Gollandiyaning “Ayaks” klubi mana necha yillardan beri jahon futboliga iqtidorli futbolchilarni yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bugun stadion.uz ushbu klub tarixida eng ko‘p daromad keltirgan 5 ta transferni yodga oladi.
Arkadiush Milik
Ba’zan transferlardan yaxshi pul ishlab olish uchun akademiyadagi futbolchilarni uzoq muddat tarbiyalash shart emas. Shunchaki, iqtidorli futbolchilarga o‘yin amaliyoti berishning o‘zi yetarli. Masalan, Germaniyaning “Bayer” klubida o‘zini ko‘rsata olmagan Milik uchun gollandlar 2,8 million (2015 yil) to‘lashdi va unga imkoniyat taqdim etishdi. Qarabsizki, o‘sha yili futbolchi Gollandiya chempionatida 24 ta gol kiritdi va mavsum so‘nggida “Napoli”ga 32 “limon” evaziga sotib yuborildi. Qizig‘I shundaki, “Bayer” atigi bir mavsum to‘liq imkon bermagan futbolchiga Gollandlar ishonishdi va uni yangi darajaga atigi bir mavsumda olib chiqishdi.
Hakim Ziyesh
Marokashlik futbolchi klub tarixidagi eng qimmat xaridlar orasida 8-o‘rinda bormoqda. Bundan to‘rt yil ilgari “Ayaks” “Tvente”ga futbolchi uchun qo‘rqmasdan 11 million yevro to‘lagan edi. Oradan 4 yil o‘tib bu transfer o‘zini to‘liq oqladi deyishga haqlimiz. Birinchidan Ziyesh jamoa safida 160 ta uchrashuvda maydonga tushdi va 48 ta gol va 82 ta assistni amalga oshirdi. Ikkinchidan klubga (Chelsi uni 40 million yevroga xarid qildi) 29 million yevro sof daromad keltirdi. Bundan ortiq omadli transfer bo‘lishi juda mushkul.
Davinson Sanches
«AtletikoNasyonal jamoasidagi o‘yinlari orqali “Ayaks” skautlarining e’tiborini tortgan himoyachi 2016-yilda 5 million yevro evaziga xarid qilinganida, ko‘pchlik uning kelajagiga shubxa bilan qaragan edi. Darhaqiqat, Sanches o‘yin chog‘ida juda ko‘p qo‘pollik ishlatar, taktik juda kuchsiz futbolchi edi. Uning yakka kurashlardagi ustunligi uchungina xarid qilishgandek ko‘ringan edi, biroq aslida barchasi boshqacha ko‘rinish oldi. Gollandiyada atigi bir mavsum o‘tkazganiga qaramay, Sanches “Ayaks” safida tartibli va o‘yinni o‘qiy oladigan himoyachi darajasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Eng qizig‘I shundaki, Sanches “Ayaks” safidagi yagona mavsumida 7 ta gol va 2 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Muxlislar istamagan bo‘lsa, 2017-yilda gollandlar uni “Tottenhem”ga 42 million yevroga pullashdi.
Frenki De Yong
2015-yilda “Villem II” jamoasida 10,3 million yevroga xarid qilingan De Yongning kelajagi porloq ekanligi kundek ravshan edi, biroq uning bu darajaga ko‘tarilishini ko‘pchilik tasavvur qilmagani aniq. “Ayaks” klubi kerakli pallada kerakli summani ayamaslikni biladigan jamoa ekanligi ushbu transferda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jamoa safida 4 yil to‘p surgan Frenki har jabhada o‘sishga erishdi. U jamoaga hujumkor yarim himoyachi bo‘lib kelgan bo‘lsa, “Ayaks” uni markazdagi universal futbolchiga aylantirdi va “Barselona”ga 75 million evaziga sotib yubordi.
Matteys De Ligt
Himoyachi klub akademiyasida naqd 10 yil shug‘ullangani hech kimga sir emas. “Ayaks” uni bolakay davrida o‘z bag‘riga oldi va dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylantirdi. Erik Ten Xag qo‘l ostida YECHL yarim finaliga qadar yetib borgan klubning yulduzi sifatida ko‘zga yaqqol tashlangan himoyachi jamoada uzoq ushlanib qolmasligi aniq edi. Amalda ham shunday bo‘ldi. Jamoa sardori uchun kechgan kurashda “Yuventus” 85 milliondan voz kechdi va barcha da’vogarlarni chetga surib tashladi.