Superliga 21-turi doirasidagi e’tiborli o‘yinlardan biri Namanganda “Navbahor” va “Dinamo” o‘rtasida kechadi. Uch oydan buyon Namanganda g‘olib bo‘la olmayotgan “Navbahor” yangi murabbiy qo‘l ostiga o‘tgan “Dinamo”ni qabul qiladi.
Superliga. 21-tur
1 oktyabr (seshanba)
“NAVBAHOR” – “DINAMO”
Bosh hakam: Sherzod Qosimov (Toshkent)
Stadion: Namangan, «Markaziy» stadion.
O‘yin boshlanish vaqti: 19:15
TV-translyasiya: «Sport» TV (jonli)
Birinchi davrada murosa
Samarqand va Namangan jamoalari o‘rtasidagi so‘nggi o‘yin 1-davrada ko‘hna shaharda o‘tkazilib, bahs jangovar 2:2 natijasi bilan yakunlangandi. Superliga-2019 ning “eng yaxshi o‘yini” deya e’tirof etilgan o‘sha bahsda Slavko Lukich ajoyib zarba bilan hisobni ochgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Qadamboy Nurmetov hisobni tenglashtirgan. Taym yakunida esa Sardorbek Eminov uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan “Dinamo”ni hisobda oldinga olib chiqqan. Ammo 2-bo‘limda “Navbahor” goleadori Aleksandr Kasyanning goli mehmonlarga durangni keltirgan. Bu bahs foydalanilmagan qator ajoyib vaziyatlar bilan ham ko‘pchilikning yodida qolgandi.
Jamoalar qanday holatda?
«Dinamo» Superliga doirasida hali safarda g‘alaba qozonmagan. Qolaversa, ikkinchi davrada hali ochko olganicha yo‘q. Shu bois, klub murabbiylar shtabida o‘zgarish yuz berdi. Davron Fayziyev o‘rniga Tachmurod Agamurodov ish boshladi. Yangi murabbiy “Dinamo”dagi o‘zining debyut o‘yinini Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘tkazadi.
Yana Andrey Kanchelskis qo‘l ostiga o‘tgan “Navbahor”da ham ishlar a’lo darajada deb bo‘lmaydi. Namangan jamoasi uch oydan buyon Superliga doirasida o‘z uyida g‘alaba qozona olmayapti. Klub Namanganda so‘nggi marta iyun oyida “Buxoro”ni mag‘lub eta olgandi. Shundan keyin ochkolar asosan safarda qo‘lga kiritilgan.
“Dinamo”ning so‘nggi 5 o‘yini:
16-tur. “Dinamo” – “Qo‘qon-1912” – 0:1
17-tur. “Qizilqum” – “Dinamo” – 2:1
18-tur. “Dinamo” – “Buxoro” – 0:3
19-tur. AGMK – “Dinamo” – 3:1
20-tur. “Dinamo” – “Andijon” – 0:1.
“Navbahor”ning so‘nggi 5 o‘yini:
16-tur. “Navbahor” – AGMK – 0:1
17-tur. “Andijon” – “Navbahor” – 0:1
18-tur. “Metallurg” – “Navbahor” – 1:0
19-tur. “Navbahor” – “Paxtakor” – 0:1
20-tur. “So‘g‘diyona” – “Navbahor” – 0:0
O‘zaro o‘yinlar tarixi
Samarqand va Namangan jamoalari 1992 yildan buyon Oliy Liga tarixida 47 marotaba ro‘baro‘ kelishgan. Statistika vodiy jamoasining foydasiga «gapirmoqda»: 25 ta o‘yinda «Navbahor» g‘alabani tantana qilgan, 9 bahs murosa yo‘li bilan intiho topgan, 13 marta esa «Dinamo» g‘olib sifatida maydonni tark etgan.
To‘plar nisbati bo‘yicha ham «tosh» “Navbahor” tomonini bosmoqda: 84:43. O‘tkazilgan 47 o‘yin yakunida «Navbahor» 84 ochkoga ega chiqqan bo‘lsa, «Dinamo» 48 ochkoni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan.
O‘zaro o‘yinlarda namanganliklarning eng yirik g‘alabasi 7:1, «Dinamo»da esa bu ko‘rsatkich – 2:0 ga teng.
Namangandagi o‘zaro so‘nggi uchrashuvlar:
26.08.2017. «Navbahor» - «Dinamo» - 1:0
25.04.2015. «Navbahor» - «Dinamo» - 2:1
07.11.2014. «Navbahor» - «Dinamo» - 2:2
25.08.2013. «Navbahor» - «Dinamo» - 1:1
12.05.2012. «Navbahor» - «Dinamo» - 1:1
18.10.2011. «Navbahor» - «Dinamo» - 1:1.
Tarkibda qanday yo‘qotishlar bor?
“Navbahor” – “Dinamo” o‘yinida Namangan jamoasi safida ikki futbolchi maydonga tusha olmaydi. Bular Ivan Solovyev va Jahongir Mehmonovlardir. Solovyev so‘nggi turda “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda qizil kartochka olgan bo‘lsa, Jahongir Mehmonov 4-marotiba ogohlantirilib, bir o‘yinga diskvalifikasiya qilingan.
“Dinamo” safida diskvalifikasiyaga uchragan futbolchilar bo‘lmasa-da, jarohat tufayli maydonga tusha olmaydiganlar kuzatilishi mumkin.
Eski tanishlar...
Joriy yilda «Navbahor» safida «Dinamo»ning bir qator sobiq futbolchilari to‘p surishmoqda. Shu jumladan «Dinamo»da ham.
Ayni damda “Navbahor” safida to‘p surayotganlardan Aziz Ibragimov 2015 yilda aynan Tachmurod Agamurodov qo‘l ostida “Dinamo”da to‘p surgan bo‘lsa, yana bir yarimhimoyachi Abdujamol Isroilov 2017 yilda aynan “Dinamo” safida Oliy Ligada debyutini o‘tkazgan.
Hozirda “Dinamo” safida to‘p surayotgan Bahodir Nasimov 1-davrada aynan “Navbahor” safida to‘p surgandi. Shuningdek, darvozabon Botirali Ergashev 2018 yilda, himoyachi Akmal Xolmurodov esa 2010-11 yillarda “Navbahor” sharafini himoya qilgan.
«Dinamo» Namangandagi noxush tarixni o‘zgartira oladimi?
Tachmurod Agamurodov “Dinamo” bilan nafaqat so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizlikni, balki uzoq yillik noxush an’anaga ham barham berish imkoniyatiga ega. Gap shundaki, Oliy Liga tarixida “Dinamo” Namanganda “Navbahor”ni mag‘lub eta olmagan. Ko‘ramiz, yangi murabbiy boshqaruvida Samarqand jamoasi uzoq yillik noxush an’anani buza olarmikan...?
Usmon Ibodov, «Dinamo» klubi matbuot xizmati.