Gazetamizning avvalgi sonlarida Igor Shkvirinning Football.ua saytiga bergan intervyusi dastlabki qismlari chop etilgandi. Bu safar ana shu suhbatning uchinchi - yakuniy qismi bilan tanishishingiz mumkin.
- Tishenkoning jarohati bormidi?
- Tizzasidagi muammolar tufayli gidrokortizon ukolini qilishardi. Bundan so‘ng bir necha kun dam olish kerak edi. U esa ukol olgan kunning ertasigayoq maydonga tushaverardi. Natijada tizzasi ishdan chiqdi va o‘ynay olmay qoldi. Vadikning yana bir yaxshi xislati - har doim haqiqatni gapirardi.
- Tishenko sizga nima degan?
- «O‘zbek, bunday futbol o‘ynab bo‘lmaydi», degandi. U futboldagi o‘z pozisiyasidan kelib chiqib gapirgan. «Dnepr»da xarakter bor edi. Antosha Shox podkat qilyaptimi, boshqalar haqida gapirmasa ham bo‘laveradi... Ha, qancha o‘yinlarning so‘nggi daqiqalarida vaziyatni o‘nglab olganmiz. U paytlarda kompensasiya vaqti bo‘lmasdi. Shu bois ham 88-90-daqiqalarda gol urishimizga to‘g‘ri kelardi.
- SKA «Karpati»ni Vladimir Bulgakov boshqargan. U haqdagi xotiralaringiz qanday?
- U original va yaxshi murabbiy. Menga «ShkviGin» deb murojaat qilardi. Bulgakov tufayli harbiy xizmatim yarim yil oldin yakunlangan. Murabbiy yangilarni harbiy komissariat vakili Valeriy Belikovga taqdim qilgan. O‘sha paytda chaqiruv yakunlanib bo‘lgandi. Bizni bahorda olishlariga to‘g‘ri kelardi. Rahbar polkovnikni chaqirib, «Ularni armiyaga chaqirish uchun senga qancha vaqt kerak?» deb so‘ragan. U ham «Qancha desangiz shuncha-da», deb javob bergan. «Ertaga 12gacha ulgurasanmi?» deb so‘ragan. Shunchaki, qasamyod qilganmiz. Tibbiy tekshiruvdan o‘tib bo‘lgandik. Natijada bizni 1985 yilning 31 dekabr kuni ro‘yxatga olishgan.
- Lvovdan qaytganingizda Toshkentda sizni muammolar kutib turganmidi?
- Lvovdagi kvartiramni topshirgandim. Chunki Toshkentdan uy olishim kerak edi. Lvovdagisi xizmat uyi emasdi. Biroq Toshkentga qaytishni istadim. Boz ustiga, «Dnepr» ham chaqirib turgandi. Shunga qaramay uyga qaytdim. Lekin Toshkentdagi xonadonim hali tayyor bo‘lmagan ekan. Meni aldashganini tushunib yetdim. Shuning uchun ham Dnepropetrovskka yo‘l oldim. Shundan so‘ng meni bir yilga diskvalifikasiya qilishdi.
- O‘zbek matbuoti hamma aybni sizga ag‘darganmi?
- Nimalarni yozishmadi deysiz... Hattoki, eng yirik nashrlardan bo‘lgan «Pravda Vostoka» ham yozdi. Oradan vaqt o‘tib, ortga qaytganimdan keyin esa o‘sha jurnalistlar intervyu olishdi. «Nimaga unday deb yozdinglar?» deb so‘rasam, «Men yozmaganman» deyishdi hammalari.
- Bir paytlari siz «Dnepr» sobiq ittifoqdagi birinchi professional klub degandingiz. O‘shanda nimani nazarda tutgansiz?
- Hattoki, «Spartak»ning Tarasovkadagi bazasi ham Dnepropetrovskdagi kabi sifatli emasdi. Bir nechta maydon, ko‘l, chiroyli tabiat. Qolaversa, moliyaviy holat ham yaxshi bo‘lgan. O‘sha paytlar uchun ajoyib sharoit edi.
- Keyingi murabbiy borasida omadingiz kelgan - «Dnepr»ni Yevgeniy Kucherevskiy qabul qilib olgan.
- Bir safar o‘zimizni yomon tutib, rejimni buzgandik. Yevgeniy Mefodyevich meni o‘z oldiga chaqirib, «Nimaga ular bilan birgasan? Ular seni atayin qo‘shib olishyapti. Agar ulardek o‘ynasang ham aynan o‘shalarni maydonga tushiraman. Nimagaligini bilasanmi? Chunki ular bu jamoaga nimadir berishgan. Sen esa xuddi bir narsa bergandek tutyapsan, o‘zingni», degandi. Kucherevskiy tortishib o‘tirmasdi. Shunchaki, vaziyatni tushuntirib, yuzingizga gapirardi.
- «Paxtakor»ga qaytishingiz ukrainalik murabbiy Viktor Nosov tufayli yuz bergandi.
- 1989 yil edi. Biz birga kam ishlaganmiz. Ayrim rahbarlar uning Toshkentdan ketishiga zamin yaratishgan.
- Ikkinchi mavsumda 37 uchrashuvda 37ta gol urgansiz. «Paxtakor»ning o‘shandagi ustozi Fyodor Novikov «Agar Shkvirin o‘z ishiga astoydil berilganida, 70ta gol urgan bo‘lardi», degandi.
- Menda vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan. 70ta urmagan bo‘lardim. Lekin jamoa futbolchilarga va muxlislarga yoqadigan o‘yin namoyish qilgan. Vladikavkazning «Spartak» klubini ikki marta mag‘lub etgan yagona jamoa bo‘lganmiz. Keyinchalik bu jamoa Rossiya chempionligini ham qo‘lga kiritdi. Bizga ularning qanday yo‘l bilan o‘ynashganini aytishgandi. Shunchaki, biz bunga rozi bo‘lmaganmiz.
- 35 yoshli Xoren Oganesyan sizning asosiy yordamchingiz bo‘lgan. Aytishlaricha, chempionat boshlanishidan oldin u 11-12 kg. vazn tashlagan ekan.
- Xuddi bolalikdan birga o‘ynagandek taassurot uyg‘otganmiz. Haqiqiy professional. Xoren Yerevandagilar uni erta safdan chiqarishganini isbotlamoqchi bo‘lgan. Albatta, buning uddasidan chiqqan. Uning to‘p uzatishlari ertaknamo edi. Siz tomon bir qarab qo‘yadi-da, to‘pni oyog‘ingizga qo‘ndiradi. Bizni 2-3 kunga bazaga qamab qo‘yishardi. Nima qilardik? Qarta o‘ynardik. O‘sha jarayonda futbol haqida gaplashardik. Hozirgi futbolchilar bir-biri bilan gaplashmaydi. Biz hattoki turli kombinasiyalarni muhokama qilardik. Gol urish oson edi. Maydon markazida Qosimov va Pyatniskiy kabi ajoyib futbolchilar bor edi.
- «Paxtakor»da Vitaliy Denisovning otasi Gennadiy Denisov bilan birga o‘ynagansiz. Vitaliy ham «Dnepr»da o‘ziga hos iz qoldirgan. Katta Denisov o‘g‘lini mashg‘ulotlarga olib borarmidi?
- Vitalikni 3 yoshidan buyon bilaman. Sho‘x bola edi. Hamisha yiqilib tushgan, urilib ketgan, nimanidir sindirgan... Bir safar yarim kun yo‘qolib qolgan. Keyin bilsak, tramvayda sayr qilgani chiqib ketgan ekan. Hamma qidirgan. Kechki payt esa o‘zi qaytib kelgan. Bu yigit ko‘z oldimda ulg‘aygan.
- 90-yillar boshida Isroilga yo‘l olgansiz. Sizni taklif qilgan murabbiy esa jamoani tark etgan. Uyga qaytish istagi bo‘lmaganmi?
- Chempionat boshlanishiga bir hafta qolganida shunday bo‘lgan. «Xapoel»da birdaniga ishim yurishib ketmagan. Ayniqsa, yangi murabbiy menga «Sen futbolchi emassan», deganidan so‘ng. U meni burchakka yugurishga majbur qilardi. Men esa «U yerda xavfli emasman. Mening joyim jarima maydonida», deb tushuntirardim. U ketgunga qadar atigi uchta gol urganman. Shundan keyingini o‘zimni yaxshi his qila boshlaganman. Yangi murabbiyimiz Moshe Sinay «Bungacha bo‘lgan barchasini unut», deb ko‘nglimni ko‘targan.
- Tel-Avivdagi jamoadoshingiz Hasanbi Bidjiyevning aytishicha, «Xapoel»dagilar hamisha aybdorlarni qidirishgan ekan. Garchi mashg‘ulotlarga erta borgan bo‘lsalaring ham, baribir, kech qolganlik uchun jarima to‘lagan ekansizlar.
- Ha, ming dollardan. Biz mashg‘ulotdan 20 daqiqa oldin borardik, hammadan kech bormasdik. Shunga qaramay jarima to‘lardik. Ular hamisha aybdorlarni qidirishardi va kimnidir jazolashardi. Mo‘ljalda doim biz bo‘lganmiz.
- Isroildan tashqari «Lokeren» va «Sent-Etyen» variantlari ham bo‘lgan. Nimaga ushbu transferlar yuz bermagan?
- Belgiyada uchta nazorat uchrashuvida uchta gol urganman. O‘zimni hech qachon texnik futbolchi deb hisoblamaganman. Ammo murabbiy meni ajablantirib: «Sen jamoamiz uchun o‘ta texnik futbolchisan. Menga beton devorni buzib o‘tadigan taran futbolchi kerak», degan. Rosa hayron bo‘lganman. Shuningdek, Avram Grant boshqarayotgan Tel-Avivning «Makkabi»siga ham o‘tishim mumkin edi. Biroq ushbu jamoada legionerlar limiti to‘lib qolgandi.
- Ivrit tilini o‘zlashtirganmisiz?
- Avvaliga «o‘ngga», «chapga», «oldinga», «orqaga» kabi so‘zlarni yodlaganman. Lekin ingliz tilida gaplashardim. Ivritni o‘rganishga harakat ham qilmaganman. Boz ustiga, do‘konlarda kimdir baribir rus tilida murojaat etardi. Aholining aksariyat qismi Isroilda 30 yildan buyon yashayotgan bo‘lsada rus tilida gaplashardi. Lekin yangi jamoaga kelganimda murabbiy yig‘ilish qilib, «Faqat ivritda gaplashamiz. Hech qanday ingliz tili yo‘q», degan.
- Malayziyada sobiq ittifoqdan borgan futbolchilar juda kam bo‘lgan. Siz dastlabkilardansiz. Bu umuman boshqa futbol olamimi?
- Ha, farq juda katta. Birinchi o‘rinda sharoitlar. Jumladan, iqlim ham. Nam bo‘lgani uchun o‘yinlar soat 21:00da boshlanardi. Agar 17:00da o‘ynasak, jazirama Toshkentdagidan ham battar bo‘lardi. Ba’zida haftasiga ikkitadan o‘yin o‘tkzardik. Bu juda qiyin. Ko‘p narsa murabbiyga bog‘liq. Men masalan, mahalliy mutaxassis qo‘l ostida o‘ynaganman.
- Sizni «Paxang»ga bejizga chaqirmagan bo‘lishsa kerak?
- 1994 yili O‘zbekiston termasi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng meni Malayziya shahzodasining shaxsan o‘zi chaqirgan. Uning otasi o‘shanda mamlakat futbol federasiyasini boshqarardi. Malayziyalik shahzoda haqida gapradigan bo‘lsam, u Shahzoda Charlz bilan polo o‘ynardi. Ko‘rinib turibdiki, obro‘li inson bo‘lgan. Meni Malayziyada hayron qoldirgan narsa, maoshlarning o‘z vaqtida to‘lanishi bo‘lgan. Isroildan keyin, qachon kechiktirisharkin deb kutardim. Ammo bunday bo‘lmagan.
- O‘zbekiston terma jamoasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgansiz. Jumladan, 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgansiz. Shuningdek, biografiyangizda 1998 yilgi Osiyo o‘yinlaridagi ajoyib uchrashuv bor. Termangiz Mo‘g‘ulistonni 15:0 hisobida mag‘lub etgan. Bu qanday bo‘lgan?
- Quvaytni to‘plar nisbati bo‘yicha ortda qoldirish uchun 11tadan ko‘p gol urishimiz kerak edi. Chunki quvaytliklar bilan birinchi turda 3:3 hisobida durang o‘ynagandik. Mo‘g‘ullarga 15ta gol urganimizdan keyin murabbiy o‘rindig‘idan «Mo‘g‘ul do‘stlarimizni kamsitmanglar», deb baqirishgan. Aslida esa bundanda ko‘proq gol urishimiz mumkin edi.
- Xorijda ko‘p yillar o‘ynagansiz va hamisha legioner maqomida bo‘lgansiz. Isroilda deyarli 10 yil faoliyat yuritgan ukrainalik Valeriy Korolyanchukning aytishicha, mashg‘ulotlar paytida jamoadoshlari bilan mushtlashib turarkan. Sizda ham shunday vaziyatlar bo‘lganmi?
- Bu Isroil uchun odatiy hol. Menda Malayziyada ham shunday vaziyat yuz bergan. Jamoada bir-birimiz bilan unchalik yaqin emasdik. Natijada mojaro kelib chiqqan. Mahalliy futbolchilardan birining tomog‘idan bo‘g‘ib, «Seni o‘ldiraman», degandim. U esa bunday qila olmasligim va yot mamlakatda ekanligimni aytgan. Men esa menga baribir ekanligini ta’kidlaganman. Aynan shu vaziyat jamoaga ijobiy ta’sir o‘tkazgan. Keyinchalik muammolar yuzaga kelmagan va kuchimni futbol maydonida ko‘rsatishga harakat qilganman.
- Shuningdek, Hindistonda ham faoliyat olib borgansiz.
- Buni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman. Bir yigit nimaga begona yurtga ketayotganim bilan qiziqqan. Men esa chaqiruvlardan cho‘chimasligimni aytganman. Bir kuni Kalkuttadagi kafelarning birida nonushta qilayotgandim. Mahalliy aholi esa ko‘chaning narigi tomonida yuvinaverardi. Borishim bilan qandaydir vaksinalar qilishgan. Shunga bo‘lsa kerak, kasallik yuqtirishdan cho‘chimaganman.
- Faoliyatingizni 38 yoshingizda yakunlagansiz. O‘shanda ham gol urishni kanda qilmagansiz. Qachon to‘xtatishni o‘ylagansiz?
- Bir necha bor qaytganman va gol urishda davom etaverganman. Hozirgi futbolchilar 40ta o‘yinda 20ta gol ursa xursand bo‘ladi.