Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/11 18:00 Paxtakor 0-2 OKMK
22/11 16:00 Neftchi - Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum - Navbahor
23/11 01:00 Xetafe - Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik - Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol

Cho‘kib borayotgan o‘zbek futboli!

Cho‘kib borayotgan o‘zbek futboli!

Baho:
+3 | -

Eng achinarlisi shundaki, biz juda sekin cho‘kib boryapmiz.

Shunchalar sekin-ki, buni xatto o‘zimiz ham sezmayapmiz.
                                                                                      

O. Genri
 

Maqolaning sarlavhasi biroz g‘alati tuyulsada, ramziy ma’noda olib qaralganda  ayni haqiqat! Sababi, futbolimizning ertasini qo‘lga ola biladigan  birorta ko‘zi yonib turgan yosh futbolchimiz yo‘q! Keling, gapni cho‘zmasdan maqsadga ko‘chaylik: bugun bolalar futboli to‘g‘risida ochiqchasiga suhbat quramiz…

Shu kunlarda bo‘lgan voqea!

Futbol qiziq narsada! Unga bo‘lgan mehr hammaga ham yuqavermaydi. Ammo men bir yigitchani bilaman! Futbol desa «o‘zini tomdan tashlaydigan» lardan. Jiyanim. To‘g‘risi, o‘zim ham bir necha yil Toshkent klublarida to‘p surgan bo‘lsamda, futbolchi bo‘la olmadim.  Balki shu sababli, balki yaqin qarindoshim bo‘lgani uchunmi, jiyanimni  juda yaxshi ko‘raman. Maqtanishga yo‘ymangu, uning maydondagi chaqqon harakatlari va sovuqqonligi meni hayratda qoldiradi. Ochig‘i uning to‘p bilan muomalada bo‘lishini ko‘rsam, zavqlanib ketaman… Jiyanim Ayub qariyb 5 yildan beri poytaxtimizning nufuzli klublaridan birining akademiyasida to‘p surar edi. Bir kam dunyo deganlaridek, bechoraning na akasi, na dadasi futbolga sira qiziqmaydi. Uning  suhbatdoshi ko‘pincha men bo‘laman. Terma jamoaning o‘yinlariga o‘zim bilan olib boraman. Uning stadionga ko‘zlari yongancha tikilishini ko‘rganingizda edi…
Shu yilning boshida Ayub allaqaysi klub bilan o‘ynaymiz, iltimos, tomosha qilgani keling, uydagilarni vaqti yo‘q ekan deb qoldi. Ra’yini qaytargim kelmadi. Ikkalamiz avtobusda yo‘lga tushdik. Ayubning «boshi osmonda», nuqul kulib gapiradi…
 …Yosh bolalarga mo‘ljallangan sun’iy chimli maydonga kirib keldik. Hech kim yo‘q. Savol nazari bilan qarasam, «atayin erta keldik, men obdon qizishib olmoqchiman»,-  deya kattalardek salmoqlanib gapirgan edi, kulib yubordim.
 Sekin-asta qolgan bolalar ham kela boshladi. Deyarli barcha bolalarni ota-onalari o‘z mashinalarida olib keldi(aksariyatiniki xorijiy rusumdagi mashinalar). Ular bilan kelganlar bolalarni olib kelgan bo‘lishdi-yu, darrov telefonlarini qo‘llariga olib ijtimoiy tarmoqlarga sho‘ng‘ib ketishdi. Men qiziquvchanlik bilan ularni kuzatib o‘tiribman. Eng qizig‘i o‘zi o‘zbek bo‘lsada, nuqul bolalariga ruscha gapirishadi. Bir bolaning erkaligi hammasidan o‘tib tushdi. U onasidan telefonini berishini talab qildi. Uchrashuv boshlanishiga 20 daqiqa qolgan bir paytda boyagi bolakay onasining telfonida katta ishtiyoq bilan o‘yin o‘ynash bilan mashg‘ul edi. Jiyanim esa chigal yozdi mashqlari bilan band. Telefon o‘ynayotgan bolaga ko‘zi tushgan bolalarning ba’zilari uni yoniga kelib o‘tirib ham olishdi. Qiziqishim ortib ularni kuzata boshladim. Nahotki, shu bolalar ertaga futbolimiz  kelajagi bo‘lsa?! «Yo‘g‘-e»,- degancha soatimga qaradim. Bu orada raqib jamoa futbolchilari katta qorin qo‘ygan bir amaki bilan kirib keldi. Ulardan so‘ng Ayubning ustozi ham paydo bo‘ldi. 30 yoshlardagi qotmadan kelgan yigitning ko‘zlari juda qattiq edi… yoki menga shunday tuyuldimikan?!
Uchrashuv boshlandi. Ayub zahirada qoldirildi. To‘g‘risi, bu bolalarning to‘p tepishi futbolga sira o‘xshamas, nuqul to‘p atrofida bir nechta bola o‘ralashib qolardi. Boshida u qadar e’tibor qaratmadim. Biroz avval onasining katta telefonini o‘rtoqlarining oldida faxr bilan o‘ynab o‘tirgan bola nuqul to‘pni oldirardi. O‘ziyam do‘mboqqina bola ekan, hech kimga yeta olmay hansirab ham qoldi. Jiyanim esa, tik oyoqda, ko‘zlari maydonda, eskirib, uniqib ketgan butsasini nuqul chimga ishqalab, maydonga otilib tushib ketay deb turibdi. Shu tobda u futbol olamiga sho‘ng‘ib ketgan, hech narsani o‘ylamas, hozir uning uchun butun bir dunyo «borsa kelmaslarga» ketgandek edi, go‘yo…

…O‘yin birinchi bo‘limning o‘rtalariga kelib, jamoalar bir nechta o‘yinchini o‘zgartirishga ham ulgurdi. Kutaman, kutaman, negadir Ayub maydonga tushmayapti. Taym yakunlandi va ikkinchi bo‘limga butunlay boshqa tarkib tushirildi, biroq yana jiyanim tarkibdan chetda qolib ketdi. Uchrashuvda 0 : 2 hisobida ortda boryapmiz. Avvaliga biror nima deyishga hijolat bo‘lib turgan edim, chidab tura olmadim. Murabbiyning oldiga  borib nega jiyanim maydonga tushmayotgani bilan qiziqdim. U sovuqqina «hozir tushadi»,- deya gapni qisqa qildi. Bu paytga kelib o‘yinning 4 dan 3 qismi o‘tib bo‘lgan edi… Ayub maydonga tushishini eshitib sakrab yuborayozdi. Uni ko‘rib g‘alati bo‘lib ketdim. U do‘mboqqina bolaning o‘rniga maydonga tushdi. Tushdi-yu, o‘yin tubdan o‘zgarib ketdi. U nuqul jamoadoshlariga qo‘li bilan ishora qilib uzoqroq o‘ynashni buyurar, to‘pni egallab olishi bilan  himoyadan hujumga o‘qdek uchib ketardi. Uning harakatlari bejiz ketmadi. Maydon markazida to‘pni olib qo‘ydi, bir o‘zi 3 ta bolani shunday osonlik bilan aldab o‘tib kuchli zarba bilan to‘pni darvozaga mixlab qo‘ydida, to‘pni to‘rdan olib maydon markaziga yugurib ketdi. To‘g‘risi, golni ko‘rib baqirib yubordim.

Yashirmayman, Odil Ahmedov Qatar darvozasini uzoq masofadan turib  kuchli zarba bilan ishg‘ol qilganida ham bunchalar xursand bo‘lmagan edim! Jiyanim tufayli g‘urur hisini tuyib atrofimdagi ota-onalarga qaragan edim, ishonasizmi, birortasining futbol bilan ishi yo‘q. Kimdir telefonda gaplashib o‘tiribdi, qolganlari esa allaqachon mashinasiga chiqib ketgan edi. Ayub  o‘yin so‘ngigacha yana gol urushga urindiyu, boshqa gol ura olmadi. Vaqt kamlik qildi shekilli..!


Uchrashuv tugashi bilan murabbiyning oldiga otildim. U bo‘lsa, har bir bolani ko‘rib olishi kerakligini va yana alla nimalarni aytib o‘zini oqladi. To‘g‘risi, u bilan ortiqcha gaplashgim kelmadi, balki u haqdir deb o‘yladim. Ayubni qidirdim. Qolgan bolalar kiyinishga tushib ketgan bo‘lsa, u maydonda bir o‘zi to‘p tepib yurardi. «O‘yinga bo‘lgan chanqog‘I qonmagan shekilli»,- deb uni kutib turdim. O‘yindan so‘ng birga uyga qaytdik. U urgan goli haqida to‘lqinlanib gapirar, osmonlarda uchib ketayotgandek edi…
Men «Ustozing keyingi safar seni  asosiy tarkibda tushirar ekan»,- desam, u kulib qo‘l siltadida,  «doim shunday deydilar, biroq tushirmaydilar. Bugun siz bo‘lganingiz uchun tushurdi-yov, o‘tgan safar bir daqiqa ham o‘ynamagan edim»,-  dedi. Men qiziqib nega desam, u siniq ohangda «Biz har uchrashuv oldidan ustozimizga 50 ming so‘mdan yig‘ib beramiz. Kim bermasa, deyarli maydonga tushmaydi. Bu pullarni bizning xarajatlarimiz uchun ishlatishlarini aytadilar.  Aka, hech kim kimga aytmang, men dadam marshrutka uchun yo‘lkiraga beradigan pullarni avtobusda yurib yig‘ib boryapman. Yana 20 ming yig‘sam (poytaxtning yana bir klub nomini aytdi) falonchi klub bilan uchrashuvda maydonga tushaman», dedi. To‘g‘risi, qotib qoldim. Jahl ustida ortga qaytmoqchi edim, Ayubni o‘ylab o‘zimni bosdim. Kayfiyatim birdaniga tushib ketdi. Yo‘q-yo‘q, jiyanim asosiy tarkibga pul sababli tusha olmagani uchun emas, o‘zbek futbolining poydevori shu qadar nimjonligi uchun! Jiyanim tezroq 50 ming jamg‘arishi maqsadida yana avtobusda ketdik…
O‘sha ishdan ko‘p o‘tmay uning futbolni tashlaganini eshitdim. O‘sha kuniyoq amakim bilan shu mavzuda gaplashdim. Ular «shug‘ullanayotgani uchun to‘laydigan oylik puli biroz ko‘tarildi, boz ustiga yo‘l haqi ham oshib ketdi»,- deya yelkalarini qisdilar. Ishonasizmi, ichimda nimadir uzulib ketgandek bo‘ldi…

Og‘riqli muammo

Xo‘sh, mening amakim qo‘li kaltaligi va ortiqcha xarajat sababli futbol desa o‘zini «tomdan tashlaydigan» bolasini  futboldan ajratib olmoqda. Jiyanimdan ming chandaon iqtidorli futbolchilarning ham taqdiri shunday bo‘lmaydi deb kim ayta oladi? Rivojlanayapmiz deya bong urayotgan futbolimiz amaldorlari orasida aynan shu savolga javob bera oladigan inson bormi? O‘zbekiston dunyo davlatlari orasida futbolni rivojlantirish uchun davlat byudjetidan kattagina pul ajratadigan kam sonli davlatlardan biri bo‘lsada, nega hali – hamon ijtimoiy muammolar bizni devorga siqib bormoqda? Mayli, mening jiyanimdan 2- Qosimov chiqmas, biroq qariyb 35 million aholisi bor yurtda Qosimov yoki Ahmedov darajasidagi iqtirdorli futbolchilar yo‘q deydigan mard bormi? Nega ulkan davlatimiz bo‘ylab seleksiya ishlari olib borilmayapti? Iqtidorli futbolchilarimiz kashf etilgan taqdirda ham nega professional darajaga chiqa olmay «sinib» ketmoqda? Bolalar futboli tobora pastga qarab ketmoqda. Yaqinda Tojikistonga  0 : 4 hisobida mag‘lubiyatga uchradik. Yoshlarimiz JCHlarda anchadan beri ishtirok eta olishmayapti. Bu faktlar bizning sekinlik bilan cho‘kib borayotganimizning isbotlab bermoqda. To‘g‘risi, men bu maqolani jiyanim uchun yozmadim. Bilaman, viloyatlarda undan ming chandon iqtidorli bolalar  ko‘cha changitib yamoq solingan eski to‘plarni zavqu-shavq bilan tepib yuribdi. Menga aynan shunisi shunisi alam qilmoqda. . .

Bu muammolarni hal qilmasdan turib terma jamoadan natija talab qilmang! Sababi, futbolimizning poydevori sanaladigan bolalar futbolidagi muammolar hal qilinmagunicha biz mustahkam jangovor jamoa tuza olmaymiz.

 Qatar futbolining rivoji tagida nima yotganini ko‘pchilik yaxshi bilsa, ajab emas. Ular avvaliga xorijlik murabbiylarni terma jamoada qo‘lqopdek almashtirib foyda ko‘rmagach, hammasini boshidan boshlashga qaror qilishdi va bolalar futbolini mustahkamlash orqali birin ketin katta g‘alabalarga erisha boshlashdi. Bu ketishda tez orada Viyetnam, BAA va Xitoy ham bizni quvib o‘tadi (balki ular bizdan o‘tib ham ketishgandir, biz esa sezmay qolgandirmiz) va biz Osiyoning kuchli 10 ta terma jamoasi sirasiga ham kirmay qolamiz… Boshida bir nimalar qilamiz: ichki birinchiligimzning nomini va formatini o‘zgartiramiz, klublarga qandaydir shartlar qo‘yamiz, ala nimalarni o‘ylab topamiz  va oxiri 10-o‘ringa ham ko‘nikamiz…

 

Futboli rivojlangan davlatarning 99,9 foizi bolalar futboliga bo‘lgan e’tibori tufayli hozirgi mavqeyiga chiqib olgani hech kimga sir emas. O‘zbek futbolining yangi darajaga olib chiqish uchun birinchi navbatda bolalar futbolining saviyasini ko‘tarish va yangi loyihalarni o‘ylab toppish suv va havodek zarur! Futbolimiz  jonkuyarlari bu mavzu ustida biroz bosh qotirishlari shart! Zero poydevori mustahkam bo‘lmagan imoratning devorlari bugun yoki ertaga albatta darz ketdi…

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 18:44, 03.07.2019.
O'qildi: 9504 marta.
Fikrlar: 20 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.