Umumta’lim maktablarida o‘quv yili yakunlanayotgan shu kunlarda ota-onalar yozgi ta’tilda farzandlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasida reja tuzayotgani tabiiy.
Bu boradagi barcha rejalarning amalga oshishi esa Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining samarali ijrosi bilan bog‘liq.
Nima uchun, deysizmi? Negaki, shu qarorda respublikamizning barcha tumanlarida jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad aholi, ayniqsa, navqiron avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi orqali bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishdir.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida ham yoshlarning yozgi ta’til vaqtini maqsadli o‘tkazishi uchun samarali ishlar qilingan.
Hududda bolalar va o‘smirlar sport, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari, oliy mahorat sport maktablari, 39 sport zal, 4 basseyn, 58 sport maydonchasi va boshqa turdagi 25 sport inshooti bolalar va yoshlar foydalanishi uchun shay holatda. Shuningdek, tumandagi ta’lim muassasalarida 53 sport seksiyasi faoliyat yuritadi. Ularda 145 sport murabbiyi shogirdlari bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Ayollar sport festivali”, ”Ochiq eshiklar kuni”, ”Sport festivali”, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, bugungi kunga qadar o‘tkazilgan sport musobaqalari va tadbirlarda jami 10 mingga yaqin bolalar qamrab olindi. Natijada sportsevar yoshlar safi ko‘paymoqda. Ana shu e’tibor samarasida mirobodlik yoshlar o‘tgan yili Toshkent shahar spartakiadasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Tumanda bunyod etilayotgan yopiq suzish havzasi va sun’iy qoplamali futbol maydoni joriy yilda foydalanishga topshiriladi.
– Tumanimizdagi ayrim sport maktablari, umumta’lim maktablarida sport inventarlar va jihozlari yetishmaydi, – deydi Mirobod tumani jismoniy tarbiya va sport bo‘lim rahbari Bahodir Baxromov. – Bu boradagi ishlar haligacha kechikmoqda. Shuningdek, jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining malaka oshirishini ham tashkiletish joiz.
Bugungi kunda Mirobod tumani 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan suzish, voleybol, tennis, taekvondo (WTF), taekvondo (ITF), dzyudo, armrestling, turon, boks, badiiy gimnastika, futbol kabi to‘garaklariga mingdan ziyod bolalar jalb etilgan.
– Sport maktabimizda yozgi ta’til kunlariga kelib shug‘ullanuvchilar soni keskin ortadi, – deydi sport maktabi direktori Mehri Qurbonova. – Shunday bo‘lsa ham maktabimizda ular uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Biroq ayrim oilalar turmush tashvishlari bilan bo‘lib, farzandlarining bo‘sh vaqti qanday o‘tayotganiga e’tibor bermaydi.SHu tufayli bola ayni bilim olib, jismonan chiniqadigan davrda ko‘p imkoniyatini yo‘qotadi. Bu uning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bugun maktabning futbol maydoni, sport zali, ochiq havodagi jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan maxsus hudud, tibbiyot, yuvinish va kiyinish xonalari yoshlar ixtiyorida. Bu yerga yangi kelgan bola dastlab to‘g‘ri yugurish, chigalyozdi mashqlar va sport jihozlari bilan ishlashni o‘rganadi. So‘ngra o‘zi xohlagan sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlarni davom ettiradi