Kecha “Rostov”ning “SSKA”ga qarshi o‘yinini ko‘rdim. Maza qilib ko‘rdim. Sizga yolg‘on, menga chin, hatto “el-klasiko”ni ko‘rganimdayam bunchalik maza qilmaganman. Sababini hozir aytaman.
O‘yin boshlanish arafasida hamma qatori ich-ichimdan “Bugun Eldor Shomurodov kamida dubl qayd etsin”, deb niyat qildim-u, ammo bu niyatim biroz balandparvoz ekanligini bilardim. Chunki raqib kuchli, darvozada esa Igor Akinfeev. Ayni damda nafaqat Rossiya chempionati, balki Rossiya futbolining ham eng kuchli posboni. “Bunga gol urish qiyin-ov”, dedim. “Eldor “SSKA”ga qarshi o‘yinda gol urishga qiynaladi, mayli, hech bo‘lmaganda assistentlik qilib, faol harakat qilsa ham katta gap”, dedim.
Shu kuni futbolga oid bir maqolni o‘zim uchun kashf etdim: “Mo‘’jizalar maydonda yaraladi”. Kecha Eldor biz uchun kichik bir mo‘’jizani ko‘rsatdi. “Rostov” “SSKA”ni 3:1 hisobida mag‘lub etgani kichik bir mo‘’jiza bo‘lsa, Eldorning kimsan Akinfeev darvozasiga parashyut uslubida gol urgani yana bir kichik mo‘’jiza bo‘ldi. “Barakalla, Eldor”, dedim. “Otangga rahmat, onangga rahmat”, dedim. Vaholanki, shu kuni Eldor minglab odamlardan ota-onasiga rahmat olib berdi. Bitta gol, bitta assist. Qolaversa, o‘zbekligiga borib, Akinfeevni ayadi, ikkita yaqqol golni urmadi (urolmadi demayman). Eng quvonarlisi, o‘yindan oldin “Nahotki o‘zbek futbolchisi Akinfeevga gol ursa?” deya orzu qilgandingiz, to‘g‘rimi? Niyatingiz xolis ekan.
BOSH MURABBIY IMZOSI
Eldor nega Rossiyada bunchalik porlayapti, bilasizmi? Avvalo, Allohning irodasi. Ikkinchidan, ota-onasining duolari. Uchinchidan, o‘z ustida tinmay ishlayotgani. Va nihoyat muhim sabablardan biri Karpinning mahorati. Valeriy Karpin Eldor Shomurodovning dastlabki omadsiz o‘yinlariga e’tibor qaratmay, uni to‘g‘ri yo‘naltira oldi. Eldorni maydonda to‘g‘ri joylashtirdi, tarkibga Eldor bilan til topishib o‘ynay oladigan, Eldorni vaqtida to‘p bilan ta’minlay oladigan futbolchilarni kiritdi. Mana samarasi. Vaholanki, O‘zbekiston milliy terma jamoasida Eldorga ana shu omillarning yo‘qligi xalal bermoqda. Terma jamoada Eldorni to‘p bilan ta’minlay oladigan, Eldor bilan bir tempda o‘ynaydigan futbolchi yo‘q, Eldorni kerakli taktika asosida o‘ynata oladigan murabbiy yo‘q edi. Umid qilamizki, Vadim Abramov Eldordan foydalanishda Valeriy Karpindan qolishmaydi.
“ROSTOV”DAN KETMA!
Eldor Shomurodov mavsum oxirigacha “Rostov”da qolishi kerak. Chunki ayni damda jamoada turnir jadvalini yuqori o‘rinlarda yakunlash imkoni bor. Bu esa “Rostov”ga kamida Yevropa Ligasida o‘ynashga imkon beradi. Jamoa YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa-ku yanayam zo‘r bo‘lardi. Xullas, xalqaro turnirlarda ishtirok etish Eldor uchun grand jamoalar e’tiboriga tushish uchun yaxshi imkoniyat. Agar “Rostov” YECHL yoki YELda o‘ynab, guruh bosqichidan chiqib, Eldor esa ana shu o‘yinlarda qatorlashtirib gol kiritsa, hamyurtimiz uchun Yevropaning kuchli chempionatlari eshiklari ochila boshlaydi. To‘g‘ri, bu ayni damda juda katta ishdek tuyular, ammo Yaratgan tog‘ so‘rasang, qir beradi, degan gap bor-ku! Qolaversa, bu niyat amalga oshishi mumkin.
O‘Z USTINGDA ISHLA, ELDOR
Eldordan talab qilinadigan yagona narsa — o‘z ustida tinimsiz ishlashi. Bu o‘zi uchun muhim. O‘zi uchun o‘zi harakat qilishi lozim. “SSKA”ga urilgan gol yoki Yevropa xalqaro musobaqalariga yo‘llanma olish Eldor uchun “to‘xtash bekati” bo‘lmasligi kerak. Eldor “Kelajakda “Real” yoki “Barsa”da o‘ynashim kerak”, deb niyat qilsagina kamida kuchli beshlikning o‘rtamiyona jamoalaridan biriga borib qo‘shiladi. Kamida deyapman! Unda hamma narsa bor, kuchli zarba, tezlik, mahorat. Faqat dribling borasida biroz oqsaydi. Shuning uchun Eldor shu kabi va biz yana aytmagan kamchiliklarini bartaraf etish ustida ishlasa, kelajakda o‘zi va biz orzu qilgan maqsadlarga erishadi. Xudo yor bo‘lsin, Eldor!
Nizomjon ISLOMOV