Ayni damda butun futbol ommasi tomonidan Takumi Minaminoning “Liverpul”ga o‘tgani keng muhokama qilinmoqda. Darhaqiat, ushbu futbolchining imkoniyatlari cheksiz, biroq APLda o‘ynab ketishi uchun biroz vaqt talab etiladi. Bugun biz Minaminoga qadar APL havosidan nafas olgan boshqa yaponiyalik futbolchilarni yodga olib o‘tmoqchimiz.
Kadzuyuki Toda
Yaponiyalik futbolchining APLdagi sarguzashtlari juda erta yakunlandi desak, adashmagan bo‘lamiz. 2003-yilda ijara asosida yapon klubidan “Tottenhem”ga kelib qo‘shilgan markaziy himoyachi “Shporlar” safida bor yo‘g‘i 4 tagina o‘yin o‘tkazgan xolos. O‘zi ishtirok etgan 4 ta o‘yinda hamaytarli hech narsani uddalay olmagan himoyachi ( 170 sm bo‘y bilan APLda himoyada turishdan naf yo‘q) Gollandiya birinchiligiga yo‘l oladi. “Den Xag” klubi safida 16 ta uchrashuvda maydonga tushgan yaponiyalik futbolchi bilan klub shartnoma tuzishni istamadi va Toda ortga qaytib ketdi. 2013-yilga kelib esa, Yaponiyaning quyi ligasidagi jamoalardan birida butsalarini mixga ildi.
Muto
O‘tgan mavsumda Yaponiyalik hujumchi uchun “Nyukasl” jamoasi 10 million yevrodan voz kechgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Germaniyaning Mayns klubi safida 3 ta ishonchli mavsumlarni o‘tkazgan hujumchi haqli ravishda APLdan chorlov olgan edi. Afsuski, tumanli albionda uning “ketmoni uchmay qoldi”. O‘tgan mavsumdan boshlab to hozirgi kunlarimizga qadar hujumchi atigi bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu mavsumda o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan hujumchi terma jamoadagi o‘rnini ham yo‘qotib qo‘ydi.
Rio Miyachi
Yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 2009-yildagi JCHdan so‘ng, yaponiyalik futbolchiga bo‘lgan e’tibor birdaniga kuchayib ketdi. Xuddi braziliyaliklar singari kuchli tehnikaga ega bo‘lgan Riyo Miyachi bir yo‘la bir nechta klublar qiziqishiga sabab bo‘lgan bo‘lsada, futbolchi aynan “Arsenal”ni tanladi. Avvaliga Angliyada ishlash uchun viza ola olmagan hujumchi bir muncha vaqtdan so‘ng jarohat ortirib oldi. Keyin esa, uzoq davom etgan ijaralar boshlandi. Gollandiya chempionatidagi omadli mavsum ham uni “Arsenal”da ushlanib qolishiga kamlik qildi. “Bolton” va “Uigen” jamoalaridagi ijaralar ham Arsen Vengerning qarorini o‘zgartira olmadi. Miyachi umumiy hisobda APLning 11 ta uchrashuvida ishtork etgan bo‘lsa, shularning faqat bittasidagina “Arsenal” libosida harakat qilgan.
Inamoto
21 asr boshida xarid qilingan yaponiyalik futbolchi “Arsenal” tomonidan Osiyo bozoriga kirib borish uchun o‘ylangan biznes reja edi xolos. Futbolchining o‘zi ham buni yaxshi tushunib turgani bois,asosiy tarkib uchun kurashib ham o‘tirmadi. 2002-yilda bo‘lib o‘tgan mundialdan so‘ng, Inamotoga APLning “Fulhem” jamoasi safiga borib qo‘shiladi. “Arsenal” safida birorta o‘yin o‘tkazmagan futbolchi “Fulhem”da “gullagan” davrlarini o‘tkazadi va jamoa bilan “Intertotto” kubogida zafar quchadi. Afsuski, keraksiz paytda ortirib olingan jarohat futbolchini safdan chiqardi va u birin ketish klub almashtirishga tushib ketdi. 2006-yilda Angliyadagi faoliyatiga nuqta qo‘ygan yaponiyalik futbolchi yurtiga qaytib ketdi.
Hidyatoshi Nakata
Osiyo qit’asining barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchilaridan biri Nakata ham APL havosidan nafas olganlardan biri. Hidyatoshi yaponiyaliklar orasida birinchi bo‘lib Yevropa klublarida omadli to‘p surgan futbolchi sanaladi. Qahramonimiz “Roma” safida chempionlikni qo‘lga kiritishni uddalagach, chinakam super yulduzga aylandi. 2005-yilda futbolchi ijara asosida “Bolton” klubi safiga borib qo‘shiladi. Ingliz klubi mavsum so‘nggida yarim himoyachining kontraktini sotib olmoqchi ed, biroq yaponiya futboli afsonasi 29 yoshi butsalarini mixga ilishga qaror qiladi. Uning eng kuchga to‘lgan paytida bunday qaror qabul qilganini tushuntirib bera olmadi. Futbolchining o‘zi esa, shunchaki, e’tiborini biznesga qaratmoqchi ekanligini ma’lum qildi xolos.
Shinji Kagava
O‘zining “Borrusiya Dortmund”dagi faoliyati orqali tanilgan yarim himoyachi shaxsan Ser Aleks Fergussonning e’tiborini tortgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas. 2012-yilda 16 million yevor evaziga “qizil iblislar”dan biriga aylangan Kagava ikki yildan so‘ng 8 million evaziga “Borussiya”ga qaytarib yuboriladi.
Maya Yoshida
APLda uzoq yashovchilardan biriga aylangan himoyachi o‘zining tumanli albiondagi 8-mavsumini o‘tkazmoqda. Golland klubidan 3 million yevro evaziga harid qilingan Yoshida “Sautgempton”ning bir necha yil davomida asosiy himoyachisi vazifasini o‘tab kelayotgan edi, biroq “Lester”dan qabul qilib olingan sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng barchasi biroz o‘zgardi. Endilikda “avliyolar” Yoshidani zahira futbolchisi sifatida qabul qilishmoqda. Ko‘ramiz, himoyachi bu bosimni yengib o‘ta olarmikan?!
Shinji Okazaki
“Lester” uchun o‘zining eng kuchga to‘lgan 4 yilini taqdim etgan hujumchi klub tarixidan muqim o‘rin olishi aniq. Doimmo kulib turuvchi mehnatkash yigit ingliz tilini bilmasa ham jamoa o‘yinidan tushib qolmaslikka trishar, bu esa, unga bo‘lgan xurmatning oshishiga sabab bo‘lgan edi. O‘zining “tulkilar” safidagi ilk mavsumidayoq APL chempionligini qo‘lga kiritgan hujumchi gollar borasida maqtana olmaydi. Jamoa uchun 114 ta o‘yinda ishtirok etgan yaponiyalik futbolchi o‘z hisobiga 14 ta gol yozib qo‘ygan xolos. Shunday bo‘lsada, uning maydonda bajargan qora ishini alohida qayd etib o‘tish lozim. Uning “tulkilar tomoshasi”dagi rolini inobatga olsak, APL tarixidagi eng kuchli yaponiyalik futbolchi deb e’tirof etishga haqlimiz.