarmoqda.

U jamoaga 2016 yili Slavolyub Muslinning yordamchisi sifatida kelgandi. Bir yildan so‘ng Muslin iste’foga chiqarildi va Krstaich vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandi. 2017 yilning dekabrida esa to‘laqonli shartnoma imzoladi. Uning qo‘l ostida jamoa JCH-2018 final bosqichi yo‘lllanmasini qo‘lga kiritdi. Ammo Rossiya maydonlarida serblar ko‘ngildagidek natija qayd eta olishmadi. Ya’ni, o‘z guruhlarida Braziliya va Shveysariyadan keyingi uchinchi o‘rinni egallashdi. Biroq 2018 yilning kuzida jamoa UYEFA Millatlar ligasida o‘z guruhida birinchi o‘rinni olib, «S» ligadan «V» ligaga ko‘tarilishga erishdi. Yaqinda Krstaich FIFA rasmiy saytiga intervyu berib, turli mavzulardagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- UYEFA Millatlar ligasida jamoangiz muvaffaqiyat qozondi. Yevro-2020 saralash bahslarining dastlabki uchrashuvida esa Portugaliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadinglar. Bundan oldin Germaniyaga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida ham shunday natija qayd etgandinglar. So‘nggi paytlarda Serbiya futbolida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

- Millatlar ligasi bahslarida kerakli g‘alabalarni qo‘lga kiritdik. O‘sha o‘yinlar orqali bir qator yoshlarni sinovdan o‘tkazdik va kelajakda kimlar kerak bo‘lishini aniqlab oldik. Biz guruhda birinchi o‘rinni olib, yuqori divizionga chiqdik. Bundan tashqari, Yevro-2020 saralash bahslarining qo‘shimcha «pley-off»ida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdik. Germaniyaga qarshi o‘yin esa qog‘ozda o‘rtoqlik maqomida bo‘ldi. Portugaliya termasidan ochko olganimiz quvonarli hol. Ikki uchrashuvda ham jamoa jangovar ruhni namoyish etdi. Serbiya bunday yigitlar bilan faxrlansa arziydi. Ammo hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Oldimizda yettita o‘yin bor. Gap 21 ochko haqida ketmoqda. Natijalarni ko‘rgan bo‘lsangiz, har qanday o‘yinda ochko olish oson emas. Lekin jamoamga ishonaman va biz bu saralashdan muvaffaqiyatli o‘ta olishimizga ko‘zim yetib turibdi.

- Jamoani 2017 yili qabul qilib olgansiz. Nimalarni o‘zgartirdingiz?

- Hali yoshligim, tajriba vaqt o‘tgani sari kelishini bilaman. Mening murabbiylik falsafam shundan iboratki, hujumkor futbolni ma’qul ko‘raman. Shogirdlarim maydonga tushganida faqat gol urishlarini talab qilaman. Lekin bu ishni har safar ham uddalab bo‘lmaydi. Buning sabablari ko‘p: raqib jamoa saviyasi, ularning tarkiblaridagi futbolchilar va shunga o‘xshash narsalar.

- Germaniyadagi o‘yin siz uchun alohida ahamiyat kasb etgan bo‘lsa kerak? Har holda, faoliyatingizning asosiy qismini Bundesligada «Verder» va «Shalke» safida o‘tkazgansiz.

- Ha, bu haqiqatan ham ajoyib tajriba bo‘ldi. Germaniyada ko‘p narsa o‘rgandim, tajriba to‘pladim. Chindan ham bu yurtdagi faoliyatim ajoyib bo‘lgan. Volfsburgdagi o‘yinda hissiyotlarga berilib ketdim. Uzoq yillardan buyon ko‘rmagan insonlarimni ko‘rdim. Ajoyib suhbatlar bo‘ldi.

- Germaniya terma jamoasi ayni payt o‘tish davrini boshdan kechirmoqda. Hozirgi avlod haqidagi fikrlaringiz qanday?

- Germaniya - futboldagi supersaltanat. Terma jamoaga nomzod bo‘lgan 50 nafardan oshiq futbolchi bor. Ularning har biridan foydalanish mumkin. Shunchaki, Yevro-2020 saralash bahslaridagi startlariga e’tibor bering. Gollandiyani safarda qay tarzda mag‘lub etishdi... Germaniya yuqori cho‘qqilarni zabt eta oladigan avlodga ega.

- Serbiya oxirgi uchta Yevropa chempionatiga chiqa olmadi. 2020 yilgi qit’a birinchiligida ishtirok etish qanchalik muhim?

- Yurtimizda iqtidorli yosh futbolchilar, shuningdek, tajribali o‘yinchilar bisyor. O‘ylaymanki, hamkorlikda kerakli natijani qo‘lga kiritamiz. Haqiqatan ham Yevroda 20 yildan buyon qatnashmaymiz. Bu safar yo‘llanmani qo‘lga kiritsak, nima bo‘lishini ta’riflash qiyin. Uzoq yillik tanaffusdan keyin yirik musobaqada ishtirok etgan bo‘lamiz. Umuman olganda, bu nafaqat Serbiya terma jamoasi, balki butun mamlakat futboli uchun ham o‘ta muhim.

- Jamoa tarkibida 2015 yili bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘oliblari bor. Sizningcha, ular oltin avlod bo‘la olishadimi?

- Ularda g‘oliblik qoni bor. Mehnatkash bo‘lish bilan birga bor imkoniyatlaridan maksimum foydalanishadi. Ishonchim komil, ularning kelajaklari porloq.

- Dushan Tadich «Ayaks»da ajo­yib mavsumni o‘tkazmoqda. Uning ko‘rsatayotgan o‘yinlaridan hayron qoldingizmi?

- Dushan katta odam. Uning tajribasi, bilimi, yetakchilik sifati yetarli. Shubhasiz, klubini almashtirishi unga qo‘l keldi. «Ayaks» Yevropaning eng buyuk klublaridan biridir. To‘g‘risi, uning o‘yinlaridan hayron qolayotgan joyim yo‘q. Chunki Tadich haqiqatan ham kuchli futbolchi.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 02:18, 06.05.2019.
O'qildi: 2109 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.