Kirish Ro'yxatdan o'tish
17/12 00:45 Lasio 0-6 Inter
17/12 01:00 Bornmut 1-1 Vest Xem
19/12 01:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol - Valensiya

Sanjar quvvatov: «Raqiblarning «Syurprizi»ga o‘rganib qolganmiz»

Sanjar quvvatov: «Raqiblarning «Syurprizi»ga o‘rganib qolganmiz»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

«Paxtakor» Doxada «Al-Sadd» qarshiligini yenga olmagach, guruhdan chiqish imkoniyatlarini biroz pasaytirgani rost.

Shunday bo‘lsada, «sherlar» oxirigacha kurash olib borishlari shubhasiz. Umuman olganda, guruhdan chiqish imkoniyati barcha jamoalarda saqlanib qolgan. So‘nggi ikki tur barchasiga oydinlik kiritib berishi lozim.

«Paxtakor» esa, shunchaki, oldinda turgan muhim bahslarda g‘alaba qozonsa kifoya, ular uchun keyingi bosqich eshiklari ochiladi. Osiyo Chempionlar Ligasi doirasidagi uchrashuvlardan oldin milliy chempionatimizda ikkita o‘yin o‘tkazgan poytaxtliklar ko‘tarinki kayfiyatda maydonga tushishsa, ajabmas.

Sababi, ular o‘tgan ikki bahsda o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan ochkolarni jamg‘ara olishdi.  Superliga 7-turi doirasidagi «Metallurg»-ga qarshi kechgan bellashuv (2:1)dan so‘ng asosiy tarkib darvozaboni Sanjar Quvvatovdan intervyu oldik. Mazkur suhbat jarayonida mahoratli posbon «Persepolis» bilan o‘yindan oldingi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

- Sanjar, raqib jamoa safida Server Jeparovning maydonga tushmaganligi sizlarga biroz yengillik berdimi?

- Aslo unday demagan bo‘lardim. «Metallurg» Jeparovdan boshqa ko‘plab kuchli futbolchilarga ega. Bahrom Abdurahimov, Muzaffar Muzaffarov, Bahodir Pardayev... Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Ular maydonga qanday kayfiyatda tushganliklari ko‘rinib turdi, faqat g‘alaba ilinjida harakat qilishgani yaqqol sezildi. Ko‘rdingiz, Jeparovsiz ham munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Agarda Server ham o‘ynaganda, bizga yanada qiyin bo‘lardi.

- Darvozabon sifatida raqibning qaysi futbolchisidan xavf kutgandingiz?

- Muayyan bir kishidan xavf kutdim, deya olmayman. Har qanday futbolchining gol urishga haqqi bor. Maydonga ham shu maqsadda tushadi. To‘g‘risi, Islom Isoqjonovning zarbasi ajoyib chiqdi. Endi qolgan turlarda darvozam daxlsizligini saqlab qolishga harakat qilaman.

- Chempionat taqvimi tig‘iz kelgani bois, har uch-to‘rt kunda o‘yin o‘tkazyapsizlar. «Persepolis» bilan bo‘ladigan uchrashuvgacha jismoniy taraflama tayyor bo‘lasizlarmi?

- Albatta. Bu bahs nafaqat biz, balki butun O‘zbekiston xalqi uchun muhim ahamiyatga ega, prinsipial o‘yin bo‘ladi. Xalqaro musobaqalarda nafaqat jamoamiz, balki o‘zbek futboli sha’nini ham himoya qilamiz. Bu esa zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi. Xudo xohlasa, bor kuchimizni ishga solib, stadionga keladigan minglab ishqibozlarga g‘alaba tortiq qilmoqchimiz.

- Coca Cola Superliga bellashuvlari ayni avj pallasiga kirib bormoqda. Ortda qolgan turlarda siz uchun eng qiziqarli tuyulgan o‘yin sifatida qaysi birini ko‘rsatasiz?

- Hammasi o‘ziga yarasha qiziqarli va shiddatli o‘tyapti. Bizga qarshi barcha jamoalar maksimal kuch bilan harakatlanishadi, «syurpriz» tayyorlashadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, «Paxtakor» ishtirok etgan o‘yinlar o‘zgacha tus oladi.

- «Paxtakor» va «Lokomotiv» singari kuchli klublarga qarshi bahslarda, odatda, raqiblar himoyaga e’tibor qaratishadi. «Metallurg» esa boshqacha futbol taklif qildi...

- Raqibni o‘rganish jarayonida himoyaviy o‘yin ko‘rsatishini taxmin qilgandik, lekin ular ochiq futbol namoyish etishdi. Ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirishga astoydil intilishdi. Ochig‘i, buni kutmagandim. Ammo himoyachilarimiz ishonchli tarzda to‘p surishdi, boshqa xatoga yo‘l qo‘ymadik. Muhimi, yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalandik, Jaloliddin Masharipov doimgidek yuqori saviyada o‘ynadi.

- Masharipovning texnikasi va tezligiga gap yo‘q. U kelajakda Yevropa klublarida o‘ynab keta oladimi?

- Jaloliddin nafaqat «Paxtakor»ning, balki milliy terma jamoamizning ham yetakchisi hisoblanadi. U albatta, Yevropada bemalol o‘rnini topib keta oladi. Jalol kabi yuqori tezlikka ega Doston Hamdamov va Jasur Yaxshiboyevni ham yorqin kelajak kutmoqda.

- Bugungi kunda AGMKda to‘p surayotgan Jasur Hasanov bilan birga o‘ynagansiz. Xo‘sh, Masharipov uning o‘rinbosari bo‘la oladimi?

- Nazarimda, ha. Balki undan ham o‘tib ketishi mumkin, hammasi uning o‘ziga bog‘liq. Hasanov bir vaqtlari «Bunyodkor»da yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan. Shu jumladan, Jaloliddin ham «Paxtakor»da shu ishning uddasidan chiqyapti.

- «Nasaf» bilan «Persepolis»ga qarshi bahsda ishtirok etgansiz. Sizningcha, raqib o‘sha paytdagiga nisbatan kuchsizlanganmi?

- Eronliklarning yo‘qotadigan narsalari yo‘q, shuning uchun bor kuchlari bilan o‘ynashlari aniq. Bu jamoani kuchsiz demagan bo‘lardim, Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichida oddiy jamoalar qatnashmaydi. Barchasi yetarli salohiyatga ega.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 09:38, 14.05.2019.
O'qildi: 2165 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.