Kirish Ro'yxatdan o'tish
12/05 00:00 Atletik Bilbao 2-2 Osasuna
12/05 15:30 Lasio 2-0 Empoli
12/05 17:00 Kadis 1-0 Xetafe
12/05 18:00 Jenoa 2-1 Sassuolo
12/05 18:00 Verona 1-2 Torino
12/05 19:00 Neftchi 2-2 Andijon
12/05 19:00 So‘g‘diyona 1-2 Navbahor
12/05 19:15 Atletiko 1-0 Selta
12/05 20:30 Man. Yunayted 0-1 Arsenal
12/05 21:00 Yuventus 1-1 Salernitana
12/05 21:30 Valensiya 0-0 Rayo Valyekano
12/05 23:45 Atalanta 2-1 Roma
13/05 00:00 Strasbur 2-1 Mets
13/05 00:00 Klermon 0-1 Lion
13/05 00:00 Nant 1-2 Lill
13/05 00:00 Monpelye 0-2 Monako
13/05 00:00 PSJ 1-3 Tuluza
13/05 00:00 Renn 1-1 Lans
13/05 00:00 Marsel 3-1 Loryan
13/05 00:00 Betis 3-2 Almeriya
13/05 21:30 Lechche - Udineze
13/05 23:45 Fiorentina - Monsa
14/05 00:00 Aston Villa - Liverpul
14/05 00:00 Barselona - Real Sosyedad
14/05 22:30 Osasuna - Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem - Manchester Siti

Leo ma’qullaydi yoki milliy ligalarning eng yaxshi to‘purarlari

Leo ma’qullaydi yoki milliy ligalarning eng yaxshi to‘purarlari

Baho:
+ | -

Yaqinda MLS yangi natija guvohiga aylandi - turnir tarixidagi bosh to‘purar o‘zgardi. Xullas, 36 yoshli Kris Vondolovski goleadorlar ro‘yxatida afsonaviy Lendon Donovandan o‘zib ketdi. Soccer.ru sayti ijodkorlari esa amerikalik hujumchining tarixiy natijasi bahona milliy chempionatlar arxivini titkalashga tushishdi. Ular shu asnoda ba’zi ligalarning bosh goleadorini yana bir bora e’tirof ham etishdi.

Shimoliy Amerika - MLS

Kris VONDOLOVSKI (AQSH) - 148ta gol

Amerikalik hujumchi «Chikago Fayr» klubiga qarshi kechgan uchrashuvda «poker»ga erishib, MLS tarixidagi eng sermahsul o‘yinchiga aylandi. Vondolovski deyarli butun faoliyati davomida «San-Xose Ertveyks» sharafini himoya qilgan va 144ta golini aynan Kaliforniya jamoasi libosida urgan. U shuningdek, «Dinamo» (Xyuston)da ham faoliyat yuritgan, ammo o‘yin amaliyoti va mahsuldorlik bobida muammoga uchrab, atigi 4ta gol bilan cheklangan. Mana, Kris MLSning 36 yillik tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib kelgan hamyurti Lendon Donovandan o‘zib ketdi. Endi amerikalik hujumchilarni 3ta gol ajratib turibdi.

 

Meksika - Liga MX

KABINYO (Braziliya) - 312ta gol

AQSHga qo‘shni Meksika chempionatiga nazar solsak, mahalliy ligada braziliyalik futbolchi oldinda ekanligini ko‘ramiz - Evanildo Kastro yoxud Kabinyo. Oddiy aytganda, Kabo. U o‘tgan asrning 70-80-yillari Meksika elit ligasida «UNAM Pumas», «Atlanta» va «Leon» klublari sharafini himoya qilgan. Kabinyo atigi bir marta mamlakat chempioni bo‘lgan, lekin to‘purarlar poygasida naq 8 bora g‘olib chiqqan. Xullas, braziliyalik hujumchi asteklar yurtidagi faoliyati davomida liganing o‘zida 312ta golga mualliflik qilgan. Liga MX tarixidagi ikkinchi yaxshi to‘purar - meksikalik Karlos Ermosilyo hisobidagi gollar soni esa 18ta kam.

 

Braziliya - «A» seriya

Roberto DINAMIT (Braziliya) - 190ta gol

Braziliyalik eng yaxshi futbolchilar azaldan kuchga to‘lgan payt Yevropa tomon talpinishgan. Endilikda hattoki, kuchga to‘lishlarini kutmasdan «ko‘hna qit’a» futboliga yuz burishmoqda. Shuning uchun ham Braziliya «A» seriyasining eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida Ronaldo, Rivaldo va hattoki, Pele ham yo‘q. Futbol qiroli Paulista shtati chempionatida deyarli 500tacha gol urgan, «A» seriya bahslarida esa raqiblar darvozasini atigi 100 marta nishonga olgan. Bosh goleador - Roberto Dinamitga kelsak, u deyarli butun faoliyatini Braziliyaning o‘zida o‘tkazib, «Vasku da Gama» klubi timsoliga aylangan. To‘g‘ri, bu futbolchi vaqtida «Barselona» safiga qo‘shilib, 11ta o‘yinda 3ta gol urgan, ammo Kataloniyada o‘zini erkin his qilolmay, tezda ortiga qaytgan.

Argentina - Apertura

Arsenio ERIKO (Paragvay) - 295ta gol

Ajablanarli, lekin aniq fakt: Argentina milliy chempionati tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi boshqa yurtdan. Qoyilmisiz, eh, qani Batigol va Leogollar? Qisqasi, Paragvay fuqarosi Arsenio Argentina ligasida deyarli 300ta goldan xirmon yasagan. Uzoq 1933-1946 yillar oralig‘ida «Independyente» libosida harakatlangan hujumchi «qizil iblislar» safida haqiqiy afsona darajasiga chiqib, «qizil kema» laqabini ham olgan. 

 

Ispaniya - La-liga

Lionel MESSI (Argentina) - 417ta gol

Argentina milliy chempionatida o‘zga yurt vakili hamon bosh goleador bo‘lib turgan bo‘lsa, argentinalik yulduz Ispaniyani butunlay mahv etdi. «Kumush mamlakat» vakili La-ligadagi faoliyati davomida 417ta gol urishga ulgurdi, bu deyarli yarim asr davomida rekordchi bo‘lib turgan mahalliy snayper - Telmo Sarra ko‘rsatkichi- (251ta gol)dan ancha ko‘pdir. Ha, hozirdan Messini abadiy rekordchi sifatida e’tirof etsak ham bo‘lar. Hech qanday qo‘shtirnoqsiz. Boz ustiga, bu uning uchun oxirgi marra emas.  

 

Angliya - APL

Jimmi GRIVZ (Angliya) - 357ta gol

Agar Krishtianu Ronaldu «MYU»da xuddi Messi «Barselona»da uzoq vaqt o‘ynayotgani kabi ushlanib qolganida, ehtimolki, qariya Grivzdan rekordni tortib olarmidi? Har holda, portugaliyalik shovvoz Angliya futbolida goleadorlarga bog‘liq barcha eng yaxshi ko‘rsatkichlarni birin-ketin yangilash imkoniyatiga ega bo‘lardi. Biroq futbol tarixi «agar» iborasini tan olmaydi. Shunday ekan, 1966 yilgi jahon chempioni hamon oldinda. U Angliya yuqori ligasidagi gollarini «Chelsi», «Tottenxem» va «Vest Xem» klublari safida nishonlagan.

 

Italiya - «A» seriya

Silvio PIOLA (Italiya) - 274ta gol

Italiyada hujumchilar vaqti-vaqti bilan gol urish masalasida katta qiyinchilikka duch kelishadi. Zero, himoyaviy o‘yin an’analari va orqa chiziqda harakatni tartibga solish usullari ko‘pincha aynan Apennin yarim orolida kashf etiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Piolaning to‘purarlik rekordi 70 yildan buyon yangilanayotgani yo‘q. Silviodan o‘zib ketishga jiddiy bel bog‘lagan oxirgi futbolchi - bu Franchesko Totti. Biroq «Roma» faxri 250ta gol marrasida to‘xtashdan o‘zga chora topolmadi («A» seriya tarixidagi 2-yaxshi ko‘rsatkich).

Germaniya - Bundesliga

Gerd MYULLER (Germaniya) - 365ta gol

Myuller - Germaniya futbolining barcha davrlardagi bosh snayperi. Raqiblar darvozasi oldida mutlaqo vahshiyga aylanish hadisini yaxshi o‘zlashtirgan Gerd «Bavariya»ning ichki chempionat doirasidagi 427ta o‘yinida qatnashib, 365ta gol urgan. «Bavariya» asosan aynan shu hujumchining yuqori mahsuldorligi hisobiga bir necha yil davomida chinakamiga «gegemon»lik qilgan, Myunxenga esa Yevropa futbol markazi sifatida qaralgan. Afsonaviy Frans Bekkenbauer jamoadoshining gol urish qobiliyatini yuksak baholab, uning klub tarixidagi rolini alohida e’tirof etgandi: «Agar Gerd shu qadar ko‘p gol urmaganida, ehtimolki, biz haligacha Zebenershtrassdagi kichik yog‘och uyda ishlarmidik...».

 

Fransiya - Liga 1

Delio ONNIS (Argentina) - 299ta gol

Bosh to‘purari argentinalik bo‘lgan Yevropaning kuchli 5ta milliy chempionati qatoriga kiruvchi yana bir liga. Ha, Onnis Ispaniya chempionatida 400tadan ortiq gol urgan yigit kabi o‘ta mashhur emas, lekin u fransiyalik muxlislar, xususan, «Monako» tarafdorlari uchun nihoyatda qadrli. Argentinalik hujumchi Fransiya ligasida o‘tgan asrning 70-yillari va 80-yillari birinchi yarmida to‘p surib, 5 marta bosh to‘purarga atalgan sovrin egasiga aylangan. Umuman, Delio 299ta golini «Monako», shuningdek, «Reyms», «Tur» va «Tulon» safidagi 449ta o‘yinda to‘plagan.


Sobiq ittifoq - oliy liga

Oleg BLOXIN (sobiq ittifoq|Ukraina) - 211ta gol

Tushunarliki, Oleg Bloxin sobiq ittifoq chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomini abadiy qo‘ldan chiqarmaydi. Alohida ta’kidlash o‘rinli, sobiq ittifoq birinchiligi juda kuchli bo‘lgan va Ukraina futboli faxri Oleg Vladimirovich Kiyev «Dinamo»sida ko‘rsatgan natijasi bilan chindan ham, hurmatga sazovor.

 

Rossiya - Premyer-liga 

Oleg VERETENNIKOV (Rossiya) - 143ta gol

Statistik raqamlardan ma’lumki, Rossiya chempionatida gol urish hattoki, Italiya «A» seriyasida raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishdan ham qiyinroq. Oleg Veretennikov o‘rnatgan rekord ko‘rsatkich 20 yildan buyon ushlanib turgani ham shundan dalolat bermoqda. Ha, Aleksandr Kerjakovda «Rotor» va «Sokol» klublari sobiq hujumchisidan o‘zib ketish uchun yaxshigina imkoniyat tug‘ilgandi, biroq Neva sohillaridan chiqqan goleadorga oxirgi shiddat yetishmadi. Ya’ni u 139ta gol marrasida to‘xtadi. Qarang, Veretennikov bilan tenglashishiga atigi 4ta aniq zarba yetishmadi. Endi Artyom Dzyuba cho‘qqiga intilmoqda. Hozir «Zenit» vakili hisobida 101ta gol bor va u Veretennikov natijasini takrorlash uchun yana 42ta hujumni muvaffaqiyatli yakunlashi kerak.

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 14:33, 30.05.2019.
O'qildi: 3944 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.