Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Mestalya»da o‘yin bor

«Mestalya»da o‘yin bor

Baho:
+ | -

Chempionlar Ligasi guruh bosqichi, 5-turidan avval “N” to‘rtligidan boshqa hech bir guruhda ikki yo‘llanma uchun uch jamoaning imkoniyati aynan bir xil emasdi. Bu yerda “Ayaks”, “Chelsi” hamda “Valensiya” klublari bir xil 7 ochkodan jamg‘arishgan. Barchasini shu tur o‘zgartirib yuborishi mumkin. Albatta, bu turda hammasi hal bo‘lmaydi. Biroq, katta ehtimol bilan ushbu turdagi ikki o‘yinda ijobiy natija ko‘rsata olgan jamoalar pley-off yo‘llanmasiga ega chiqishadi. Afisha nuqtai nazaridan balki “Valensiya” – “Chelsi” uchrashuvi telekanallarimiz namoyish etadigan o‘yinlar orasida eng so‘nggi bo‘lib tilga olinar, ammo ahamiyat jihatidan eng avvalida desam ko‘p mubolag‘aga yo‘l qo‘ygan bo‘lmayman, chamamda.

Lempardning “Chelsi”si do‘st-dushmanni hayron qoldirmoqda. Yashirmayman, bir vaqtlar o‘zim ham London klubini millionlab funt-sterling ustiga qurilgan inshoot deb hisoblar edim. Ya’ni, Abramovichning pullari bo‘lmasa “aristokratlar”ning asli o‘rta tabaqa vakili ekanligi oshkor bo‘lib qoladi, degan fikrim bor edi. Yo‘q! Aslo bunday bo‘lib chiqmadi! Frenk jamoaga transferlar cheklovi davrida kelib akademiya va ijaradagi futbolchilardan mavsumdagi eng chiroyli o‘yin ko‘rsatayotgan jamoani tuzdi. Bu yosh tarkibda kim alohida yetakchi ekanini ajratib olishning o‘zi mushkul! APL To‘puararlari old qatorida borayotgan Temmi Abrahammi?! O‘yindan-o‘yinga to‘xtatish qiyin bo‘lib qolayotgan Kristian Pulishichmi?! Istalgan vaqtda, istalgan ko‘rinishda to‘pni oldinga yetkazib berishi yoki o‘zi to‘p bilan jarima maydoniga kirishi mumkin bo‘lgan Meyson Mauntmi?! Yo bo‘lmasa 19-22 yoshli futbolchilar harakatini maydonda muvofiqlashtirib turgan Villianmi?! Qiyin va katta ehtimol bilan aniq bir javobi bo‘lgan savol! Xullas, bu mavsumda “Chelsi” ko‘rsatayotgan o‘yini bilan o‘z muxlislari sonini keskin oshirib olmoqda va neytral ishqibozlarning ham hurmatiga sazovor bo‘lmoqda.

O‘yinni o‘z maydonida o‘tkazadigan “Valensiya” haqida ham ikki og‘iz so‘z. Yaqindagina Maurisio Pochettino iste’foga chiqarilgach, ko‘pchilik bu kutilmaganda ro‘y berganiga urg‘u berdi. Sentyabr oyining avvalida Ispaniyada shunga o‘xshash holat yuz berib ulgurgandi. “Valensiya”ni qisqa inqirozdan olib chiqqan Marselino Toral startdagi salbiy natijalar ortidan iste’foga chiqarildi. (Keyinchalik, uning jamoa rahbari Piter Lim bilan munosabatlari yaxshi emasligi ham alohida ta’kidlandi). Rahbariyat klubga “Qirol kubogi”ni olib bergan, YELda yarim finlgacha olib chiqqan va CHLga qaytara olgan murabbiydan osongina voz kechdi. Uning o‘rnini egallagan Albert Selades hozircha muxlislar rahbariyat qaroridan ortiqcha norozi bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymayapti. Hammasi eng kamida – yomon emas. Garchi klub Laliga turnir jadvalida 10-pog‘onada kelayotgan bo‘lsada, kuchli to‘rtlik bilan oradagi farq 5 ochkoni tashkil qilmoqda. Ispanlar Londonda o‘tgan birinchi davra o‘yinida g‘alaba qozonishgan (0:1). Nega endi buni takrorlamaslik, masalan?!

Xullas, bugun soat 22:45 dan boshlab Futbol TV telekanalida translyasiyasi boshlanadigan o‘yin qiziq o‘tishni va’da qilmoqda. Buning ustiga parallel ravishda boshqa muhim bahslar ham yo‘q. Shunday ekan, o‘yinni o‘tkazib yubormang – birga kuzatamiz!

Orif Tolipov

Manba: Ориф Толипов телеграм канали
Kiritildi: 12:56, 27.11.2019.
O'qildi: 3774 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.