Coca Cola Superliga 24-turida Bekobodning “Metallurg” jamoasi o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qiladi.
Mazkur jamoalar shu kunga qadar kuchlilar safida o‘zaro 37 bor kuch sinashishgan. Ushbu o‘yinlarning 18 tasida dinamochilarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 11 ta o‘yinda bekobodliklar zafar quchishgan. 8 ta o‘yinda durang natija qayd etilgan. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi – 55:42, samarqandliklar foydasiga.
Toshkent viloyati vakillarining “Dinamo” bilan o‘yinlaridagi eng yirik g‘alabasi 3:0 ni tashkil etadi. Bekobodliklar bir marta o‘z maydonlarida, bir marta esa raqiblari maydonida shunday hisobda zafar quchgan. Safardagi yirik yutuq ushbu jamoalarning 2017 yilgi chempionatdagi to‘qnashuvida qayd etilgan. Samarqandliklar esa “Metallurg”ni bir marta 5:0 hisobida dog‘da qoldirgan. Eng sermahsul uchrashuv ikki bor qayd etilgan bo‘lib, darvozalarga sakkiztadan gol kiritilgan. Tomonlar bir martadan 5:3 hisobida g‘alaba qozonishgan.
Mazkur jamoalarning bu yil birinchi davrada Samarqandda kechgan uchrashuvida omad mezbonlarga kulib boqqandi. Uchrashuvning 19-daqiqasida Ixtiyor Toshpo‘latov hisobni ochgan bo‘lsa, oradan sakkiz daqiqa o‘tib Muzaffar Muzaffarov hisobni tenglashtirgandi. O‘yin durang bilan yakunlanadigandek bo‘lib turgan bir paytda 90+3 daqiqada Mirkomil Loqayev maydon egalariga g‘alaba keltiruvchi to‘p muallifiga aylangandi. “Metallurg” mavsumdagi birinchi, alamli mag‘lubiyatni Samarqandda qabul qilib olgandi.
Bekobodda o‘tkazilgan uchrashuvlar statistikasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 36 uchrashuvning 9 tasida maydon egalarining qo‘li baland kelgan. 6 o‘yinda tomonlar bitimga kelishishgan bo‘lishsa, 3 ta bahs mehmonlarning foydasiga hal bo‘lgan. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar nisbati – 24:14.
Bekobodda o‘tkazilgan so‘nggi beshta uchrashuv:
03.03.2017 “Metallurg” – “Dinamo” – 0:2
19.09.2015 “Metallurg” – “Dinamo” – 4:2
09.08.2014 “Metallurg” – “Dinamo” – 3:0
16.03.2013 “Metallurg” – “Dinamo” – 0:0
15.06.2012 “Metallurg” – “Dinamo” – 2:1
Raqibimiz: “Dinamo”
Mamlakatimizning nufuzi jihatidan ikkinchi o‘rnida turadigan Samarqandning “Dinamo” jamoasiga 1960 yilda asos solingan. Klub turli yillarda o‘z nomini o‘zgartirib kelgan. 1960-63 yillarda – “Dinamo”, 1963-67 yillarda – “Spartak”, 1967-68 yillarda – “So‘g‘diyona”, 1968-70 yillarda – “Samarqand” FK, 1970-76 yillarda – “Spartak”, 1976-1991 yillarda – “Dinamo”, 1991-93 yillarda – “Maroqand”, 1993-97 yillarda – “Dinamo”, 1997-98 yillarda – “Afrosiyob”, 1998-2000 yillarda – “Samarqand” FK, 2000-2008 yillarda – “Samarqand-Dinamo” va nihoyat 2008 yildan to shu kungacha yana “Dinamo” nomi bilan musobaqalarda ishtirok etib kelayapti.
Klub anchagina boy tarixga ega. Sobiq Ittifoq birinchiliklarida, Kubok o‘yinlarida nomdor jamoalar ustidan irodali g‘alabalarga erishgan, mamlakatimiz Mustaqilligini e’lon qilgach O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida ham muvaffaqiyatli qatnashib kelgan. Biroq turli mavsumlarda barqaror o‘yin ko‘rsata olmaganligi bois quyi ligaga tushib ketgan onlar ham bo‘lgan. Jumladan, “Dinamo” bir yillik tanaffusdan keyin yana oliy ligaga qaytdi. Klub O‘zbekiston chempionatlarida 703 ta uchrashuv o‘tkazib, shulardan 239 tasida g‘alaba qozongan. 125 ta uchrashuvda durang qayd etgan. 339 o‘yinda esa mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Samarqandliklar raqiblari darvozasiga 849 ta to‘p kiritganlari holda, o‘z darvozalaridan 1027 ta to‘p olib chiqishga majbur bo‘lishgan.
Jamoaning oliy ligadagi eng yirik hisobdagi g‘alabasi 2000 yil Angrenning “Semurg‘” jamoasiga qarshi uchrashuvda kuzatilgan – 8:0. O‘z navbatida “Dinamo”ning milliy chempionatimizdagi eng yirik hisobdagi mag‘lubiyati ham 0:8 ni tashkil etadi. 1997 yilda “Neftchi” hamda “Surxon” jamoalari samarqandliklar darvozasiga javobsiz sakkiztadan to‘p kiritishgan.