Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/10 19:00 Bunyodkor 1-1 So‘g‘diyona
16/10 19:00 Qo‘qon-1912 2-4 Neftchi
16/10 19:00 Surxon 0-0 Xorazm
16/10 23:45 Frozinone 4-2 Sassuolo
17/10 00:00 Deportivo 1-1 Levante
17/10 18:00 Lokomotiv - Nasaf
17/10 19:00 Dinamo - Buxoro
17/10 19:00 Navbahor - Paxtakor

«Real» La Liga prezidentini iste’foga chaqirib, rasmiy bayonot e’lon qildi

«Real» La Liga prezidentini iste’foga chaqirib, rasmiy bayonot e’lon qildi

Baho:
+ | -4

Madridning «Real» klubi rasmiy sayti orqali bayonot e’lon qilib, La Liga prezidenti Xavyer Tebasni lavozimidan ketishga chaqirdi.

Bunga Tebasning Madrid klubi rahbariyati faoliyatini nasistlar rejimi targ‘ibot vaziri Yozef Gebbelsning usullari bilan taqqoslagani va «Real» klub telekanali — Real Madrid Televisión’ni ushbu strategiyaning vositasi deb atagani sabab bo‘ldi.

«Real» klubi o‘z bayonotida bunday qiyoslashni mutlaqo nomaqbul va o‘ta jiddiy holat deb baholadi. Klub fikricha, Ispaniya futbolida ikkita mas’uliyatli lavozimni egallab turgan shaxsning klub, uning rahbariyati va telekanalini obro‘sizlantirish uchun nasistlar rejimi targ‘ibot usullariga murojaat qilishi qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir. Gap nasistlar mafkurasi haqida emasligiga aniqlik kiritilishi ham Tebasning so‘zlari haqoratomuz, ma’naviy jihatdan jirkanch va u egallab turgan lavozimga nomunosib ekanini o‘zgartirmaydi.

Madridliklar Tebasning bayonotlarini uning «Real», klub prezidenti va klubga tegishli ommaviy axborot vositalariga nisbatan muntazam davom etayotgan hujumlarining navbatdagi ko‘rinishi deb hisoblamoqda. Klubga aloqasi bo‘lmagan jurnalistlarning savollari, reportajlari yoki fikrlaridan foydalanib, «Real»ga ayblovlar qo‘yish va uni uchinchi shaxslarning xatti-harakatlari uchun javobgar qilish mumkin emasligi ta’kidlandi.

Bayonotda «Negreyra ishi» bilan bog‘liq vaziyatga ham alohida e’tibor qaratildi. «Real» fikricha, Tebas o‘zining bayonotlari orqali klub va uning telekanali tomonidan ushbu ish yuzasidan amalga oshirilayotgan qonuniy harakatlarni shubha ostiga qo‘yishga urinmoqda.

Klubning ta’kidlashicha, Xavyer Tebas rahbarlik lavozimlarini egallab turgan ikki tashkilot «Negreyra ishi»ning o‘ta jiddiyligiga mos choralarni ko‘rmagani sababli «Real» to‘g‘ridan-to‘g‘ri UYEFAga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Madridliklar «Barselona» bir necha yil davomida hakamlar texnik qo‘mitasi vise-prezidentiga amalga oshirgan to‘lovlar yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazilishini va musobaqalarda halollikni ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilishini talab qilmoqda.

Shuningdek, «Real» Ispaniya futbolida hakamlik tizimi, federasiyaning boshqaruv tuzilmalari, nazorat va intizom organlarini tubdan isloh qilishga chaqirdi. Klub bu jarayon o‘sha davrda mas’uliyatli lavozimlarni egallab turgan shaxslarni almashtirishni ham qamrab olishi kerak, deb hisoblaydi.

«Real» fikricha, La Liga prezidenti va Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi vise-prezidenti bo‘lgan Tebas o‘z lavozimidan foydalanib, jiddiy voqealarni har tomonlama tekshirish va ispan futbolida zarur islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish o‘rniga, klubni obro‘sizlantirishga harakat qilmoqda.

Bayonotda Tebasning bunday xatti-harakatlari uning betaraflik, hurmat va xolislik tamoyillariga amal qilmayotganini ko‘rsatishi aytilgan. Klub nazarida, «Real» va shaffoflik hamda islohotlar tarafdorlariga nisbatan muntazam hujumlar Ispaniya futboliga jiddiy zarar yetkazmoqda.

«Real» klubi Tebasning takroriy bayonotlari va harakatlari hurmat, betaraflik hamda halollik tamoyillariga asoslangan har qanday Yevropa sport tashkilotida nomaqbul deb topilishini ta’kidladi. Klub fikricha, bunday xatti-harakatlar uni egallab turgan lavozimlarida qolish uchun kasbiy jihatdan noloyiq qilib qo‘yadi.

Shu munosabat bilan Madridning «Real» klubi Xavyer Tebasdan La Liga prezidenti va Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi vise-prezidenti lavozimlaridan zudlik bilan iste’foga chiqishni talab qildi.

Klub bayonoti yakunida o‘z huquqlari va obro‘sini himoya qilishda davom etishi, shu bilan birga, «Negreyra ishi»ning barcha tafsilotlariga oydinlik kiritilishi va Ispaniya futbolida zarur islohotlar o‘tkazilishini talab qilishi bildirildi.

Manba: championat.com
Kiritildi: 19:13, 16.10.2026.
O'qildi: 2979 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик